O'zbekiston Afg'oniston va Pokiston bilan aloqalarni jonlantirmoqda


Jalolobod, Afg'oniston

O’zbekistonda Afg’oniston rasmiy delegatsiyasi bilan muzokaralar o’tgan. Tomonlar hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olgan. Toshkent afg’on mojarosiga tortilgan tomonlardan biri bo’lmish Pokiston bilan ham muloqotni jonlantirgan.

O’tgan hafta Bosh vazir o’rinbosari Ulug’bek Ro’ziqulov Pokistonga safar qilib, Pokiston rahbarlari bilan uchrashgan. Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif O’zbekistonga taklif qilingan.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentda Afg’oniston prezidentining iqtisodiy masalalar bo’yicha maslahatchisi Humoyun Qayumiy, Markaziy Osiyo va Rossiya bilan munosabatlar bo’yicha maxsus vakil Shokir Korgar bilan gaplashgan.

Tashrif o’zbek-afg’on hukumatlararo komissiyasi majlisi doirasida amalga oshgan. Savdo, transport, energetika va qishloq xo’jaligi sohasida birga ishlash xususida fikr almashilgan.

Bu - afg’on delegatsiyasining O’zbekistonda hokimyat almashishi ortidan ikkinchi safari. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg’onistonga yirik shartnomalar imzolash uchun delegatsiya jo’natishi haqida gapirib o’tgan edi. Hozircha bunday safar haqida ma’lumot yo’q, ammo rishtalar faollashgan.

Afg'on delegatsiyasi Toshkentda bo'ldi
Afg'on delegatsiyasi Toshkentda bo'ldi

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida, O’zbekiston Afg'oniston ustida qudratli davlatlar raqobatiga qo’shilmagani ma’qul.

“Vaziyat Afg’oniston xalqining o’zi hali mavjud ziddiyatlar bo’yicha bir to’xtamga kelmaganini ko’rsatmoqda. Mamlakatda barqarorlik o’rnatilishi mintaqa davlatlarini vositachilik tashabbusiga bog’liq emas. Bu masalani AQSh, Rossiya, Xitoy va mojaroga tortilgan boshqa qudratli davlatlar o’zaro hamkorlikda, ularning yordamida hal qilinishi kerak”, - deydi Tolipov.

O’zbekiston Afg’onistondagi vaziyatdan uzoq yillardan buyon xavotir bildirib keladi. Afg’oniston shimolida millionlab o’zbeklar yashaydi.

“Karimov davridan boshlab turli tashbbuslar bilan chiqilgan, masalan 6+2, 6+3 singari. Bu jarayon yangi emas, lekiin bilamiz, hozirgacha Afg’onistondagi beqarorlik bartaraf etilmadi. Shuning uchun ham men bunday tashbbuslarga tanqidiy qarayman”, - deydi Tolipov.

Rossiyalik ekspert Andrey Sirenko:

“O’zbekiston buyog’iga afg’on maslasida yanada faolroq bo’ladi. Yangi tashbbuslar bilan chiqishda davom etadi. Bu Toshkentning Afg’oniston jarayoni bo’yicha ketayotgan muzokaralarda mintaqadagi asosiy o’rinni egallash pozitsiyasini anglatadi. O’ylashimcha, bular O’zbekistonning yangi rahbari bilan bog’liq. U bu borada Karimov davridagidek ko’proq soyada turmoqchi emas. So’nggi tashabbuslar Toshkent pozitsiyasida aniq o’zgarishlar bo’layotganini ko’rsatmoqda”.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG