Breaking News

Jimmi Karter Birma musulmonlarini himoya qildi


AQSh sobiq prezidenti Jimmi Karter Birmadagi "Faxriylar" matbuot anjumanida, Rangun, Birma, 26-sentabr 2013-yil.
AQSh sobiq prezidenti Jimmi Karter Birmadagi "Faxriylar" matbuot anjumanida, Rangun, Birma, 26-sentabr 2013-yil.
AQSh sobiq prezidenti Jimmi Karter va dunyoning boshqa sobiq yetakchilari “Faxriylar” nomli mustaqil guruh tarkibida Birmaga tashrif buyurdi. Ular mamlakatning ozchilik musulmonlariga qarshi sodir etilgan zo’ravonliklarni qoralab, hukumatni bunday jinoyatlarga chek qo’yishga chaqirdi.

Safarining so’nggi kuni Karter Rangun shahrida shu haqda so’zlab, muammoga jiddiy e'tibor qaratish lozimligini ta'kidladi.

“Birmada qiladigan ishlar ko’p hali. Men faqat bitta muammoni sanab o’tdim. Bu, yaxshi bilasiz, Bangladesh yaqinida, shimoli-g’arbda musulmon fuqarolarga ko’rsatilayotgan munosabat haqida. Ularning fuqarolik olish masalasi hal etilishi kerak. Tinchlik yo’lida siyosiy muloqotni amalga oshirishgacha hali ancha bor”, - dedi sobiq AQSh rahbari.

O’tgan yili musulmonlar va buddistlar o’rtasida yuz bergan to’qnashuvlarda 200 dan ortiq odam halok bo’lgan, 100 mingdan ortig’i o’z uyini tashlab chiqishga majbur bo'lgan edi. Jabr ko’rganlarning aksariyati ozchilik Roxinja musulmonlaridir.

Sobiq AQSh prezidenti Jimmi Karter, sobiq Finlandiya prezidenti Marti Axtisari hamda sobiq Norvegiya Bosh vaziri Gro Xarlem Bruntlanddan iborat “Faxriylar” guruhi uch kunlik safari davomida Birma prezidenti Teyn Seyn, diniy namoyandalar hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan ko’rishdi.

Karter ayni paytda mamlakatda olib borilayotan siyosiy islohotlardan ko’ngli to’layotganini aytdi.

“Shu jarayon davom etishini tavsiya qilaman, - dedi Karter. – Har bir fuqaro boshqa bir fuqaro bilan teng huquqli ekanini his qilishiga imkon berish kerak”.

“Faxriylar” guruhiga 2007-yilda Janubiy Afrikaning sobiq prezidenti Nelson Mandela asos solgan. Unga dunyoning qator yetakchi mamlakatlari sobiq rahbarlari hamda ko'zga ko'ringan siyosiy arboblar a’zo. Sobiq BMT Bosh kotibi Kofi Annan yetakchiligidagi “Faxriylar” guruhi mustaqil nodavlat tashkiloti bo’lib, dunyoda tinchlikni ta’minlashni hamda inson huquqlarini himoyalashni o’zining oliy maqsadi deb biladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG