Breaking News

Baydenning Isroil, G'arbiy Sohil, Saudiya Arabistoniga safari


AQSh Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni qirolining o'g'li, valiahd shahzoda Muhammad bilan so'rashyapti
AQSh Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni qirolining o'g'li, valiahd shahzoda Muhammad bilan so'rashyapti

AQSh va Isroil rahbarlari Eronning yadroviy siyosatidan taralayotgan tahdid darajasini turlicha baholamoqda. Prezident Jo Baydenning Isroilga tashrifi chog’ida Eronning yadro qurolini yaratishga qaratilgan dasturiga hamkorlikda to’siq qo’yishni ko’zda tutgan xavfsizlik kelishuvi imzolandi.

Xalqaro hayot - 15-iyul, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:07 0:00

Isroil Bosh vaziri Yair Lapid nazarida, Tehronni bu yo’ldan yolg’iz kuch bilan qaytarish mumkin.

“Diplomatiya ularni to’xtatmaydi. Eron yadro dasturini rivojlantirishda davom etgani uchun erkin dunyo unga qarshi kuch qo’llashini bilsagina, bu yo’ldan qaytadi. Eronni to’xtatishning yagona yo’li uni haqiqiy harbiy tahdid bilan yuzlashtirish”, - dedi Lapid.

Baydenga ko’ra, yadro qurolidan xoli Eron AQSh va Isroil xavfsizlik manfaatlari uchun muhimdir, biroq…

"Bunga erishishning eng yaxshi yo’li diplomatiya ekaniga ishonishda davom etaman”, - dedi Bayden.

Isroil sanksiyalarni yumshatish evaziga Eron yadro dasturini cheklashga qaratilgan 2015-yilda imzolangan xalqaro shartnomaga qarshi. Qo’shma Shtatlar bitimdan chiqqan Tehronni Venadagi bilvosita muzokaralar orqali unga qaytarishga harakat qilmoqda.

Tehron yadro dasturining tinch maqsadlarga hamda elektr quvvatini ishlab chiqarishga qaratilganini aytib keladi.

Bayden va Lapid “Qo’shma xavfsizlik bo’yicha Quddus bayonoti”ini imzolashi ketidan Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bunga munosabat bildirdi.

“Amerikaliklar va ularning mintaqadagi ittifoqchilariga shuni aytmoqchimanki, Eron xalqi mintaqada hech qanday inqiroz yoki beqarorlikni qabul qilmaydi. Mintaqada yo’lga qo’yilgan har qanday xatoga qattiq javob beramiz”, - dedi u.

Bugun Eron harbiy dronlar bilan jihozlangan ilk kemasini namoyish etdi. Hind okeanida harakatlanadigan bunday flotga qancha kema kirishi ma’lum emas, biroq bitta kemada 50 tagacha dron bo’lishi aytilmoqda.

Eron dron texnologiyasi bobida dunyoda yetakchi mamlakatlardan bo’lib, uning dronlari Yaman va Suriyada faol qo’llanmoqda.

AQShning da’vo qilishicha, Rossiya Ukrainadagi harbiy amaliyoti uchun Erondan yuzlab dron sotib olmoqchi. Tehron va Moskva bu da’volarni inkor etdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kelasi seshanba kuni Tehronda bo’lib, Eron va Turkiya prezidentlari bilan muloqot qiladi.

Eronni jilovlash maqsadida Vashington Isroilni qo’shni arab mamlakatlari bilan yaqinroq aloqa qilishga, umumiy havo mudofaasi tizimini yaratishga undamoqda.

“Shunda har bir davlatda javob berishga ko’proq vaqt, ko’proq imkoniyat bo’ladi. Bu AQShga ham mojarolarni jilovlashga yetarlicha vaqt beradi”, - deydi Tel-Avivdagi Bar-Ilan universiteti siyosatshunosi Jonatan Raynold.

Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va toza energiya mavzularida gaplashish uchun payshanba kuni Bayden va Lapid Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlari bilan virtual muloqot qildi.

Bugun esa Jo Bayden Iordan daryosining g’arbiy sohilida joylashgan Baytul-Lahm shahriga borib, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashdi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, bu shunchaki hurmat tashrifi, Baydenda Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarini jonlantirish rejasi yo’q. Shunga qaramay, Bayden AQSh Falastin davlatchiligi g’oyasidan voz kechmaganini ta’kidladi.

"Muzokaralarni jonlantirishga hozir sharoit bo’lmasa-da, AQSh va ma’muriyatim falastinliklar va isroilliklarni bir-biriga yaqinlashtirish harakatlaridan qaytmaydi”, - dedi Bayden.

Abbos AQSh-Falastin aloqalarini yaxshilash uchun Baydenga qator shartlar qo’ydi.

"Sharqiy Quddusda AQSh konsullik xizmati faoliyatini tiklang, Falastin ozodlik tashkilotini AQShning terrorchi guruhlar ro’yxatidan olib tashlang, chunki biz terrorchi emasmiz; tashkilotning Vashingtondagi idorasini qayta oching”, - dedi Abbos.

Bayden Falastinga iqtisodiy va texnik ko’mak, Sharqiy Quddusda falastinliklarga xizmat ko’rsatuvchi kasalxonalar uchun an’anaviy 100 million dollarlik xayriya va’da qildi. Qo’shma Shtatlar, shuningdek, 2023-yilgacha G’arbiy Sohil va G’azoda telekommunikatsiya tarmoqlarini 4G darajasiga ko’tarishni rejalamoqda.

Bayden ma’muriyati sobiq prezident Donald Tramp paytida Falastin uchun muzlatilgan yordam dasturlari jonlanganini e’lon qilarkan, BMT orqali falastinlik qochqinlarga yordam uchun qo’shiimcha 201 million dollar ajratilishini ma’lum qildi.

Bayden o’tirgan avtokarvon Quddus ko’chalaridan o’tarkan, Falastin bayroqlari va Isroil harbiylari o’qidan o’lgan falastinlik jurnalist Shirin Abu Aqla suratlarini ushlab turgan odamlar unga norozilik bildirdi.

Arablar AQSh ma’muriyati Isroilni muxbirning o’limi uchun qoralamaganidan norozi. Vashington Aqlani Isroil harbiylari otib o’ldirganini taxmin qilarkan, bu ish ataylab qilinmagan degan fikrda.

Al-Jazira telekanalining muxbiri may boshida G’arbiy Sohilning Jenin shahrida Isroil harbiylari reydlarini yoritayotganida boshidan o’q yeb o‘lgan.

Bayden bugun Saudiya Arabistoniga yo’l oldi. Energetika, xavfsizlik va inson huquqlari masalalarining muhokama etilishi kutilmoqda.

AQSh rahbari qirol Salmon va uning o’g’li, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan ko’rishadi. Jahon bozorida neft narxini tushirish maqsadida Bayden qirollik va u orqali qirollikning Neftni ishlab chiqaruvchi davlatlar tashkilotidagi hamkorlaridan ishlab chiqarishni oshirishni so’rashi aytilyapti.

AQSh ayni paytda 40 yilda eng yuqori inflyatsiya bilan yuzlashmoqda.

Isroil bilan diplomatik aloqalarni o’rnatish haqida muzokara olib borayotgan Saudiya Arabistoni havo sarhadlarini barcha mamlakatlarga, jumladan Isroilga ochishi haqida bugun ma’lum qildi.

Ikki davlat o’rtasida diplomatik aloqa bo’lmagani bois Isroil samolyotlari qirollik havo sarhadlarini aylanib o‘tishga majbur bo’lgan, bu esa parvoz vaqtini uzaytirar, ko’proq yoqilg’i talab qilar edi.

AQSh prezidenti Saudiya Arabistonining bu qarorini olqishladi. Uning o’zi ham bugun Jiddaga to’g’ri Isroildan uchdi. Amerika rahbarlari uchun birinchi shunday holat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG