Breaking News

Robert Bleyk: "O'zbekiston bilan muloqot do'stona va konstruktiv kechdi"


AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Robert Bleyk O'zbekistonda konsultatsiyalardan mamnun.



Barak Obama ma'muriyati Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni ustuvor yo'nalishlardan biri deb biladi, deydi Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk.

U boshchiligidagi delegatsiya O'zbekistonda bo'lib, rasmiylar, tadbirkorlar, matbuot va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashdi.

Yillik konsultativ uchrashuvlarlar 2009-yildan beri o'tkaziladi.

Obama ma'muriyati bu bilan ikki tomonlama munosabatlarga doir ko'plab sohalarda hamkorlikni kuchaytirmoqchi. Qo'shma davlat komissiyalari prezidentlar Bill Klinton va Jorj Bush davrida ham bo'lgan.

"Konsultatsiyalardan asosiy maqsad, o'zaro munosabatlarni yaxshilash va kengaytirish yo'llarini topish. O'zbekiston bilan muloqot do'stona va konstruktiv kechdi. Joriy yilga harakat dasturini tuzib, undagi punktlar ijrosini yil davomida nazorat qilamiz", - deydi Amerika diplomati.

Tashrif davomida fan va texnologiya bobida bitim imzolandi, ikki davlat parlamentlari o'rtasida aloqalarni, Afg'oniston borasida hamkorlikni kengaytirishga kelishildi. Xususan, Afg'onistondagi ehtiyojlar uchun O'zbekistondan sotib olinayotgan mahsulot hajmini ko'paytirishga. O'tgan yili Qo'shma Shtatlar O'zbekistondan 23 million dollarlik mol sotib olgan, asosan qurilish materiallari.

"Qo'shma Shtatlar O'zbekistonning Afg'onistonda xalqaro koalitsiyaga yordamini olqishlaydi, xususan NATO askarlariga yuk yetkazish, Hayratondan Mozori-Sharifgacha temir yo'l qurish, Afg'onistonga elektr quvvati uzatishdagi yordamini", - deydi Bleyk.

Qo'shma Shtatlar yuklarni koalitsiya uchun Shimoliy ta'minot tizimi orqali yetkazadi. O'zbekiston tizimning bir qismi.

"O'zbekiston orqali qurol olib o'tilmaydi", - deydi Bleyk.

Toshkentda, shuningdek, AQSh-O'zbekiston biznes forumi o'tdi. AQSh delegatsiyasi O'zbekistonda biznes muhit va sarmoyadorlar uchun sharoitlarni o'rganib, muhitni yaxshilashda hukumatga o'z tavsiyalarini taqdim etishini bildirdi. AQSh delegatsiyasi tarkibiga Boeing, General Electric, Zeppelin, General Motors, Microsoft kabi yirik kompaniyalar vakillari kirgan.

Toshkentda o'tgan matbuot anjumanida Amerika rasmiysidan Qirg'iziston janubidagi ahvol va o'zbeklarga nisbatan noqonuniy bosim, tazyiqlar va sud jarayonlari haqida so'raldi.

"Qo'shma Shtatlar Qirg'izistondagi sud jarayonlarini yaqindan kuzatgan. Ba'zilari qonunga xilof ravishda o'tgani, xalqaro andozalarga javob bermagani xavotirga molik. Etnik nizo ketidan tomonlarni yarashtirish uchun qonun ustuvorligi ta'minlangan bo'lishi kerak", - deydi davlat kotibining yordamchisi.

Ikki tomonlama konsultativ uchrashuvlarda diniy erkinlik, inson savdosi, O'zbekistonga turli sohalarda texnik yordam berish, xavfsizlik, savdo va taraqqiyot, narkotiklarga qarshi kurash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda inson huquqlari muhokama qilindi.

"Xususan, prezident Karimovning fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va qonun ustuvorligini kuchaytirishga doir o'tgan yil noyabridagi ma'ruzasining mohiyati haqida gaplashildi".

Davlat kotibi muovini Robert Bleykning aytishicha, ayollarning jamiyat va iqtisodiyotdagi rolini oshirish lozim. Yozda Bishkekda Markaziy Osiyo va Afg'onistonga doir bu borada anjuman o'tkaziladi.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG