Breaking News

Bayden qurol xaridorlarini tekshirishni kuchaytirishga farmon chiqardi


AQSh Prezidenti Jo Bayden farmon chiqarib, federal agentliklarga to’qqiz oy oldin kuchga kirgan qurol nazoratiga doir qonun ijrosini kuchaytirishni buyurdi. Har ikki partiya qonunchilari qo’llab-quvvatlagan hujjat qurol xaridorlari shaxsiga doir surishtiruvni kengaytirishni, ehtimolan xavfli hisoblangan odamlarni qurolidan vaqtincha ayirishga doir qoidalarni kuchaytirishni ko’zda tutadi.

Xalqaro hayot - 15-mart, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:12 0:00

Ikki oy oldin bir odam xitoycha Yangi yil bayrami paytida o’t ochib, 11 kishini o’ldirdi, 9 odam yaralandi.

“San-Gabriel vodiysida joylashgan Monterey Park shahrida, osiyolik-amerikaliklar jamoasi markazida ro’y bergan fojia mamlakatimizdagi har bir inson yuragiga pichoq bo’lib qadaldi”, - degan edi o’shanda Bayden.

Qurol zo’ravonligini cheklash maqsadida Amerika rahbari to’qqiz oy oldin imzolangan qonun ijrosini kuchaytirishga qaratilgan farmonga qo’l qo’ydi. Demokrat va respublikachi qonunchilar hamkorligida qabul qilingan qonun 21 yoshgacha bo’lgan qurol xaridorlari shaxsiga oid ma’lumotlarni kengroq surishtirishni, qurollarni shtatlararo noqonuniy olib o’tish amaliyotiga qarshi kurashni o’z ichiga oladi.

“Ushbu farmonda adliya vaziriga shaxsiy ma’lumotlarni yangi qonun qabul qilmasdan sinchkov surishtirish uchun barcha qonuniy choralarni ishga solishni buyurdim”, - dedi Bayden.

Qurol nazorati targ’ibotchilari prezident farmonini olqishladi.

“Qonun asosan foyda ko’rish maqsadida qurol sotayotgan odamlarga bu ish bilan shug’ullanish uchun litsenziyalangan diler bo’lishni va qurollarni shaxsiy ma’lumotlari surishtirilgan odamlarga sotishni taklif etadi”, - deydi ana shunday faollardan biri Mark Kollins.

O’tgan yili qabul qilingan “Xavfsizroq jamoalar haqidagi qonun”da sudlangan maishiy zo’ravonlarga qurol sotib olishni taqiqlovchi qoidalarni qabul qilish uchun shtatlarga federal mablag’ ajratish, zo’ravonliklarning oldini olishga qaratilgan dasturlar va ruhiy salomatlik xizmatlari uchun qo’shimcha pul berish ko’zda tutilgan.

Bayden qonunchilarni faolroq bo’lishga undar ekan, hujumkor qurollar savdosini man qiluvchi, ammo muddati o’tgan qonunni tiklashga, qurol sanoatini da’volardan himoya qiluvchi qonunni bekor qilishga chaqirmoqda. Kuzatuvchilar buni Amerika qurol siyosatida burilish deb atamoqda.

“Qurol xavfsizligi uchun harakat demokrat qonunchilarni ushbu masalada chora ko’rishga undashni yaxshi amallayapti. Nazarimda, Milliy qurol uyushmasi lobbisining qudrati so’nib boryapti. Demokrat siyosatchilarni oldingiday qo’rquvda ushlab turgani yo’q”, - deydi Ogayodagi universitet dotsenti Mett Lakomb.

Respublikachilar son jihatdan ustun Vakillar palatasida qurol nazoratiga doir qo’shimcha qonun qabul qilinishini kutmayotgan faollar nazarida, Bayden ko’proq farmonlar qabul qilishi kerak. Jumladan qurol zo’ravonliklari paytida federal hukumat harakatlarini muvofiqlashtiruvchi mas’ul shaxsni tayinlash va qonunni takror buzgan qurol savdogarlarini litsenziyadan ayirishga mas’ul federal agentlik siyosatini yuritish uchun.

Amerikada jon boshiga 1,2 ta, mamlakat bo’ylab esa 390 millionta qurol bo’lsa-da, Amerikaning qurol nazoratiga oid qonunlari dunyodagi boshqa sanoatlashgan mamlakatlarga qiyoslaganda ancha bo’sh hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG