Breaking News

Ostona anjumanida mintaqaviy hamkorlik muhokama qilinadi


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan

15-mart kuni Qozog’istonda Markaziy Osiyo liderlarining so’ngi o’n yillikda ilk bor kuzatilayotgan o’zaro muloqoti o’tadi. Anjuman mintaqa rahbarlarining amaliy uchrashuvi sifatida taqdim qilinmoqda. Mintaqaviy hamkorlikka bag’ishlangan bu uchrashuvda Turkmaniston rahbaridan tashqari, region davlatlarining barcha prezidentlari ishtirok etishi kutilmoqda. Markaziy Osiyo yetakchilarining o’zaro maslahatlashuvini tashkil etish tashabbusi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Samarqandda o’tgan xalqaro konferensiya davomida ko’tarilgan edi.

Markaziy Osiyo rahbarlarining mintaqaviy sammitga to’planishi Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga aylantirilishi ortidan yakunlangan edi.

Qozog’istonda kutilayotgan mintaqaviy uchrashuv sal kam 15 yilga cho’zilgan tanaffusdan so’ng kuzatilmoqda. Muloqotda aniq qanday masalalar muhokama qilinishi hozircha noma’lum.

Mirziyoyev O’zbekistonning bu tashabbusi haqida avval BMT doirasidagi nutqida, keyinchalik esa Samarqandda o’tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix, umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo’lidagi hamkorlik” deb nomlangan xalqaro konferensiyada gapirgan edi.

“Markaziy Osiyo taraqqiyoti yo’nalishida qilinadigan ishlar mintaqadagi davlatlarning umumiy mas’uliyatini talab etadi. Bu esa o’z navbatida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari darajasida muntazam ravishda uchrashuvlar o’tkazib turilishiga ehtiyoj tug’dirmoqda. Biz bu haqdagi tashabbusni BMT Bosh assambleyasida ham bildirgan edik. Biz mintaqadagi muammolarning yechimi umumiy yondashuv talab qilayotganidan kelib chiqyapmiz. Ta’kidlamoqchiman, gap biror xalqaro, mintaqaviy tuzilma tashkil etish haqida bormayapti, yo’q, gap mintaqadagi dolzarb muammolarning muhokamasini tashkil etish haqida bormoqda”, - degan edi prezident Mirziyoyev Samarqanddagi xalqaro konferensiyadagi chiqishida.

Keyinchalik bu konferensiya doirasida Qozog’istonning O’zbekistondagi elchisi mintaqa rahbarlarining ilk uchrashuvini Ostonada o’tkazish tashabbusini bildirdi.

Qozog’iston tomoni 15-mart kuni kutilayotgan ilk uchrashuv kun tartibidagi masalalar haqida hozircha ma’lumotlar tarqatgani yo’q. Uchrashuvda Turkmaniston delegatsiyasi Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov darajasida emas, parlament raisi darajasida qatnashishi ma’lum qilingan.

Markaziy Osiyo rahbarlarining amaliy muloqoti sifatida taqdim etilayotgan bu uchrashuv doirasida mintaqani biror tuzilma doirasida uyushtirish, uni integratsiyaviy tashkilot darajasiga olib chiqish masalasi muhokama qilinishi ehtimoli ko'p emas.

Ta’kidlash joiz, mintaqa tarixidagi yagona tashkilot Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorligi Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga qo’shilishi ortidan o’z faoliyatini tugatgan edi. Keyinchalik O’zbekiston bu tashkilotni tark etdi, ammo mintaqaning aksariyat davlatlari Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti o’rinida qaror topgan Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga, shuningdek, Bojxona ittifoqiga ham a’zo.

Bu tashkilotlarning mavjudligi Markaziy Osiyodagi ziddiyatlar yechimiga biror ko’mak ko’rsatgani hozirgacha kuzatilmadi, mintaqa hamkorligida siljish O’zbekistonda hokimiyat almashishidan so’ng boshlandi.

Islom Karimovning chorak asrlik boshqaruvidan so’ng hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqinlashuv, aloqalarni qayta tiklash siyosatiga kirishdi, Toshkentda aynan shu mavzuga bag’ishlangan xalqaro konferensiya ham tashkil qilindi. Bu konferensiyada Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Markaziy Osiyo O’zbekiston tashqi siyosatida ustuvor yo’nalish ekanligini e’lon qilgan edi.

Prezident sifatidagi ilk tashrifini qo’shni Turkmanistondan boshlagan Mirziyoyev hozirgacha mintaqa davlatlarining barchasida davlat tashrifi bilan bo’ldi. Kuni kecha uning Tojikistonga qilgan safari yakunlandi, mintaqadagi asosiy ziddiyatlardan bo’lib kelayotgan suvdan foydalanish, Rog’un GESi masalasida tomonlar kelishuvga borishgani e’lon qilindi.

Ostonadagi uchrashuv Markaziy Osiyodagi umumiy vaziyatda iliqlik boshlanishi ortidan kuzatilmoqda. Mintaqada oliy toifadagi o’zaro tashriflar ko’paygan, davlat chegaralarini aniqlashtirish masalalarida siljishlar bor, mintaqa markazida joylashgan, barcha davlatlar bilan umumiy chegaraga ega O’zbekiston chegaralardagi to’siqlarni olib tashlamoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG