Breaking News

Daish xudkush hujumchi etib tayyorlagan bolalar

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" safida jang qilgan bolalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00

O’zini “Islomiy davlat” deb nomlagan ekstremist guruh 2015-yilda Pokiston va Afg’onistonda ham faoliyatini kuchaytirib, o’zini Daish Xuroson deya targ’ib qila boshlagan. Guruh Afg’oniston sharqida o’rnashib, a’zolarini ko’paytirgan, jumladan bolalarni yollagan.

“To’qqiz yoshda edim, hozir 12 daman. Bizga suiqasd xurujlarini qanday amalga oshirish haqida videolar ko’rsatishardi”, - deydi Lal Muhammad.

U va akasi Baxti Ali bilan qariyb ikki yil davomida Daish Xuroson guruhi safida bo’lgan, jang qilishni o’rgangan. Endi esa ular normal hayotga qaytishga urinmoqda.

“Amerika Ovozi” muxbiri bolalar bilan Nangarxor viloyati Achin tumanida, ularning uyida gaplashdi. Otasi, mahalliy politsiya boshlig’i, suhbatni kuzatib turdi. Daish Xuroson uyma-uy yurib, odamlarni yollagan.

“Kofirlar musulmonlarga jabr qilgan videolarni ko’rsatishdi. Politsiya va armiyani kofirlarning o’yinchog’i deb, bizni jihodga da’vat etishdi”, - deydi Baxti Ali.

Otasi Taviz Xon jangari to’daga qo’shilishga qaror qilgach, o’g’illarini ham olib ketgan.

“Soqolim o’smagan, 16 yashar edim. Guruh safida bolalar ko’p edi. Agar suiqasd xurujlarini amalga oshirsak, qiyinchiliklar barham topib, to’g’ri jannatga ravona bo’lishimizni aytishgan”, - deb eslaydi Baxti Ali.

Instruktorlar ularni harbiy treningdan o’tkazgan, chiniqtirgan. Quroldan foydalanishni, pistolet, Kalashnikov avtomati va tankka qarshi vositalardan otishni o’rgatishgan. Maqsad bolalarni xudkush hujumchilar qilib tayyorlash edi.

Lal Muhammadni oxir-oqibat jangga olib ketishadi.

“Daish jangchilari menga otishmada qatnashasan, blok postdan turib o’q uzasan, deyishdi. Jang oxirida belimdagi bombani portlatish buyurilgan edi”, - u.

Ammo ular jangni boy berib, chekinadi. Muhammad omon qoladi va uyiga qaytadi.

“Odamlarni so’yib tashlashganini ko’rganmiz. Muqaddas mukofot olamiz deb bir odamni o’ldirishni ham rejalagan edik”, - deydi Baxti Ali.

Ota-o’g’illar uchun pichoq borib suyakka taqaldi. Bir necha kishi bo’lib qochishdi. Hozir ota politsiya bilan ishlaydi, uni himoya qilishadi. Agar Daish Xuroson tumanga qaytsa, ahvolimiz voy bo’ladi, deydi u.

Lal Muhammad va Baxti Ali endi oilasi bag’rida. Ammo Daish safidagi o’nlab boshqa bolalar taqdiri haqida hech kim bilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG