"Boko Haram" terror guruhi bilan kurash davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

O’tgan yilning oxirida Nigeriya hukumati “Boko Haram” terror guruhining kuni bitdi, deya e’lon qilgan edi. “Amerika Ovozi” bu mamlakatdagi vaziyatni ko’zdan kechirganida buning aksini ko’rdi. Terror tizimi hamon faol. Nigeriyaning katta qismi tahdid ostida yashaydi. Aholi nochor. Qashshoqlik, imkoniyatsizlik yoshlarni jangarilikka yetaklamoqda.

Yetti yildan oshibdiki, “Boko Haram” Nigeriya xalqiga tinchlik bermaydi.

O’tgan bir yil ichida Nigeriya armiyasi bir necha shahar va qishloqni bu shafqatsiz guruhdan tortib oldi. Harbiy operatsiyalar davom etmoqda.

“Boko Haram” ga tegishli o’nlab video fayl “Amerika Ovozi” qo’liga tushdi. Jami 18 soatli tasvirda terror guruhi naqadar qonxo’r va vahshiy ekanini ko’rasiz.

Qiynoqlardan omon qolganlar, qochishga ulgurganlar o’z qissasini bizga aytib berdi.

“Amerika Ovozi” muxbirlari Nigeriyaga yo’l oldi. Hukumat hisoboti va “Boko Haram” videolaridagi manzarani qiyoslashga urindi. Haqiqiy vaziyat qanday?

Bama shahridamiz. Borno viloyatining ikkinchi yirik shahri. 300 ming aholiga ega. “Boko Haram” bu yerni 2014-yilda bosib olgan.

Harbiylar bilanmiz. Kolonnamiz 12 mashina va kuchli qurollangan askarlardan iborat.

Bamada dahshatli jinoyatlar amalga oshirilgan. Ularni o’z ko’zi bilan ko’rgan odamni topdik.

“Bama ko’prigi… Hammasi shu yerda ro’y bergan”.

Al-Hoji Madu ekan bu odamning ismi. Ko’prikdagi voqealar videoga tushirilgan.

“Kanter degan yuk mashinasi bor. Unga odamlarni tiqib, ko’prikka olib kelishdi. Birma-bir chiqarib, peshonasidan otishdi. Hammaning oldida. Ularni qo’l-oyog’idan ushlab turishardi. Jasadlarni suvga uloqtirishdi”, - deydi Madu.

Bir kuni tushdan keyin 200 dan oshiq odamni shunday qatl etishgan.

Bamada hozir ko’chalar bo’sh, vayrona. “Boko Haram” qochar ekan, uylarga o’t qo’ygan.

Amir saroyi… Mahalliy rahbarlar o’tirgan bu yerda oldin. Hozir qo’rqinchli bir maskan.

“Masjiddan tashqari hamma narsa kul bo’ldi”.

Terror guruhi boshqa shahar va qishloqlarning ham kulini ko’kka sovurgan. Ularni qayta qurmaguncha bu yerda hech kim yashay olmaydi.

Nigeriya shimoli-sharqidamiz. Ikki millionga yaqin odam “Boko Haram” dan qochgan. Ular hozir qochqin, yaqinlarinikida yoki lagerlarda kun kechirmoqda.

Bamadagi mana bu lagerda 27 ming odam bor. Suv va ovqat yetishmaydi.

Mana bu qiz 14 yoshida olib qochilib, Sambisa o’rmonlarida tutqunlikda yashagan. Bu o’rmon “Boko Haram” nazoratida. Bu qizni o’sha yerda bir jangariga uzatishgan.

“Majburlashdi. Qamab qo’yishdi. Keyin erga berishdi”, - deydi u.

“Amerika Ovozi” Kumshi degan joyga borishga urindi. Videolarda u yerda qatliomlar sodir etilgan. Harbiylar borishga ruxsat bermadi, chunki jangarilar bu hududda hamon faol. Xavfli.

Damasak degan qishloqqa yo’l oldik. Kechagina ozod qilingan.

Yer bilan yakson. Inson zoti ko’rinmaydi. Keksa bir ayolni topdik. Qo’shnilarini, qarindoshlarini terrorchilarga boy berganini aytadi.

“Ismim Ya Soru.”

Damasak bir yildan beri bo’shab qolgan, deydi u.

“Yolg’iz o’zingiz qo’rqmaysizmi? Qanday yashayapsiz”? - deyd so'raymiz.

“Boshqa nima choram bor”?

Ayol ilojsiz bir ahvolda. Nigeriyaning kelajagini hozir u tasavvur qila olmaydi.

Lekin umidni boy bermoqchi emas.

Maynok degan qishloqdamiz. “Boko Haram” bu yerdan to’rt marta quvib chiqarilgan. Har safar shaharga o’t qo’yilgan. Oqsoqolning aytishicha, 200 dan ortiq odam o’ldirilgan.

“Boko Haram” odamlarimizni qatl etar ekan, hech kim yordamga kelmadi. Qani xavfsizlik kuchlari? 2-3 yil tinimsiz azobda yashadik. Odamlar har tarafga qochdi”, - deydi otaxon.

Maynok hozir tiklanmoqda. Aholi ham astalik bilan qaytayotgandek.

“Bolalarimiz uch yildan beri maktabga bormaydi. Maktablarni qayta qurayapmiz. 1-2 oy ichida qatnay boshlashadi degan umiddamiz”, - deydi oqsoqol.

“Boko Haram” Borno viloyatining Mayduguri degan shahrida vujudga kelgan.

Kashim Shettima hozir bu yerda hokim.

“Har hafta yo ikki haftada hujum qilishar edi”, - deydi Shettima.

Endilikda vaziyat nisbatan tinch.

“Bosim haliyam kuchli, muammolar ko’p. Lekin odamlar hozir tinch uxlay oladi”.

General Viktor Ezugvu - mintaqa bosh qo’mondoni. Razvedka yaxshilangan, deydi u, “Boko Haram” guruhi havodan tinimsiz nishonga olinmoqda.

Qilinadigan ish ko’p.

“70-75 foiz ishni epladik degan bo’lardim. “Boko Haram” parchalangan, quvg’inda”, - deydi Ezugvu.

2016-yilning dekabrida Nigeriya Prezidenti Muhammadu Buxoriy “Boko Haram”ning kuni bitdi, deya e’lon qildi. Guruh Sambisa o’rmonlaridan quvib chiqarildi, dedi u.

Lekin urush tugamagan.

“Boko Haram” mamlakat bo’ylab xurujlarni davom ettirmoqda.

Minglab fuqarolar hali ham terrorchilar qo’lida. Ikki yil oldin garovga olingan yuzlab qizlarni hali ham qutqarishmadi.

Nigeriya shimoli-sharqida vaziyat bag’oyat tang. Besh million odam och-nahor, suvsiz.

“Boko Haram”ning qo’li yetmaydigan hudud yo’q, deydi mahalliy jamoatchilik. Har yerda xuruj qilishi mumkin.

Hozirgina mana bir necha ayol va bolalarni o’g’irlab ketishibdi. Cho’ponlar qochishga ulguribdi.

“Har bir buta ortida “Boko Haram”… Qo’lida quroli bor”, - deydi cho'ponlardan biri.

“Boko Haram” ko’rinmas yovuz kuch.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG