AQSh shaharlari bo'ylab islomga qarshi va uni quvvatlovchi namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda musulmonlarga va islomga qarshi chiqishlar, 10-iyun, 2017

Namoyishlarda odamlar ikkiga bo'lingan: bir tomon islom demokratiyaga qarshi deya hayqirsa, ikkiinchi tomon musulmonlarni kamsitmang, deydi.

ACT deb nomlangan guruh uyushtirgan anti-islomiy chiqishlarga ko'ra, shariat - Amerika jamiyati va davlatchiligiga ulkan tahdid.

Bu namoyishchilar Prezident Donald Tramp to'g'ri siyosat yuritayotganini aytib, musulmonlarga bosimni oshirishga, so'z erkinligi va Amerikaga xos qadriyatlarni olg'a surib, ular nazarida "ekstremizmga yetaklovchi omillarga toqat qilmaslikka" chaqirmoqda.

Bunda ular ayollarning yopinib yurishi, xotin-qizlarning erkaklardan pastga qo'yilishi, ularga zaifa deb murojaat qilinishi va AQSh shahar va qishloqlarida musulmon ulamolar o'zlari bilganicha tartib-intizom joriy etishini qoralamoqda.

Nyu-Yorkda shu kunlarda ACT faollari ko'chalarga chiqib, musulmonlarni nazorat qilmaslik shariatga yo'l ochishdir, deya bong urdi.

Nyu-York ko'chalarida
Nyu-York ko'chalarida

​Islomga qarshi namoyishchilardan biri ​Paks Hart deydiki, bugungi Amerika hammani hurmat qilishni shu qadar odat qilganki, hozirga kelib mutaassiblikka qarshi gapirib bo'lmaydi qoldi. Siyosiy jihatdan konservativ qarashdagi odamlar atrofdagi o'zgarishlarga nisbatan o'z fikrini bildirsa, deydi u, ularga xavf sifatida qarashadi. Vaholanki, deydi Hart, musulmonlar Amerika qadriyatlarini, jumladan jinsiy erkinlik, so'z va matbuot erkinligini hurmat qilmay bemalol yashab yuribdi.

Shariat man etilsin deya hayqirayotganlar orasida o'zini oq tanli millatchilar deb tanishtiruchi amerikaliklarni ham ko'rasiz. Ular deydiki, Amerika nasroniy, shu bilan birga dunyoviy jamiyat, shariatga bu yerda o'rin yo'q va hech qachon bo'lmaydi.

Ko'chaning narigi tarafida esa yuzlab odamlar "fashistlarga Nyu-Yorkda joy yo'q", deya plakatlar ko'tarib olgan. Ularning ovozlariga ko'ra, hech kim Amerikada shariat joriy etayotgani yo'q. AQSh diniy erkinlikka asoslangan jamiyat va musulmonlar ham to'laqonli fuqarolardir.

Namoyishlarni politsiya yaqindan kuzatmoqda. Odamlarning chiqishga haqqi bor, deydi rasmiylar, lekin to'polon va zo'ravonlikka yo'l qo'yilmaydi.

Harrisburg, Chikago, Ostin va San Bernardino singari 20 dan ziyod shaharlarda namoyishlar avjida.

Sietlda namoyishlar
Sietlda namoyishlar

“Radikal odamlar ko'paygan", - deydi Deniz Zamora, ACT faoli.

“Biz musulmonlarga qarshi emasmiz. Lekin musulmonlarning o'zi musulmonlarni o'ldirmoqda. Biz ularni himoya qilib, vatanimizdan joy berayapmiz. Keyin esa ular bizga hujum qilmoqda", - deydi u.

Zamoraning fikriga qo'shilmaydiganlar esa har bir jinoiy holatni alohida tahlil qilishga, musulmon qilgan ishni terrorizmga tenglashtirishga shoshmaslikka undaydi. ACT faollari esa o'tgan yillar ichida musulmonlar ayblangan va sudlangan ishlarning hammasi terrorizmdir, deya qayd etadi.

Politsiyaning izohicha, chiqishlarda hamma bor: Trampchilar va unga qarshilar, ekstremizmga qarshilar, diniy va siyosiy erkinlik targ'ibotchilari, musulmonlar, nasroniylar, dinsizlar, barcha irq va xilma-xil elatlarning vakillari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG