Breaking News

Kobuldagi harbiy akademiya hujumga uchradi


Kobulda joylashgan harbiy o'quv yurtiga qilingan hujum oqibatida 11 askar halok bo'lgan, yana 16 kishi yaralangan.

"Hujumda akademiya emas, uni qo'riqlayotgan harbiy qism nishonga olindi", - dedi Afg'oniston Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Davlat Vaziriy.

Guvohlarning aytishicha, Marshal Fahim Milliy Mudofaa universiteti yonidagi otishma 29-yanvar kuni tonggacha davom etgan.

Xurujda beshta xudkush bombachi ishtirok etgan. Dastlab, ikki kishi binoning kirish qismida o'zini portlatgan. Qolgan uch kishi esa ichkariga kirishga uringan. Askarlar hujumchilarning ikki nafarini o'ldirgan, bittasini hibsga olgan.

Xuruj uchun mas'uliyatni "Islomiy davlat" o'z zimmasiga oldi.

Ushbu hujum poytaxtni larzaga solgan boshqa bir mudhish fojea ortidan ro'y berdi. Shanba kuni yuz bergan xurujda 100 dan ortiq odam halok bo'lgan edi. Yakshanba kuni butun mamlakat bo'ylab motam e'lon qilindi. Qurbonlarning yaqinlariga va yaradorlarga yordam berish uchun dushanba ham dam olish kuni deb e'lon qilindi.

Dushanba kungi xuruj Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo tashrif buyurgan pallaga to'g'ri keldi. U avvalroq Pokistonga ham borgan. Vidodo Indoneziya, Afg'oniston va Pokiston ulamolari ishtirokida maxsus qo'mita tuzib, afg'on inqiroziga tinch yechim topish yo'llarini birgalikda muhokama qilishni taklif etmoqda. Indoneziya dunyoning eng ko'p musulmon aholiga ega mamalakati sanaladi.

Afg'oniston Bosh ijrochisi idorasi harbiy akademiyaga hujum qilgan besh xudkushchi Haqqoniy tarmog'ining a'zolari ekani haqida xabar tarqatdi.

Haqqoniy tarmog'i Tolibonga aloqador guruh bo'lib, Afg'onistondagi ko'plab qonli xurujlar uchun mas'ul ekani aytiladi.

O'tgan yillarga nisbatan sal kamayganiga qaramay, Afg'onistonda Tolibon va Daish jangarilarining so'nggi oylarda, ayniqsa, shimoliy viloyatlarda mahalliy idoralarga hujumlar sonini oshirgani qo'shni Turkmaniston, Tojikiston va O'zbekistonda ham xavotir uyg'otgani sir emas.

Shimoliy Afg'onistondagi mahalliy o'zbeklar Kobul bilan Markaziy Osiyo aloqalari mustahkamlanayotganidan umidvor. Ular nazarida ushbu aloqalarga faqat madaniy va iqtisodiy emas, siyosiy tomondan ham urg'u berish zarur.

Mahalliy o'zbeklar vakili, Vitse-prezident General Abdul Rashid Do'stumning maslahatchilaridan biri Doktor Inoyatullo Bobur Farahmand kuni kecha poytaxt Vashingtonga kelganida bu boradagi fikrlarini "Amerika Ovozi" bilan baham ko'rdi.

Afg'oniston vitse-prezidenti maslahatchisi: Xavfsizligimiz uchun Markaziy Osiyo muhim
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:59 0:00

Ayni paytda AQSh Prezidenti Donald Tramp Tolibon bilan muzokaraga kirmasligini ma'lum qildi. Bu haqda u 29-yanvar kuni BMT Xavfsizlik kengashi vakillari bilan o'tkazgan uchrashuvi paytida gapirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG