Breaking News

Prezident Ashraf G’ani va “Islomiy Jamiyat” kelisha oladimi?


Balx hokimi general Ato Muhammad Nur va Prezident Ashraf G'ani

Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani va Balx viloyatida 15 yildan beri hokimlik qilib kelgan va o’tgan hafta ishdan olingan general Ato Muhammad Nur o’rtasida ziddiyatlar ancha kuchaygan. Nur ishdan ketmoqchi emas, lekin prezident qarorida qat’iy.

Mozori Sharifda tarafdorlari oldida so’zlagan general Ato Muhammad Nur prezident va bosh vazirni keskin tanqid qilib chiqdi. Bosh vazir Abdulla Adbullani partiyadoshlariga xiyonat qilganlikda aybladi.

General Nur prezidentni xudbin inson deb ataydi. Unga ko’ra, mamlakat rahbariyati islohotlar tarafdori emas va islohotga undayotganlarni o’ziga dushman deb biladi. Generalning ogohlantirishicha, prezident yoki bosh vazir uni hokimlikdan haydash vakolatiga ega emas.

“Zarur bo’lsa, kuch qo’llaymiz”, deydi u.

Ato Muhammad Nur “Islomiy Jamiyat” partiyasining ijrochi raisi. Balxda hokimlikda qolish yoki vazifani tark etish uchun partiya rahbariyati qaror chiqarsa, shuni bajarishga tayyorman, deydi u.

Partiya bundan oldin prezident qarorini bir tomonlama deb qoralab, uni milliy manfaatlarga zid deb hisoblagan edi.

“Islomiy Jamiyat” Afg’onistondagi eng kuchli partiyalardan biri. Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy ushbu harakatga raislik qiladi. U kecha Mozori sharifga kelgan. General Nur bilan muzokara qilishi aytilmoqda.

Afg’onlar hukumat va partiyalar o’rtasidagi ziddiyatli aloqalardan tashvishda. Muammo muzokara yo’li bilan hal qilinishi kerak, deydi ular. Ayrim deputatlar prezident qarorini qo’llab-quvvatlamoqda, ba’zilari esa bu qarorga qarshi.
“Prezident bir kishini ishdan haydasa, boshqalar uni himoya qilib qonunga qarshi chiqishi zarur emas”, - deydi Laylimo Umariy, deputat.

Qonunchi Roziya Mangal nazarida, general Nur hukumatga tahdid qilib hech narsaga erisha olmaydi. Qonunchilar orasida general Ato Muhammad Nurni himoya qilayotganlar ham bor.

“Hukumat layoqatli insonlarning bilim va tajribasidan foydalanishi kerak”, - deydi ular.

Prezident saroyining bildirishicha, Balx hokimi iste’foga chiqqan va uning iste’fosi prezident tomonidan qabul qilingan. Lekin Nur bu iste’fo bundan bir yil avval Ashraf G’ani bilan muzokaralar boshlaganida, ayrim shartlar asosida topshirilganini bildirmoqda.

General Ato Muhammad Nur va Prezident G’ani o’rtasidagi ziddiyatlar 2014-yildan beri davom etmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG