Breaking News

Jurnalist Akrom Malikov ustidan chiqarilgan hukm o'zgarishsiz qoldirildi


Akrom Malikov

Qamoqdagi yosh olim, jurnalist Akrom Malikov ishini shikoyat tartibida ko’rib chiqqan Toshkent viloyat sudi avvalgi hukmni o’z kuchida qoldirdi. Bu ishni kuzatayotgan huquq himoyachilari Malikovning yaqinlari iltimosiga ko’ra sud zaliga kirishmagan. Abdulloh Nusrat taxallusi ostida yozilgan maqollari bilan tanilgan Akrom Malikov konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda, diniy ekstremizmda ayblanib, shu yilning yanvar oyida 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Akrom Malikov ozodligi xalqaro tashkilotlar tomonidan talab qilinayotgan va ayni paytda qamoqda qolayotgan jurnalistlardan biri.

Huquq himoyachisi A`zam Turg’unovning aytishicha, Malikovning qarindoshlariga keskin bosim o’tkazilgan. Hukm o’zgarishsiz qoldirilgach, yaqinlariga Oliy sudga shikoyat bilan murojaat qilish yoki mart oyi oxirlarida kutilayotgan amnistiyaga harakat qilish tavsiyasi berilgan.

“Ertalab kelgandik, soat 11 larda deyishgandi, tushdan keyinga qoldirishdi, mana hozir chiqishdi, otasi bizga ajrimni ko’rsatmadi, lekin hukm o’zgarishsiz qoldirilgan. Mahkama boshlanishidan oldin bizdan iltimos qilishgan edi, kirmanglar, bizga hammasi yaxshi bo’ladi deb va’da berishyapti, deb. Biz kirmadik. Shuning uchundir bizga ajrimni ko’rsatishmadi, lekin sud avvalgi qarorni o’zgarishsiz qoldirgan, qarindoshlariga Oliy sudga shikoyat qilish yoki mart oyida kutilayotgan amnistiyani kutish tavsiya qilingan. Uning ota-onasi qo’rqitilgan, birovga murojaat qilsanglar muhlat qo’shib beramiz deyishgan. Avvalgi o’tgan sudda mahalladan, hatto universitetdan ham Akromga nisbatan juda yaxshi tavsiyalar berilgan, lekin sudya bularni mutlaqo inobatga olmayapti. Mana prezidentimiz muruvvati tufayli deb sud zalidan o’g’rilik, bosqinchilik bilan tushganlarni chiqarib yuborishyapti, ammo hozir jamiyatga kerak bo’lgan bolalar qamoqdan chiqarilmayapti. Akrom jinoyatchi emas, navoiyshunos olim, kitoblari chiqqan, ko’rdim ilmiy ishlarini”, - deydi A`zam Turg’unov.

Akrom Malikov ishi bo’yicha shikoyat tartibidagi mahkamaning birinchisi 9-fevral kuni o’tgan, bu jarayonda qatnashgan mahalla imomlari, nashriyot xodimlari sudda Akromning ekstremizm g’oyalaridan uzoqligi, islomni yaxshi tushunishi haqida ko’rsatma berishgan, hatto mahalla oqsoqollari kafillik bildirilgan.

Huquq himoyachisi Malohat Eshonqulovaga ko’ra, ko’pchilik bugun Akrom Malikovning sud zalidan ozod etilishini kutgan, mahkamaga uning kursdoshlari, do’stlari kelishgan.

“Boshini silab, yuziga tarsaki tortishdi, bularni yupatib. Lekin domlalari, kursdoshlari, mahalladan kelishgan, hamma ijobiy fikrda edi. Alisher Navoiy bo’yicha o’tkazgan tadqiqotlari, Navoiyning kitoblari ham olib kelingan edi, hamma uni sud zalidan ozod qilinishini kutayotgan edi. Lekin mahkamada sabr qilasizlar, hammasi yaxshi bo’ladi, mana prezidentimizning amnistiyasi kutilyapti, shunga harakat qilinglar, deyishibdi. Sudda prezident amnistiyasini kutasiz degan gap yo’q-ku. Shunday qilib hukmni o’z kuchida qoldirdi, Navro’z munosabati bilan chiqadigan amnistiyada chiqishi mumkin deb. Avvalgi mahkamada qatnashganlar hammasi, hatto mahalla imomi ham Akrom dinni juda yaxshi tushunadi, ekstremizmga aloqasi yo’q, deb ko’rsatma bergan edi”, - deydi Malohat Eshonqulova.

Yanvar oyida 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Akrom Malikov, huquq faollariga ko'ra, muxolifatdagi O’zbekiston xalq harakati saytida maqolalar e`lon qilgani, shuningdek, harakat rahbari Muhammad Solih bilan aloqada bo’lgani uchun sudlangan.

Avvalroq, 12 ta xalqaro huquq tashkiloti hibsdagi jurnalistlar Akrom Malikov, Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinovlarni ozod etishni so’rab, O’zbekiston hukumatiga murojaat bilan chiqishgan edi. Akrom Malikov ustidan o’tgan shikoyat mahkamasi aynan shu murojaat ortidan kuzatilmoqda.

Hibsdagi jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinovga nisbatan ochilgan jinoyat ishida ham ularning jurnalistik faoliyati bilan bog’liq maqolalar asosiy ayblov sifatida keltirilgan. Yaqinda esa namanganlik bloger Abbos Nasriddinov ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishida Bosh vazir Abdulla Aripov iste’fosini talab qilgani uchun mahkamaga tortildi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG