Breaking News

Hindular va Las-Vegas ahli o'rtasida suv talash


Qurg'oqchilik: Mid ko'li, Nevada shtati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:57 0:00

Qurg'oqchilik: Mid ko'li, Nevada shtati

AQSh janubi-g’arbida kuchli qurg’oqchilik kelasi yillarda ham davom etadi. Kolorado daryosi bu hudud uchun hayot manbai, biroq 14 yildan beri kuzatilayotgan quruq havo daryo suvini kamaytirib yubordi. Shaharlar ob-hayotning boshqa manbalarini topish ilinjida.

Dashtliklar bilan o’ralgan Las-Vegas shahridan 400 kilometr masofada, Nevada va Yuta shtatlari tutashgan joyda Goshut hindular qabilasi o’z rezervatsiyasiga ega.

Goshut - cho’l xalqi degani.

Qabilaning sobiq yetakchisi Ed Naranxo bu yerlarda suv zaxiralari borligini aytadi. Ob-hayot buloqlardan oqib chiqadi. Las-Vegas shahar ma’muriyati unga ko’z tikkan.

“Bu buloqlar tepada joylashgan, ammo birinchi navbatda aynan ular quriydi,” - deydi Naranxo.

Las-Vegas vohasi Nevada shtati iqtisodining to’rtdan uch qismini tebratadi. Ikki million aholiga ega shahar kengayib bormoqda. Yiliga 40 million sayyoh kelib ketadi bu yerga.

Biroq jiddiy bir muammo bor, deydi Janubiy Nevada suv boshqarmasi rasmiysi Bronson Mek.

“Janubiy Nevada Kolorado daryosiga tayanadi. Aholi uchun asosiy suv manbai shu. Ob-hayotning 90 foizi Mid ko’lidan olinadi”.

Mid ko’li esa qurib bormoqda. Suv sathi keskin tushib ketgan. Boshqa manbalarni izlab topish kerakligini bilamiz, deydi Mek.

“Qurg’oqchilik va undan kelib chiqadigan muammolar hammaning ko’zini ochdi,” - deydi u.

Shahar rahbariyati yer osti suvlarini qazib olishni, quvur qurishni rejalamoqda. Fermerlar, rancho sohiblari va qishloqlar aholisi bunga qarshi. Axir bu suvlar ular uchun hayot manbai.

Ed Naranxo Goshut qabilasining kuni bitadi, deydi.

“Biz azaldan cho’lda yashagan xalqmiz. Bunday hayotga ko’nikib ketganmiz. Lekin har narsaning chegarasi bor. Suvimizni tortib olishsa hayot tugaydi”.

Loyiha amalga oshsa, ziyoratgohlar ham vayron bo’ladi, deydi suhbatdosh.

Goshut qabilasi uchun bu yerlar muqaddas, ajdodlar qoni to’kilgan makon. 1863-yilda oq tanlilar hindularni, erkak, ayol va bolalarni qirib tashlagan. Afsonaga ko’ra, har birining o’rnida bittadan kedr daraxti o’sib chiqqan.

Bugun tub aholi orasida xavotir shuki, agar yerosti suvlar Las-Vegasga tashila boshlansa, muqaddas yerlar qurib qoladi.

“Bu loyiha janubiy Nevada uchun nihoyatda muhim va uni qabilaviy hududlarga ziyon qilmasdan amalga oshirsa bo’ladi,” - deydi rasmiy.

Suv qazishning vodiyga ta’siri yaqindan o’rganiladi, qo'shimcha qiladi u.

Qonunlarga ko’ra, agar atrof-muhitga ziyon yetayotgan bo’lsa, loyiha to’xtatilishi kerak.

Biroq tub aholi bu gaplarga ishonmaydi.

"Millionlab, milliardlab dollar pul sarflagandan keyin hammasini tashlab ketisharmidi? Bunga hech kim ishonmaydi,” - deydi hnindular vakili.

Vodiyliklar sudda yutib chiqdi, lekin mahalliy hukumat ishni appelyatsiyaga topshirgan. Tortishuv ketidan tortishuv. Qurg’oqchilik esa davom etmoqda. Las-Vegas suvga muhtoj.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG