Anqarada Afg’oniston hukumatiga qarshi koalitsiya tuzildi


Afg’oniston Vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do’stum (markazda) siyosiy yetakchilar bilan Anqara shahrida.

Afg’onistonda 2014-yilda AQSh vositachiligida tuzilgan “Milliy birdamlik” hukumatiga kirgan rahbarlarning kelisha olmayotgani mamlakatdagi siyosiy vaziyatga salbiy ta’sir qilmoqda. Prezident Ashraf G’ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla o’rtasida ziddiyat barham topmadi.

Markaziy hukumatdan norozi arboblar Turkiyaning Anqara shahrida uchrashib, yangi siyosiy koalitsiya tuzdi. Ular hukumatni isloh qilmoqchi, ammo, deydi kuzatuvchilar, bunday siyosiy birlashmalar vaqtinchalik.

Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy, Bosh vazir o’rinbosari Muhammad Muhaqqiq, Balx viloyati hokimi general Ato Muhammad Nur Turkiyaning Anqara shahrida Afg’oniston Vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do’stum bilan uchrashib, mamlakatdagi siyosiy vaziyat, hukumatni isloh qilish mexanizmlari haqida muzokara o'tkazdi.

General Do’stumga yaqin shaxslarning ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda yana bir qator siyosiy rahbarlar Turkiyaga safar qiladi.

Muloqot ishtirokchilari matbuotda muzokaralar haqida to’liq ma’lumot bermayapti.

“Milliy junbish” partiyasi so’zlovchisi Bashir Ahmad Tayanchning "Facebook" sahifasida yozishicha, arboblar hukumatni isloh qilish niyatida.

“Ular tizimni ag’darish niyatida emas, lekin hozirgi vaziyatdan xalq rozi emasligini ta’kidlamoqda. Ahvolni sadoqat bilan yaxshilasa bo’ladi, finta bilan emas. Xalq fasod, ishsizlik, qashshoqlikdan charchagan. Bunday bir sharoitda siyosiy rahbarlarning birlashishi zarur”, - deb yozadi Tayanch.

Balx hokimi Ato Muhammad Nurning o’z rasmiy sahifasida ma’lum qilishicha, uch tomonlama ushrashuvda shimoliy viloyatlardagi beqarorlik, hukumatdagi muammolar, vaziyatning inqirozli bo’lishida o’zboshimchalik sabab bo’lgani haqida so’z borgan.

Biroq hukumat bu arboblarni hamkorlikka, qonun doirasida faoliyat yuritishga chaqirmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida, bunday siyosiy ittifoqlar davomli bo’lmaydi.

“Agar biz so’nggi 20-30 yildagi vaziyatni tahlil qiladigan bo’lsak, “Vahdat”, “Jamiyat” va “Junbish” partiyalari bir necha bor birlashgan, ammo bu ittifoqlar uzoqqa yetmagan. Muammoning bir qismi shu guruhlar o’rtasidagi kelishmovchiliklardir. Faryobdagi janglar, Kobuldagi qonli to’qnashuvlar ortida shu siyosiy partiyalar turibdi”,- deydi faryoblik tahlilchi Kozim Aminiy.

Hukumatda siyosiy guruhlarga o’rin berilmagani, vakolatlarning cheklangani, bu kabi boshqa omillar “Milliy junbish”, “Islomiy jamiyat” va “Islomiy vahdat” partiyalarining birlashishiga turtki bo’ldi.

Hukumat tomonlardan biriga imtiyoz taklif etsa, yangi ittifoq to’zib ketishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Kozim Aminiy rahbarlarning ham hukumatda bo’lishini, ham hukumatga qarshi ittifoq tuzayotganini qonunga qarshi deb aytadi.

“Agar bir shaxs mahalliy kengashlar yoki parlamentga o’z nomzodini qo’ymoqchi bo’lsa, birinchi bo’lib hukumatdagi ishidan iste’foga chiqishi kerak. Afg’oniston bosh qonunida va hatto saylov haqidagi qonunda shu haqda aniq aytilgan. Yuqori lavozimda ishlayotganlar ham shunga asoslanishi kerak. Tashqi ishlar vaziri, vitse-prezident, bosh vazir o’rinbosari hukumatga qarshi koalitsiya tuzayapti desa, bu juda kulgili gap”, - deydi tahlilchi Kozim Aminiy.

Anqarada uyushtirilgan uchrashuvda pashtunlardan vakil yo’q. Buni pashtunlarga qarshi siyosiy kurash desak ham xato bo’lmaydi, deydi suhbatdosh.

“Bu jarayon hukumat va “Hizbi islomiy” kabi pashtunlar rahbarligidagi siyosiy guruhlarga, ularning manfaatlariga qarshi bir imkoniyatdir. Pashtunlar bu jarayonga qarshi kurashga chaqirishi mumkin”,- deydi Aminiy.

Afg’oniston vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do’stumga yaqin odamlarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, siyosiy rahbarlar yaqin kelajakda Afg’onistonga qaytib, muloqot xulosasi haqida matbuot anjumanida so’zlab beradi.

Bu orada Turkiyaning Anqara shahrida yig’ilgan, hukumatdan norozi afg’on siyosatchilar muzokara natijalarini e’lon qildi. “Afg’onistonni qutqarish koalitsiyasi” deb nomlangan siyosiy birlashma mamlakatdagi siyosiy tartibsizlikka chek qo'yish, tizimni saqlab qolish va milliy ishonchni qayta tiklash yo’lida jadal tarzda ishlashini ta'kidladi.

Guruh bayonotida yozilishicha, mamlakatdagi inqirozni jilovlash uchun “Milliy Junbish", "Islomiy Jamiyat” va “Islomiy Vahdat” partiyalarining boshqaruvi ishtirokida “Afg’onistonni qutqarish koalitsiyasi Oliy Kengashi” tashkil etiladi. Unga har bir partiyadan 10 kishi, jami 30 kishi kiradi. Boshqa siyosiy guruhlarning koalitsiyaga qo’shilishi “Oliy Kengash” maslahati bilam amalga oshishi belgilangan.

Koalitsiya hukumat rahbariyatidan vazirlar va boshqa idoralar ishlariga ortiqcha aralashuvni bas qilishini taklif etadi.

Bayonotda, shuningek, Faryobning Qo’rmoch tumanida Vitse-prezident general Abdul Rashid Do’stumga uyushtirilgan hujum, Kobulda norozi namoyishchilarga qarshi harbiylar hujumi hamda shialarda tegishli "Al-Zahro" masjidiga uyushtirigan xudkushlik xuruji vakolatli komissiya tomonidan tekshirilishi so'ralgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG