Breaking News

Amerikada musulmonlarning yangi avlodi yetakchilikni qo’lga olmoqda


Amerikada musulmonlarning yangi avlodi yetakchilikni qo’lga olmoqda
Amerikada musulmonlarning yangi avlodi yetakchilikni qo’lga olmoqda

Ular e’tiborni din yoki uni himoya qilishga emas, balki konkret muammolarga qaratishga urinayapti.

Janubiy Kaliforniya Universiteti qoshida ish boshlagan markaz musulmon liderlar yetishtirishni maqsad qilgan. Bu institut avvalo dinning tanqidga uchrash hollarini bartaraf etmoqchi.

Musulmonlar biror ishga qo’l urmoqchi bo’lsa, deydi bu yoshlar, darrov din haqida gap ochiladi.

Masalan, Nyu-Yorkda yangi madaniy markaz qurish loyihasi. Musulmonlar kun-sayin ko’payib borayotgan bu jamiyatda odamlar islom haqida kengroq ma’lumotga ega bo’lishi kerak, deydi Xurram Zamon.

“Musulmonlar nima uchun har safar o’zini himoya qilishga majbur bo’lishi kerak? Hozirgi muammomiz, menimcha, kuchli yetakchilar yo’qligi. Biz bu jamiyatda qanday o’ringa ega bo’lmoqchimiz? Amerikaning bir qismimiz axir, buni unutmaslik kerak. Fuqaromiz”.

Bu yoshlar turli soha egalari. Kimdir diniy tashkilotlarda faollik ko’rsatadi, kimdir esa umuman boshqa jabhalarda ishlaydi. Masalan, Samar Ahmad Ogayo shtatida jinsiy zo’ravonlikka qarshi kurashuvchi markaz xodimi.

“Lider bo’lish uchun xalqni qiynayotgan masalalarni bilish, tushunish kerak. Yetakchilik muammolarga yechim taklif qilish, yo’l ko’rsatish degani. Amerika musulmonlari nomidan mana biz deb gapiradigan odam yo’q. Men o’zim jinsiy zo’ravonlikni qabih jinoyat deb bilaman va shu masalani ko’tarib chiqayapman”, - deydi Samar Ahmad.

Yosh musulmonlar bir-biri bilan asosan internet orqali aloqada. Altmuslimah.com degan sayt muslimalar hayotini yoritadi. Ijtimoiy mavzularga diqqat qaratadi. Asma Uddin uning bosh muharriri. Yurtga tanilgan jurnalist.

“Saytimiz oila, turmush, ota-onalik, farzand va tarbiya singari nozik masalalar haqida. Jins va jinslararo munosabat jamiyat negizi axir. Ko’plab muammolar shunga taqaladi”.

Amerika musulmonlari turli irq, elat va mazhab vakillari. Din ularni birlashtiruvchi kuch, lekin odamlarni bog’lovchi boshqa omillar bor.

Amerikada tug’ilib o’sganlar va muhojir bo’lib kelganlar orasida farq katta, ayniqsa, dunyoqarashga kelganda. Islomga yangi kirganlar ham ko’p. Megan shulardan biri:

“Men Nyu-York Universitetidagi islomiy markazdan chiqqanman. Faxrlanaman bu bilan. O’ziga xos bir guruh vakiliman. Hayotga boshqacha qarayman. Men kabilarni ko’p uchratasiz”.

Kaliforniyada ulg’aygan Asma Min ham fikrlar va yondashuv xilma-xilligi haqida gapiradi.

“Uchrashib turgan yaxshi. Mana shu markazga yig’ilganlarning hammasi dunyoqarashi juda keng, boy odamlar. To’g’risini aytsam, ota-onalarimizni qanchalik yaxshi ko’rmaylik, ulardan ancha farq qilamiz. Biz musulmonlarning yangi avlodimiz desak, xato qilmayman. Shu yerda tug’ilib, esimizni taniganmiz. Avvalo amerikalikmiz. Mana shu hissiyot, nazarimda, eng ustuvor narsa”.

Bu yoshlar o’zini erkin fikrlovchi insonlar deb biladi. Bir-biridan o’rganishni istaydi.

Bunday qilmasak, deydi Detroyt shahridan chiqqan Said Muhiddin, oldinga siljish qiyin. Hayotga ochiq ko’z bilan qarash kerak, deydi u.

“Men musulmonman, bu menga yot narsa deb chetda qarab tura olmaymiz. Muammolar ildizi dinda emas, odamlarning o’zida. Masalan, savodsizlik yoki qashshoqlikka qarshi kurashda e’tiqodni ro’kach qilmang”.

Muammolar din tanlamaydi, deydi bu yoshlar, shu jamiyatda yashayapsizmi, hayot yaxshiroq bo’lishi uchun o’z hissangizni qo’shing.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG