Afg'onistonda Do'stum atrofidagi ziddiyat kuchaymoqda


General Abdul Rashid Do'stum

Afg’onistonning Juzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchi Vitse-prezident Abdul Rashid Do’stumning sudga tortilishini talab qilmoqda. Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, asli jinoyatchi general Do’stumning o’zi, askarlari esa uning buyrug’ini bajargan xolos.

Juzjon sobiq hokimi o’tgan yili general Do’stumni qiynoq va tajovuzda ayblab chiqqan edi.

Ahmad Ishchi hukumatning hozirgacha davom ettirayotgan tergovlaridan rozi ekanini aytadi. Agar prokurorning ishlaridan qoniqmasa, u Prezident Ashraf G’aniga va xalqaro hamjamiyatga murojaat qilishini bildiradi.

Ishchi fikricha, Do’stumning vitse-prezidentlik vakolatlari tergov jarayonida olib tashlanishi darkor. Aks holda tergov ishi tiniq bo’lmaydi, bu xususda qonunga tayanish kerak, deydi u.

Lekin General Do’stum tomoni barcha iddaolarni inkor etib keladi.

Uning Faryobdagi tarafdorlari norozilik namoyishi uyushtirib, mashmashaga nuqta qo’yilishini talab qildi. “Agar hukumat bizning istaklarimizga quloq tutmasa, namoyishlarni kuchaytiramiz”, - deydi ular.

Abdul Rashid Do'stumni himoya qilib chiqqan namoyishchilar
Abdul Rashid Do'stumni himoya qilib chiqqan namoyishchilar

“Milliy Junbish” partiyasi tarafdorlarini tinchlikka chaqirmoqda.

“Namoyishimizdan maqsad siyosiy rahbarlarni yo’q qilish niyatida bo’lgan, hukumatda joylashib olgan tarmoqqa va siyosiy fitnalarga qarshi kurashdir”, - deydi Hikmatullo Quvonch ismli kishi.

“Mamlakatda odamlar qatl qilinmoqda, o’g’irlanmoqda, boshlari tanasidan judo qilinmoqda. Lekin hukumat bunday voqealarga e’tibor bermaydi. To’qilgan siyosiy fitnalar bilan xalqimizni haqorat qilishga harakat qilmoqda”, - deydi Osif Paymon ismli yana bir namoyishchi.

Namoyishchilar “haqiqiy rahbar va xizmatchilarga qarshi uyushtirilayotgan fitna-hujumlarni to’xtatish kerak”, deb chiqmoqda.

Ahmad Ishchi Vitse-prezident general Abdul Rashid Do’stum 25-oktabr kuni Shibirg’ondagi uloq musobaqasidan so’ng uni o’zining uyiga olib ketganini aytgan edi. Ishchi besh kun davomida generalning uyida qamalganini aytadi. Undan keyin milliy xavfsizlik idorasiga topshirilgan. 12-dekabr kuni ozod etilgan va darhol Kobulga qaytgan.

U matbuot bilan bo’lgan suhbatda hukumat va xalqaro tashkilotlardan o’z sha’ni va obro’yini tiklashda yordam so’ragan edi.

63 yoshli Ahmad Ishchi Juzjonning Xo'jadukka tumani yaqinidagi qishloqdan. General Do'stum ham o'sha yerlik. Ular o'rtasidagi kelishmovchiliklar o'spirinlikdan beri davom etayotgani aytiladi, va ayniqsa 1985-1990 yillari avj olgan.

Juzjonda Do'stum armiya boshlig'i bo'lgan paytda Ahmad Ishchi Prezident Doktor Najibullo farmoni bilan yangi armiya markazi ochgan. O’zi esa o'shanda o'nlab askarga rahbar etib tayinlangan edi. Keyinchalik Ahmad Ishchi Juzjon hokimi bo'ldi va "Milliy Junbish" partiyasining iqtisodiy qo'mitasini ham boshqardi.

Ahmad Ishchi Ishchilar guruhi deya tanilgan syosiy harakat liderlaridan biri. Shuningdek, tijoratchi.

XS
SM
MD
LG