Sobiq rasmiy: Ashraf G’ani boshliq hukumat islohotga qarshi


Prezident Ashraf G'ani

2014-yilgi prezident saylovlarida Ashraf G’anini quvvatlab, islohotlar bo’yicha favqulodda vakil bo’lib ishlab, yaqinda bu lavozimdan olingan Ahmad Ziyo Mas’ud vaziyatdan norozi. Mahalliy matbuot (Tolo News) bilan suhbatda Mas’ud rahbariyatni qonunbuzarlikda ayblaydi.

Mas’ud aynan hukumatni tanqid qilgani uchun ishdan bo’shatilganini aytadi. Unga ko’ra, Ashraf G’ani islohotlar tarafdori emas. U o’zining qudrati va kuchini oshirishga urinmoqda, deydi suhbatdosh.

“O’z mavqeini saqlab qolish uchun har qalay usuldan foydalanmoqda”,- deydi Mas’ud.

“Hukumat barcha sohalarda islohot kelishiga harakat qilmaydi. Siyosiy, iqtisodiy, xususan xavfsizlik sohalarida. Hukumatda toliblarni nobud qilish uchun hech qanday siyosiy iroda yo’q. Qo’mondonlarga toliblarga hujum qilmaslik buyurilgan”,- deydi Mas’ud.

Uning nazarida G’ani va yaqinlari toliblarni harbiy bir kuch sifatida, o’ziga homiy o’laroq saqlab qolmoqchi.

Prezidentning hukumat islohoti bo’yicha sobiq favqulodda vakili Mas’ud hozirgi sharoitda barcha vakolat G’anining qo’lida ekanini aytadi. O’rinbosarlari, vazirlar, hokimlar ishlarini o’zi qilayotgani va ular vakolatlarini cheklaganini bildiradi.

“Vitse-Prezident General Abdul Rashid Do’stum vakolatlari cheklandi. Men ham hukumatdan chetlantirildim. Siyosiy guruhlarning ishtiroki cheklangan, siyosiy faollar ishtiroki ozaygan mamlakatda tabiiyki, norozlik ko’lami oshadi. Hukumat inqirozga yuz tutadi”,- deydi Mas’ud.

AQSh vositachiligida tuzilgan “Milliy Birdamlik” hukumati siyosiy kelishuv o’rnida turli to’dalar va xalq orasida ittifoqsizlik urug’ini sochayotganini bildiradi. U, ichki nizolar boshlab ketishidan ogohlantirmoqda.

“Ashraf G’ani umrini xorijda o’tkazdi, lekin uning qilmishini ko’rgan odam, endigina atrof-qishloqdan olib kelingan inson deb o’ylaydi. Endi qavmiy hukumatlar ishga yaramaydi, zamonaviy hukumat tashkil qilinishi zarur”,- deydi Mas’ud.

Mozori Sharifdan tahlilchi Abdul Quddus Qilich siyosiy rahbarlarni yetti o’lchab bir kesishga chorlaydi.

“Rahbarlar o’zlari qudrat tepasida bo’lgani hukumat yaxshi va qudratda bo’lmaganida hukumat yomon bo’lganidan ko’ra, ishning boshida yaxshi o’ylab ish qilsa, tabiiyki xalq ham ularga yon bosadi”,- deydi Qilich.

Tahlilchi nazarida demokratik davlatlarda berilgan va’dalar amalda tatbiq qilinmasa, hukumatga bosim o’tkazish kerak.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG