Breaking News

Prezident Bayden Meksika bilan chegaradagi ahvol bilan tanishmoqchi


El-Paso, Texas shtati

AQSh Prezidenti Jo Bayden kelasi hafta Meksika va Kanada rahbarlari bilan uchrashuvdan oldin Texasga borib AQSh-Meksika chegarasidagi ahvol bilan tanishmoqchi.

Xalqaro hayot - 6-yanvar, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:02 0:00


Shimoliy Amerika sammiti Mexikoda bo’lib o’tadi. Migratsiya anjuman kun tartibidan o’rin olgan muhim masalalardan.

AQShning Bojxona va chegara xizmati bergan ma’lumotga ko’ra, 2022-moliyaviy yilda janubiy chegaradan salkam 2,4 million odam o’tishga harakat qilgan.

Migrantlarning katta qismi Meksikadan, qolganlari Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesuela fuqarolari.

Baydenning tanqidchilari ko’pdan beri uni chegaraga borib kelishga chaqirib kelayotgan edi.

“Kelasi hafta Meksikaga borib, Prezident Lopes Obrador bilan ko’rishaman. Iqlim inqirozi, iqtisodiy taraqqiyot, boshqa mavzularni muhokama qilamiz. Umumiy chegarani mustahkamlash haqida ham gaplashamiz. Yakshanba kuni men El-Pasoga borib, chegaradagi ahvol bilan tanishaman, mahalliy rasmiylar, jamoa yetakchilari, chegarachilar bilan ko’rishaman”, - dedi Bayden.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, chegaradagi vaziyatga e’tibor rahbarlarni uch mamlakat uchun muhim bo’lgan boshqa mavzulardan chalg’itishi mumkin.

“Nazarimda, rahbarlar sammitga ichki siyosat doirasida yondashishi, saylovchilariga muhim bo’lgan masalalarni olg’a surishga harakat qilishi mumkin. AQShda bu masala so’zsiz migratsiyadir”, - deydi “Amerikalar kengashi” tashkiloti eksperti Erik Farnsvort.

Biroq, deydi boshqa tahlilchilar, bu mavzu Meksikaga ham qo’l keladi, chunki e’tiborni xavfsizlik muammolari, qoradori savdosi, demokratik chekinish va AQSh bilan energetika siyosatidagi jiddiy kelishmovchilikdan oladi.

“Migratsiya masalasining AQShda saylovchilarga siyosiy ta’siri shu qadar kattaki, Prezident Lopes Obrador undan Bayden ma’muriyatini boshqa muammolarga ko’z yumishga majburlashda foydalanmoqda”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Mariana Kampero.

Oq uy rasmiysiga ko’ra, ikki kunlik sammit ko’plab mavzularni qamraydi.

"Iqlim va atrof-muhitga tahdidlar, Shimoliy Amerika raqobatbardoshligini oshirish, fuqarolarimiz salomatligi va xavfsizligini himoyalash, mintaqadagi tartibsiz migratsiyaga qarshi birgalikda chora ko’rish, xilma-xillik, tenglik, inklyuzivlikni targ’ib qilish shular jumlasidan”, - dedi Baydenning matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG