Eron oliy peshvosi: AQSh Saudiya Arabistonini sog'moqda

  • Amerika Ovozi

Oyatolla Ali Xomeneiy, Tehron

Qo'shma Shtatlarni hamon dushman davlat sifatida ko'radigan Eron oliy peshvosi Oyatulla Ali Xomeneiy fikricha, o'zini islom yuragi deb hisoblaydigan al-Saud qirolligi o'zini allaqachon Amerikaga sotib bo'lgan.

AQSh Saudiya Arabistonini sog'moqda hisob, deydi oyatulla.

Uning nazarida, qirollik o'z boyligini, ya'ni neftini, kofirlar va g'animlar bilan baham ko'radi. Shuningdek, mamlakatda AQSh harbiy bazalari joylashgan. Bundan unga mo'may daromad keladi.

"Ahmon Saudiya hukumati dushmanlar do'stligini pulga sotib olmoqda", - deydi oyatulla, fors axborot vositalari tarqatgan xabarda.

Xominiy deydiki, islomiy saltanat musulmonlarga zulm o'tkazib, musulmon bo'lmaganlarga esa ehtirom ko'rsatadi.

AQSh rahbari Donald Tramp yaqinda Saudiya Arabistoni bilan 110 milliard dollarlik harbiy shartnoma imzoladi. Unda qurol savdosi ko'zlangan.

Shia Eron va sunniy Saudiya Arabistoni bir-biriga dushman. Ular Suriyadagi urushda bir-biriga qarshi tomonlarni quvvatlab kelmoqda. Yaman va Yaqin Sharqning boshqa qismlarida ham bu davlatlar g'animlar tarafida.

Riyod pozitsiyasi shuki, Bag'dod, Damashq va Sano singari qadim musulmon poytaxtlarda shialar hokimiyatga kelmasligi kerak. Tehron esa buning aksini qayd etadi.

Tramp 21-may kuni Riyodda 50 dan oshiq mamlakatdan kelgan musulmon rahbarlar oldida so'zlab, terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishga va diniy birdamlikka chaqirdi.

Amerika musulmon dunyosi bilan yangicha koalitsiya qurishni istaydi. Unga kirganlar ekstremizmni ildizi bilan yo'q qilishga bel bog'lashi va bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozim, jumladan islom ahli.

"Bu dinlararo, e'tiqodlararo, madaniyat yoki oqimlararo urush emas", - deydi Tramp. "Bu insoniyatga qarshi jinoyatlar qilayotgan qonxo'rlar va barcha dinlarning iymonli vakillari orasidagi kurash".

Tramp odatda "radikal islomiy terrorizm" degan iborasi bilan tanilgan, lekin bu safar uni qo'llamadi. "Islomiy ekstremizm va islomiy terror guruhlari olib borayotgan dahshatli harakatlarni" bartaraf etishga undadi.

"Amerika suveren davlat. Xavfsizlik va tinchlikni ta'minlash uchun barcha chorani ko'ramiz. Biz sizga aql o'rgatmoqchi emasmiz. Qanday yashashingiz, nima qilishingiz, kim bo'lishingiz, kimga va nimaga qanday sig'inishingiz - o'zingizning ishingiz. Mushtarak manfaatlar, qadriyatlar va maqsadlar yo'lida yaqindan birga ishlaylik. Har safar terroristlar begunoh insonlarni o'ldirganida, xudoni ro'kach qilganida, har bir e'tiqod vakili uchun haqoratdir".

"Terrorizm yer yuzi bo'ylab tarqalgan. Barcha dinlarning boshi shu yerda", - dedi Tramp Yaqin Sharq sarhadiga ishora qilib. "Bu muqaddas tuproq. Amerika siz bilan yonma-yon turib, xavfsizlik va o'zaro manfaatlar uchun kurashadi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG