Breaking News

AQSh, Gonduras va Salvador orasida narkotrafikka qarshi amaliyotlar


Narkotrafikka qarshi qo'shma amaliyotlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

Markaziy Amerikada jinoyatchilik sur’ati oshgani o’tgan yillar ichida AQShning janubiy chegarasida boshpana izlab kelayotganlar ko’payishiga olib keldi. Gonduras va Salvador kabi davlatlarda giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurashda AQSh harbiylari ham ko’maklashyapti.

Salvadordagi harbiy bazada o’tkaziladigan qo’shma amaliyotlar AQSh tomon yo'nalgan narkotiklarni to'xtatishni maqsad qiladi. AQSh harbiy-dengiz kuchlari shu bazada razvedka ma’lumotlari to’playdi.

“Mo’ljal aniqlangach, izolyatsiya qilinadi va qo’lga olish guruhi chaqiriladi. Bu AQSh Qirg’oq mudofaa xizmati yoki mezbon davlatdan maxsus guruh bo’lishi mumkin. Kontrabandaga aloqador amaliyot o’tmaydigan kun yo’q”, - deydi qo'mondon Addison Daniel.

O’tgan yili AQSh Janubiy qo’mondonligi yordami bilan 280 tonna narkotiklar musodara qilingan. Yuzlab missiyalar natijasida kokain kontrabandachilari ushlangan.

“Milliardlab dollarlik narkotiklar qo’lga olinishi - insonlar hayotini saqlab qolish degani”, - deydi Daniel.

Admiral Kreyg Foller Janubiy qo’mondonlikda barcha missiyalar uchun javobgar.

“Missiyamiz uchun ajoyib yil bo’ldi, lekin ishdan to’xtamaymiz”, - deydi u.

AQShning Lotin Amerikasiga ko’mak dasturlari o’tmishda munozaralarga sabab bo’lgan. 1980-yillarda G’arbiy yarim sharda kommunizm mafkurasi va narkotiklarga qarshi kurash zo’ravon guruhlar qo’llab-quvvatlanishiga sababchi bo’lgan.

“Afsuski, bu guruhlar inson huquqlarini toptagan, begunoh odamlarni o’ldirgan. Bu ishlar o’z izini qoldirgan”, - deydi siyosatshubos Maykl Shifter.

Gondurasda joylashgan AQSh harbiylari bugun mahalliy aholi farovonligi birinchi o’rinda ekanini aytadi.Gonduras - jinoyatchilik darajasi eng yuqori davlatlardan biri. Mana bu vertolyotlar otishma va qotilliklar muntazam ro’y beradigan shaharlar uzra parvoz qilib, tibbiy evakuatsiyada qo’llanadi.

San Pedro Sula shahrini bir paytlar qotilliklar poytaxti deb atashardi. Bu yerda tibbiy treninglar o’tkaziladi.

“Urush zonalarida uchraydigan jarohatlarni ko’ramiz. Machetedan, o’qdan jarohat olgan odamlarni olib kelishadi”, - deydi polkovnik Grenvil Xenderson.

Stomatologiya xizmatlari ham taklif etiladi.

“Masalan, 10 yildan buyon stomatologga bormagan ayolning uch tishini olib tashlashdi. Umid shuki, uning hayoti yaxshilanadi, o’z mamlakatida qolib yashaydi”, - deydi polkovnik Stiven Berri.

BMT hisob-kitobiga ko’ra, Markaziy Amerikada joriy yil oxirigacha yarim milliondan ziyod odam uy-joyini tashlab ketadi. AQSh harbiylari yordam orqali bu yerdagi nochor ahvolni o’nglashga harakat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG