Breaking News

Kaliforniya va Texas – ikki yirik raqobatchi shtatlar


Odamlar nega Kaliforniyadan Texasga ko’chyapti?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

Kaliforniya va Texas – Amerikaning hudud jihatdan ham, aholi soni jihatdan ham eng katta shtatlaridan. Kaliforniyada qariyb 40 million odam yashaydi. Texas aholisi 29 milliondan ziyod. Ikki shtat azaldan biznes va iste’dodlarni jalb qilish borasida raqobatlashib keladi. 2020-yilgi so’rovnomadan bilamizki, Texasga ko’proq odam ko’chib o’tmoqda.

Bepoyon tekisliklaru, katta uylar. Texasda kichik narsaning o’zi yo’q, deyishadi. Bu Amerikadagi eng yirik shtatlardan biri va aholisi ham o’sib bormoqda.

“Ostinda turmush darajasi ham yuqori”, - deydi Aleks Bakus.

Ikki yil oldin u oilasi bilan Kaliforniya shtatidan Texas poytaxti Ostin shahriga ko’chib o’tdi.

“Kaliforniyada maktabni bitirgandan so’ng aksar o’smirlar shtatni tark etishiga to’g’ri keladi, chunki u yerda yashash qimmat. Qizim balki Ostinda ta’lim olib, shu yerda hayot boshlaydi”, - deydi u.

Aleks Bakus Texas va Kaliforniya nega raqobatchi ekaniga yorqin misol.

“Ikkisi ham kontinental AQShdagi eng gavjum shtatlar. Alohida davlatga xos xususiyatlari bor”, - deydi shaharshunoslik bo’yicha ekspert Bill Fulton.

AQSh Aholini ro’yxatga olish byurosiga ko’ra, Texas aholisi o’sib bormoqda. Buning ta’siri Vashingtonda albatta seziladi. Kaliforniya, demokratlarga ovoz beruvchi shtat, aholisi biroz kamaygani sababli tarixida birinchi marta Kongressdagi bir o’rnini boy berdi.

Respublikachilarga moyil Texas esa qonunchilik organida bir emas, ikki o’rinni qo’lga kiritdi.

“Chunki Kaliforniyada uy-joy qimmatlasa, odamlar Texasga ko’chadi”, - deydi Fulton.

Texasning Xyuston shahri
Texasning Xyuston shahri

Pandemiya paytida qimmat shtatlarni tark etish yanada avj oldi.

“2020-yilda aholisi kamaygan shtatlarda 2019-yilda xuddi shunday jarayon ro’y bergan. O’tgan yili ko’chish kuchaydi xolos”, - deydi tadqiqotchi Erik Villet.

Texasga ko’chgan mashhur kaliforniyaliklardan biri bu “SpaceX” va “Tesla” kompaniyalari rahbari Ilon Mask. Texasda u yuk mashinalari ishlab chiqaradi, kosmodromi ham bor.

“Oracle” va “Hewlett-Packard” kabi kompaniyalar ham bosh idorasini Texasga ko’chirgan. Janubiy shtat biznes uchun qulayligi bilan nom qozongan. Ammo bu bizneslar yoppasiga Kaliforniyani tark etyapti degani emas.

“Kompaniyalar xodimlarini diversifikatsiya qilishga intiladi. Shuning uchun boshqa joyga ko’chib imkoniyat qidirishi oddiy hol”, - deydi Villet.

Rieltor Job Hammond deydiki, xorijiy sarmoyadorlar ham Texasni xush ko’radi.

“Malayziya, Nepal, Shanxay, Pekin, Germaniya, Italiya va hatto Meksikadan investorlar murojaat qilishgan”, - deydi u.

Bakusning qayd aytishicha, Texasda hayot arzonroq bo’lsa-da, Shimoliy Kaliforniyaning mo’tadil iqlimi bilan taqqoslaganda janubiy shtatda yoz fasli ancha issiq.

“Kaliforniyadagi uyimni sotganim yo’q, ijaraga berganman. Qaytib borishni ham o’ylayapman. Masalan, chang’ida uchishni sog’inadi odam”, - deydi Bakus.

U hozircha bir qarorga kelgani yo’q. Bo’sh vaqtini Kaliforniyadan ancha arzonroq bo’lgan Ostinda serfing bilan shug’ullanib o’tkazyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG