Breaking News

Bayden shu hafta Isroil, G'arbiy Sohil, Saudiya Arabistoniga boradi


AQSh Prezidenti Jo Bayden Yaqin Sharqqa safarini chorshanba kuni Isroildan boshlaydi. U avval Isroil harbiy-havo kuchlarining O’rta dengiz bo’yidagi Palmahim bazasida bo’ladi.

Xalqaro hayot - 11-iyul, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:54 0:00

Bayden ma’muriyati Isroil va unga qo’shni arab mamlakatlariga Eron tahdidiga qarshi turishda yordam berishga harakat qilarkan, xavfsizlik bobidagi o’zaro aloqalarni kuchaytirish bilan bir qatorda Isroil va arab mamlakatlarining havo mudofaa tizimlarini bir-biriga ulashga umid qilyapti.

“Mintaqadagi davlatlarning havo mudofaa tizimlari salohiyatini o’rganyapmiz, ularni kuchaytirishda qanday yordam berishimiz mumkinligini bilmoqchimiz, barcha tizimlarni birlashtirish g’oyasini tahlil qilyapmiz”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi.

Isroilda hokimiyat hozir muvaqqat hukumat qo’lida, shu sabab bu vazifani amalga oshirish oson bo’lmasligi mumkin.

Tel-Avivda Isroil rahbarlari bilan muloqotdan so’ng Bayden to’g’ri Jiddaga uchadi. Amerika prezidenti uchun ilk shunday parvoz. Axir Saudiya Arabistoni Isroilni tan olmaydi va u bilan bordi-keldi yo’q.

“Saudiyalik rasmiylar Isroil amaldorlari bilan yopiq eshiklar ortida muloqot qilib, ayrim masalalarda yon berdi. Bayden ma’muriyati ikki mamlakat aloqalarini yaxshilash imkoni borligini ko’rsatmoqchi. Ammo buni munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan birinchi qadam deb atashga shoshilmaslik kerak”, - deydi Vashingtondagi Karnegi jamg’armasidan Yasmin Faruk.

Jiddada Bayden Fors ko’rfazi atrofidagi davlatlar hamda Misr, Iroq va Iordaniya rahbarlari bilan ko’rishib, xavfsizlik kafolatlarini taklif qiladi, AQSh Ukrainadagi urush va Xitoy tahdidiga asosiy e’tiborni qaratayotgan bir paytda bu mamlakatlardan xavfsizligi uchun sarflanayotgan xarajatlarning kattaroq qismini o’z bo’yniga olishni so’raydi.

Bayden, shuningdek, Yamanda bahorda erishilgan sulh bitimini uzaytirishga, neft ishlab chiqaruvchi davlatlarni jahon bozoridagi narxlarni tushirish uchun ishlab chiqarishni oshirishga chaqirishi kutilmoqda.

Ushbu mavzularni avtoritar mamlakatlar bilan muhokama qilayotganda Bayden strategik manfaatlar va inson huquqlari kabi qadriyatlarni muvozanatda ushlashga harakat qilishi kerak, deydi ayrim kuzatuvchilar.

“Ushbu masalalarni ko’tarishda davom etish kerak. Xitoy va Rossiya rahbarlari Saudiya Arabistoni bilan aloqalarda ayollar huquqlarini ko’tarmaydi, chunki ular uchun bu masala ustuvor emas. Amerika esa xavfsizlik bobida hali ham afzalroq sherik bo’lgani uchun shu ustunligini konstruktiv muloqotni yo’lga qo’yishda ishga solishi kerak”, - deydi vashingtonlik yana bir tahlilchi Brayan Katulis (Yaqin Sharq instituti).

Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon buyrug’iga ko’ra qatl etilganini da’vo qilayotgan huquq faollari Baydenning qirol Salmon va shahzoda Muhammad bilan uchrashish rejasini tanqid qilmoqda.

Yaqin Sharqqa safari doirasida Amerika rahbari G’arbiy Sohilda ham bo’lib, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan ko’rishadi. Uchrashuv chog’ida Isroil harbiylari o’qidan o’lgan falastinlik-amerikalik jurnalist Shirin Abu Aqla xususida ham gap ketishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG