Breaking News

AQShda Xitoydagi Olimpiadani boykot qilishga chaqiriqlar


AQShning Jorjiya shtatida qabul qilingan saylov to’g’risidagi yangi qonun ustida siyosiy bahslar davom etar ekan, ushbu mavzu Qo’shma Shtatlar 2022-yilda Xitoyda o’tadigan Qishki Olimpiya o’yinlarini boykot qilishi kerakmi degan savolga bog'lanib ketdi.

Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Praysning tasdiqlashicha, Xitoydagi inson huquqlari bilan bog’liq ahvolga norozilik sifatida AQSh o’yinlarni boykot qilish masalasini ittifoqchi davlatlar bilan muhokama qiladi.

Konservativ respublikachilar deydiki, Prezident Jo Bayden Jorjiyadagi yangi qonunni tanqid qila turib, Xitoydagi o’yinlarni boykot qilmasligi ikkiyuzlamachilik bo’ladi. Dunyo bo’ylab faollar ham uyg’urlarga qarshi zulm va Gonkongda namoyishlar bostirilganini qayd etib, xalqaro musobaqada qatnashmaslik talabini olg’a surib kelmoqda.

Yangi qonun

Jorjiya shtatining asosan respublikachilardan iborat qonunchilik organi yaqinda ovoz berish qoidalarini o’zgartirdi. Yangi qoidalar to’g’risida bahslar davom etmoqda, ammo umumiy xulosa shuki, qonun irqiy jihatdan xilma-xil va odatda demokratlarga ovoz beruvchi shaharlarda ovoz berishni qiyinlashtiradi, respublikachilarga yon bosuvchi qishloqlarda esa osonlashtiradi.

Qonun va uning ozchilikdagi guruhlarga ta’sirini AQShdagi yirik kompaniyalar qatorida professional sportchilar ham keskin tanqid qilib chiqdi. Beysbol ligasi norozilik sifatida o’yinlarini Jorjiyadan Koloradoga ko’chirdi. Prezident Bayden bu qarorni qo’llab-quvvatlagan.

Shundan so’ng konservativ qarashdagi guruhlar Baydendan 2022-yilgi Xitoydagi musobaqada AQSh ishtirokini asoslab berishni talab qildi.

“Jo Bayden genotsidni amalga oshirayotgan Xitoydagi Olimpiya o’yinlarini boykot qilsagina, Jorjiya haqida fikr bildirishi mumkin”, - deydi respublikachi senator Marsha Blekbern.

“AQSh prezidentining Xitoydagi ovoz berish qoidalari haqidagi fikrlarini kutib qolamiz. U yerda saylov uchastkalarida navbat yo’q, chunki saylov uchaskasining o’zi yo’q. Saylov byulletenlari yo’qligi sababli byulletenlar bilan bog’liq tortishuvlar ham bo’lmaydi. Ehtimol janob Bayden Jorjiyadagi ovoz berish qoidalarini Shinjondagi qayta tarbiyalash lagerlaridagi qoidalarga taqqoslar”, - deya yozadi “The Wall Street Journal” nashri.

To’liq boykot ehtimoli past

Ba’zi ekspertlar fikricha, mavzu atrofidagi tortishuvlar cheklangan diplomatik boykot bilan nihoyasiga yetishi mumkin.

Bostondagi Xoli Kross kolleji professori Viktor Matisonga ko’ra, tarixan olimpiada boykotlari bu tashabbus bilan chiqqan mamlakatning o’zida qo’llab-quvvatlanmaydi.

“Chunki sportchilar kuch sinashish imkoniyatidan mahrum bo’ladi. Bundan tashqari, ko’pgina sport turlarida ishtirokchilar ana shunday tadbirlarda ko’p yillik mehnatini musobaqa orqali pulga aylantiradi”, - deydi u.

Kuzatuvchilar fikricha, bunday muhokamalar shundan dalolatki, kelajakda yirik xalqaro tadbirlarni o’tkazish takliflari ko’rib chiqilayotganda inson huquqlari yanada kattaroq omilga aylanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG