Kerri safari oldidan AQSh poytaxtida Markaziy Osiyo muhokamada


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida safar qilish arafasida. Oktabr oyining oxirgi kunlari va noyabr boshida Bishkek, Samarqand, Ostona, Dushanbe va Ashgabatda rahbarlar bilan muzokara kechadi.

Rossiya Markaziy Osiyoning yaqin hamkori va tayanchi bo’lib qolishni istaydi. Xitoy ham shunday rol o’ynashni xohlaydi va bugunga kelib mintaqaning eng yirik biznes sherigi. Amerika esa bu ikki yirik va yaqin qo’shnilar bilan bellashish niyatida emas, uzoqdagi ishonchli do’st bo'lmoqchi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyo bo'ylab safarini boshlamoqda. U Bishkek, Samarqand, Ostona, Dushanbe va Ashgabatda rahbarlar bilan muzokara olib boradi. Qirg'izistonda Amerika universiteti va AQSh elchixonasining yangi binolarini ochib beradi. O'zbekistonda esa mintaqa mamlakatlarining tashqi ishlar vazirlari bilan muloqot qiladi. Qozog'istonda Nazarboyev universitetida so'zlaydi va bu davlat bilan strategik sheriklik haqida gaplashadi. Ashgabat va Dushanbeda esa o'zaro va mintaqaviy masalalar xususida uchrashuvlar rejalangan. 29-oktabr va 3-noyabr orasidagi safar - Jon Kerri uchun Amerika tashqi ishlar vaziri sifatida mintaqaga ilk tashrif.

Har uch davlat Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun qo’ldan kelgancha hissa qo’shishga tayyor va bu borada o’z tashabbuslari bilan chiqqan. Moskvadagi Diplomatiya akademiyasida dars beradigan Ivan Savranchuk Vashingtonda so’zlar ekan, Rossiya va Xitoy rejasi bir-biriga ancha mos va ular birgalikda harakat qilishi kerak, dedi.

Ivan Safranchuk - xalqaro aloqalar bo’yicha yetakchi ekspert. Rossiya hukumati, uning aytishicha, mintaqa bilan aloqalarni muntazam ravishda mustahkamlab, har bir mamlakatda o’z rolini oshirib, regional masalalarda o’z pozitsiyasini urg’ulab turishni istaydi. Ya’ni, mintaqa qanchalik mustaqil bo’lmasin, federatsiya bilan hisoblashishi kerak.

Markaziy Osiyoga milliardlab dollar sarmoya kiritayotgan Xitoy Kreml siyosatiga ko’z yuma olmaydi, qolaversa, Moskva ham Pekin roliga befarq emas, deya tushuntiradi u. Xullas, ikki davlat mintaqadagi mushtarak maqsad va manfaatlaridan kelib chiqqan holda birga ishlashi lozim, deydi Safranchuk, Amerika siyosiy va ilmiy doiralari oldida so’zlar ekan.

Rus eksperti nazarida Amerika mintaqada olg’a surgan maqsadlar, xususan, regional integratsiya targ’iboti meva berishi qiyin va bu, asosan, davlatlarning siyosiy irodasi va iqtisodiy qurbiga bog’liq. Iqtisodiyot esa ko’p jihatdan Xitoy va Rossiyaga tobe.

Safranchuk Strategik va xalqaro izlanishlar markazi (CSIS - VIDEO) minbaridan turib, Vashington va uning mintaqadagi diplomatlari bir-biridan uzilib qolgan, dedi. Poytaxtda yangrayotgan bayonotlar va Markaziy Osiyoda Amerika diplomatlari qilayotgan ishlar bir-biriga to’g’ri kelmaydi, deya tanqid qildi rus eksperti. Masalan, deydi u, Qirg’izistonning Yevrosiyo Ittifoqiga kirishi Vashingtonda qoralangani yo’q, ammo Bishkekda AQSh elchixonasi bu borada faqat salbiy munosabat bildirdi.

Vashingtondagi siyosatdonlar Safranchukning bu tahliliga qo’shilmaydi. Hukumat, tahlil markazlari va sobiq rasmiylarning fikr-qarashlari bir-biridan farq qiladi va ularni aralashtirmaslik kerak, deydi AQSh ekspertlari.

Xitoy va Rossiya mintaqa xavfsizligi va farovonligidan manfaatdor ekani sir emas, deydi Jefri Mankoff, Strategik va xalqaro izlanishlar markazi xodimi. Lekin Kreml tashqi siyosatida Markaziy Osiyo qaysi o’rinda turibdi va qanday konkret maqsadlar haqida gap ketmoqda, buni bilmaymiz, deydi u.

Safranchuk ham bu borada aniq gapirmadi. Agar Yevrosiyo Ittifoqiga Rossiyaning konkret regional rejasi deb qarasak, u “organik o’sish” ga asoslangan edi, deydi moskvalik ekspert.

Biroq Rossiyada organik o’sish deyarli to’xtadi. Hozir mamlakat iqtisodiyoti og’ir ahvolda. Bu degani, original rejaga ham o’zgartirishlar kiritiladi. Ittifoqning yana bir katta a’zosi Qozog’iston ham moliyaviy qiyinchilik changalida.

Xitoy, Safranchuk nazarida, Markaziy Osiyodan, asosan, Yevropa va Yaqin Sharqqa ko’prik sifatida foydalanmoqchi. Rossiya ham mintaqaga janub tomon ko’prik sifatida qaraydi. Amerika tasavvurida ham Markaziy Osiyo sharqdan g’arb tomon savdo yo’li bo’la oladi. Uchala davlat ham Yangi Ipak Yo’li tashabbuslarini shunday tushuntiradi.

Jeffri Mankoff fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari bugungi kunga kelib bu yirik kuchlar bilan ishlash borasida o’ziga xos tajriba va uquvga ega. Har bir respublika kim bilan nima yuzasidan qanday til topishishni biladi, deydi u.

Ivan Safranchuk, Rossiya eksperti, Vashingtonda so'zlamoqda, 27-oktabr, 2015
Ivan Safranchuk, Rossiya eksperti, Vashingtonda so'zlamoqda, 27-oktabr, 2015

Shunisi ham aniqki, mintaqa davlatlari ular haqida ularsiz muloqot qilinishini istamaydi. Tashqi dunyo Markaziy Osiyo taqdiri haqida gaplashganida mintaqa liderlari bilan maslahatlashishi shart, degan bayonotlar tez-tez quloqqa chalinadi. Rossiya, Xitoy va Amerika rasmiylari mintaqaga nisbatan siyosatda o’zaro kelishib ish qiladi degan so’zlarga tegishli davlatlar befarq emas.

Jefri Mankoff yana bir narsaga urg’u beradi. Har qanday kelishuv shartsiz bo’lmaydi. Tekin sarmoya degan narsa yo’q. Xitoy o’z investitsiyasi vaqti kelib meva berishini istaydi va buni ta’minlash harakatida. Amerikada esa mintaqada bunday sarmoya qilish maqsadi yo’q. Lekin taraqqiyot dasturlari va yordam to’xtab qolmaydi. Mamlakatlar AQSh ko’magi ham shartsiz kelmasligini biladi. Rossiya o’z kuchini qanchalik saqlab qolishga urinmasin, moliyaviy qudrati oshmas ekan, bitimlarni Xitoy yoki boshqa kuchliroq tomonlarga, masalan, Yaponiyaga boy beraveradi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham liderlik, boshqa o’lkalarda bo’lganidek, yirik kuchlarga qachon xo’p yoki yo’q deya olishga bog’liq.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi ilk teledasturlar muallifi. TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America and a leading Washington-based authority on geopolitics and national development in Central Asia. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for over 15 years on TV, radio and online. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented nearly 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She is frequently asked to speak on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences, including the U.S. Foreign Service Institute, Princeton University, Columbia University, Johns Hopkins University, Georgetown University, George Washington University, Michigan State University, the University of Wisconsin, Northeastern University, and her alma mater Harvard University. Her essays on the region have been published in journals and edited volumes, including Central Eurasian Studies Review and Demokratizatsiya: The Journal of Post-Soviet Democratization.

    She began her career at the Uzbek state broadcaster. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from Maharaja’s College at the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG