Breaking News

Huquq faollari Xitoydagi olimpiadani boykot qilishga chaqirmoqda


Huquq faollari 2022-yil Pekinda o'tkaziladigan qishki olimpiadani "genotsid olimpiadasi" deb atamoqda, Darmsala, Hindiston, 2021-yil, 3-fevral.
Huquq faollari 2022-yil Pekinda o'tkaziladigan qishki olimpiadani "genotsid olimpiadasi" deb atamoqda, Darmsala, Hindiston, 2021-yil, 3-fevral.

Uyg’ur huquq faollari xalqaro korporatsiyalarni Pekinda 2022-yil bo’ladigan qishki olimpiya o’yinlarini boykot qilishga chaqirmoqda. Ularga ko’ra, bu tadbir olimpiada emas, balki uzoq yillardan beri ozchilik uyg’urlar huquqlarini toptab kelayotgan hukumatning “Genotsid o’yinlari”dir.

Hozircha ushbu sport musobaqasida homiy sifatida qatnashadigan yirik kompaniyalarning hech biri bu chaqiriqqa qo’shilgani yo’q.

Kuzatuvchilarning aytishicha, sport tadbiri yaqinlashgan sari kompaniyalarga nisbatan uyg’urlar masalasini ko’tarish bo’yicha siyosiy bosim ham kuchayib boradi

Allaqachon yomonotliq bo’lgan davlat

Pekin qishki olimpiadasi 2022-yil 4 – 20-fevral kunlari bo’lib o’tadi.

“Olimpiada va Jahon kubogi o’yinlariga mezbonlik qilishning iqtisodiy tavakkalchiligi” kitobi muallifi professor Endryu Zimbalistning aytishicha, Xitoyning Shinjon, Gonkong va Tibetda sodir etgan huquqbuzarliklari musobaqa yaqinlashgan sari tez-tez tilga olinishni boshlaydi.

Qishki olimpiada o'tkaziladigan shaharcha
Qishki olimpiada o'tkaziladigan shaharcha

Natijada AQShning Koka-kola kompaniyasi kabi yirik korporatsiyalar Xalqaro olimpiya qo’mitasiga bosim o’tkazishlari yoki homiylik shartnomalarini qayta ko’rib chiqishlari mumkin, deydi u.

“Amerika Ovozi” Koka-kola, Airbnb, Samsung va Intel kabi kompaniyalar bilan bog’landi

Ularning aksariyati murojaatlarni javobsiz qoldirdi. “Omega” soat kompaniyasi musobaqa doirasida ko’rsatadigan xizmatlariga aloqador bo’lmagan mavzularda izoh bermasligini ma’lum qilgan bo’lsa, “Allianz’ kompaniyasi, har qanday diskriminatsiya turiga zarracha toqat ko’rsatilmasligini qayd etish bilan birga, olimpiya o’yinlari bo’yicha 2028-yilgacha tuzilgan shartnomalarga rioya qilishda davom etishini bildirdi.

Xitoyga qulluq qilish?

Jahon Uyg’urlar tashkiloti so’zlovchisi Dilxat Raxit ijtimoiy mas’uliyatga ergashishni da’vo qiladigan Airbnb kabi kompaniyalarni Xitoyning iqtisodiy qudrati oldida tiz cho’kayotganlikda aybladi.

Agar bu kompaniyalar “Genotsid o’yinlari”ga o’zlarini aloqador qilib ko’rsatishda davom etsa, buning badali og’ir bo’ladi, dedi Raxit.

“Xitoyga faqat boykotgina aniq mujda jo’natishi mumkin. Har qanday murosaga borish uning siyosiy maqsadlariga xizmat qiladi. Biz Xitoyning qishki o’yinlarga mezbonlik qilishiga nisbatan keskinroq mavqeda bo’lishga chaqiramiz, chunki yumshoq munosabat avtoritar rejimni yashirin qo’llab-quvvatlashni ko’rsatadi”, - deydi u.

Koka-kola kompaniyasi olimpiya o'yinlarining asosiy homiylaridan biri sanaladi.
Koka-kola kompaniyasi olimpiya o'yinlarining asosiy homiylaridan biri sanaladi.

Global miqyosda boshlangan kampaniya doirasida faollar yirik korporatsiyalarni nishonga olmoqda. Masalan, uy-joy ijarasi bilan shug’ullanuvchi Airbnb nishonga olingan aksiyada kompaniya taqdim etadigan ijara xonalar surati Shinjonda uyg’urlar saqlanadigan lagerlardagi sharoitlar bilan taqqoslanadi.

180 huquq tashkilotini o’z ichiga oluvchi global harakat musobaqani butunlay boykot qilishga ham chaqirmoqda. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa huquq faollari da’vosini rad etib chiqdi. Vazirlik so’zlovchisining aytishicha, ba’zi toifalarning o’z siyosiy manfaatlari yo’lida musobaqalarda qatnashish va unga tayyorgarlik ko’rish jarayonini to’xtatishga hamda sabotaj qilishga urinishi o’ta mas’uliyatsizlikdir.

Xitoy ayni paytda uyg’urlar huquqlari buzilayotganini inkor etib keladi.

Siyosiy ogohlik kuchaymoqda

Allqachon AQSh, Britaniya, Avstraliya va Kanadaning ba’zi siyosatchilari o’z hukumatlarini Pekin qishki olimpiadasini boykot qilishga va musobaqaga sportchilarni jo’natmaslikka chaqirmoqda.

Zimbalistning aytishicha, boykot harakatiga sportchilar ham qo’shilishi mumkin.

Huquq faollari kampaniyasida Airbnb alohida nishonga olinmoqda.
Huquq faollari kampaniyasida Airbnb alohida nishonga olinmoqda.

Boshqa tomondan, boykot qilmaslikka chaqirayotganlar ham bor.

“Newsweek” nashrida e’lon qilgan maqolasida Jons Xopkins universitetining xitoyshunos tadqiqotchisi Deyvid Lempton boykot samara bermasligi haqida yozadi. Unga ko’ra, Afg’oniston ishg’oliga e’tiroz sifatida 1980-yil Moskva olimpiadasiga qarshi qo’llangan boykot harakati ham kutilgan natijani bermagan.

Boykotdan foyda yo’qmi?

“Global tartibni ijroga kiritish uchun musobaqa maydonini tark etishdan ko’ra samaraliroq boshqa yo’llari bor”, - deydi Lempton.

Markaziy Osiyo tadqiqotlari Tayvan assotsiatsiyasi bosh kotibi Chin-yu Shining aytishicha, boykotdan Xitoy emas, balki sportchilar ko’proq zarar ko’rishi mumkin.

Korporatsiyalar ham o’z iqtisodiy manfaatlaridan inson huquqlarini ustun ko’rishi qiyin, deydi yana bir ekspert Sin Van.

“Homiylar, asosan, iqtisodiy manfaatlarni ko’zlaydi. Kompaniyalar huquqlar yoki siyosiy masalalarda gapirishi mumkin, lekin amaliy chora ko’rish masalasini iqtisodiy manfaatlar hal qiladi”, - deya qo’shimcha qiladi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG