Breaking News

Kaliforniya besh yillik qurg'oqchilikdan so'ng...


AQShning Kaliforniya shtati besh yillik qurg’oqchilikni boshdan kechirdi. Endilikda qurib qolgan yer osti quduqlarini to’ldirishga e’tibor qaratilyapti. Kaliforniyaning markaziy vodiylaridagi ekin maydonlari uchun suv osti zaxiralari muhim.

Kaliforniyadagi Markaziy vodiy butun Amerikani boqadi. Bu joylar tabiiy hosil bo’lgan ko’lmak, quduq va yer osti suvlari bilan sug’oriladi.

“O’sadigan ekin turi 25 dan ortiq. Pomidor, vino uzumlaridan tortib xandon pista-bodomlarning tur-turini yetishtiramiz”, - deydi mahalliy dehqonlardan biri Don Kameron.

Dehqonlar suv mo'l bo'lgan yili qishda ekin maydonlariga suv haydab, yer osti havzalarini to'ldirishga urinmoqda.

“Besh yil qurg’oqchilikda qolib yer osti suvlarini ishlatib tugatdik. Endi bu quduqlarimizni to’ldirishimiz kerak”, - deydi Kameron.

Yer ostidagi havzalarni to'ldirish uchun uzumzorlarga haydalgan suvning tok mevalariga zarari yo'q.

Dehqonlar yer usti suvlari kamaygan payt yer ostidagi suvlarni nasos yordamida tortib oladi. Suv ko'p bo'lsa, quduqlarga jo'natadi. Sug'orilgan suvning ma’lum qismi yana quduqlarga singib ketadi.Yer usti va yer osti suvlari yaxlit bir tizim.

“Yog’ingarchilik ko’pligidan yi’g’ilib qolgan suvni zaxirada saqlab, qurg’oqchilik yillarida foydalanayapmiz”, - deydi suv zaxiralari tadqiqotchisi Jeyson Giyankuinto.

Olimning aytishicha, bu jarayon bank tizimiday gap. Suvni keyinroq ishlatish uchun saqlab turish, bo’shagan quduqlarga quyish mumkin. Yer ostidagi quduqda esa suv omboridan ko’ra joy ko'proq.

“Yer osti suvi tugaganda quduqlar bo’shaydi. Demak, suv saqlashga joy uch hissaga ortadi. Suvni qayerda saqlaymiz deb o’ylanib o’tirmaymiz”,- deydi Kaliforniya universitetidan Graxam Fogg.

Kaliforniya dehqonlari 2020-yilgacha quduqlarni to’ldirib qo’yishni maqsad qilgan. Yer osti suvlarini nazoratga olish Kaliforniya bo’ylab ilk urinish. Agar to’g’ri bajarilmasa…

“… Ish o’rinlari kamayadi va iqtisodga ham ta'sir qiladi. 2020-yilga borib bu narsa jiddiy masalaga aylanadi”, - deydi Don Kameron.

Kaliforniya dehqonlari va mutaxassislar yer osti va ustki suv tizimlarini donolik bilan boshqarilish kerakligini aytishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG