Breaking News

Sahrodagi mavsumiy qum shahar


Har yili Nevada sahrosida bir haftalik shahar paydo bo'ladi. Bu qum shahar uch tamoyilga asoslanadi: o’zigagina ishonish, o’zini namoyon etish va xolis xizmat. 30 yildan beri nishonlanadigan bu antiqa festival "Yonayotgan odam" deb nomlanadi. Maqsad zamonaviy kapitalistik jamiyat qoidalaridan voz kechib yashaydigan jamoa tashkil qilish.

Nevada sahrosidagi mavsumiy shahar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:29 0:00

Mavsumiy qum shahri Nevada sahrosida joylashgan. Bu yerda kunduzi 40 daraja issiq, kechasi esa harorat noldan pastga tushadi. Ba'zan kuchli qum bo'ronlari bo'ladi, uyali aloqa esa yo’q. Eng yaqin shahar mashinada uch-to'rt soatlik uzoqda. Bir haftalik qum shaharga yiliga 70 ming odam keladi.

Jett 11 yoshda. Festivalga 12-marta kelishi. Birinchi marta kelganda onasining qornida bo'lgan. U otasi yasagan ulkan akula mashinada yurishni yoqtiradi. Tomoshalar ham ko’p. Jett Blek-Rok qum shahrining birinchi tamoyili o’ziga ishonish ekanini biladi. U o'ziga kerakli narsalar ro'yxatini ham tuzgan.

“Muz, suv, ko’zoynak, niqob, quyoshdan himoya losoni va lab uchun maz”, - deydi u.

Doimiy keladiganlar faxriylar deb nom qozongan. Maykl ulardan biri, qizi bilan kelib, mexanik ajdar yasab olgan. Pedal bilan boshqariladi, olov ham purkaydi. Badiiy erkinlik shaharning qonuni.

“Yaratuvchanlik, ijodiy erkinlik ayni shu joyda bo’lsa kerak. Hech qanday chegara yo’q. Hech narsani ayamaymiz. Ko’rganlar, shunaqa bo’lishi mumkinmi, deb so'raydi”, - deydi Maykl.

“O’z-o’zini namoyon qilish asosiy tamoyillardan. Kimdir ajoyib kiyim yaratgan, kimdir yalang’och, yana kimdir olov purkayotgan ajdarni minib olgan”, - deydi "Amerika Ovozi" muxbiri Geniya Dulot.

Bu yerda pul ishlatilmaydi. Xolis xizmat ko'rsatasiz. Odamlar tekinga bir-biriga oziq-ovqat, suv, ichimlik ulashadi. Masalan, velosipedingizni tuzatgan odamning biror hojatini chiqarib berishingiz mumkin. Aytaylik, uning xatini pochtaga tashlab qo’ysangiz, shu kifoya, hammasi bepul.

“Kimningdir velosipedini tuzatib bersam, evaziga u boshqa birovning hojatini chiqarishiga ishonaman. Men sayr qilayotganimda kimdir pishirgan xot-dogni yeyman. Kim nima qilganini yozib ham yurmaymiz. Har bir odam vijdonan ish qilishiga, bir-birimizga ishonamiz”, - deydi Maks, festival qatnashchisi.

"Yonayotgan odam" festivali - farovon hayot orzusi. Bir haftalik shaharda har kim o’z “utopiya”sida yashaydi. Odamlar o’z hayotidan uziladi, bir-biriga ishonadi, birlashadi va tajriba almashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG