Breaking News

Afg'oniston va Pokiston g'animlikdan hamkorlikka o'ta oladimi? Ha, deydi rahbarlar


Islomobod, 15-noyabr, 2014
Islomobod, 15-noyabr, 2014

Afg'oniston va Pokiston uzoq yillik kelishmovchiliklarga barham berishga urinmoqda. Uch kunlik muzokaralar bugun nihoyasiga yetdi.

Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani va Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif ekstremizm va terrorizmga nisbatan birgalikda harakat qilishga so'z berdi.

"Manfaatlarimiz bir - bizga ham, sizga ham tinchlik va barqarorlik kerak",- deydi Navoz Sharif.

"O'tmish o'tmish. Kelajakni o'ylashimiz kerak. Uni esa bir-birimiz bilan kelishmasdan barpo eta olmaymiz",- deydi Ashraf G'ani.

Afg'oniston Pokistonni azaldan Tolibonga boshpana berib, uni zimdan quvvatlaganlikda ayblab keladi. Pokiston esa Afg'onistonni zaif hukumatda, o'z xavfsizligini ta'minlay olmaganlikda ayblaydi. Haqiqat shuki, bugun Tolibon Pokistonda ham juda chuqur ildiz otgan va hokimiyatga tahdid solib keladi.

Pokiston hukumatining bildirishicha, Shimoliy Vaziriston qabilaviy hududida terrorizmga qarshi harakatlar samara bermoqda.

Iyun oyidan beri, deydi general-mayor Osim Salim Bajva, 1200 dan ortiq jangari yo'q qilindi. 200 ga yaqin harbiy ham halok bo'lgan.

Bu mintaqada Tolibon va u bilan hamkorlik qiladigan O'zbekiston Islomiy Harakati va Islomiy Jihod Ittifoqi singari guruhlar yashiringan. Bugungi kunda ular ancha zaiflashgan, deydi harbiylar.

Biroq bu to'dalar hozirda Suriya va Iroqda jang qilayotgan "Islomiy davlat" terror tizimini quvvatlamoqda.

"Islomiy davlat" Lashkari-Jangvi va Ahli-Sunnat va Jamoat guruhlarini o'z safiga qo'shilishga chaqirgan.

Pokiston hukumati bu o'zgarishlarga nisbatan nima qilmoqchi ekani haqida biror bayonot bermagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG