Breaking News

Xitoyda islohotlarga umid katta


Shanxay maktablarida
Shanxay maktablarida
Xitoy rahbariyati o’zgarganiga bir necha hafta o’tib, islohot va o’zgarishlar boshlanishiga umid qilayotganlar ko’paymoqda. Ba’zilar iqtisodiy masalalar haqida gapirsa, boshqalar qonun ustuvorligini kuchaytirish va hukumatdagi korrupsiyaga qarshi kurashish kerak, deydi.

Xitoydagi qaysi gazeta yoki Twitterga o’xshash ijtimoiy veb-saytni ko’zdan kechirmang, islohotlar haqida bahs-munozaralarga duch kelasiz.

Pekindagi Renmin universiteti siyosiy tahlilchisi Jin Kanron “islohotlar haqidagi takliflarga e’tibor katta” deya e’tirof etadi.

“Hamma islohotlar bo’ladi, deb umid qilmoqda, lekin bu amalda nimaligini aniq bilmaydi. Islohotlar murakkab tushuncha. Bir odam mana buni o’zgartirish kerak desa, boshqasi boshqa gapni aytadi. Qancha odam bo’lsa, fikr ham shuncha”, - deydi ekspert.

Ayrim takliflar azaldan yopiq bo’lgan bu jamiyat uchun keskin tuyulishi mumkin. Masalan, shu hafta bir necha nufuzli gazetada Xitoy rahbarlaridan biri Von Tsishan va u qatnashgan majlis yoritildi. Majlisda rasmiylarning xususiy boyligi haqida ma’lumotni ommaga oshkor etish haqida gap borgan. Bunday o’zgarish Xitoy uchun inqilob bilan barobar bo’ladi.

O’tgan haftada esa Kommunistlar partiyasi rahbari Si Tzinpin “Xitoy millatining buyuk yangilanishi”ga bag’ishlab nutq so’zladi.

Milliy uyg’onish va yangilanish Sining asosiy g’oyasi va maqsadi ekaniga amin bo’ldik, deydi Jin Kanron. Tahlilchi fikricha, ushbu nutq Xitoyda qanday islohotlar o’tkazilishidan darak beradi.

“Xitoy rahbariyati uchun islohotlar maqsad emas, balki kattaroq maqsadlar, masalan, yangilanishni ta’minlash yo’lidagi vositadir”, - deydi Kanron.

G’arblik kuzatuvchilar esa Xitoyning yangi rahbariyati chuqur islohotlarni amalga oshira olishiga ishonmayapti. Rejim, xususan armiya va xavfsizlik xizmati, qolaversa davlat tasarrufidagi yirik kompaniyalar orasida o’zgarishdan manfaatdor bo’lmaganlar ko’p.

Hukumat tanqidchilari, jumladan ko’zi ojiz huquq faoli Chen Guanchen islohotlar boshlanmasa, ahvol og’irlashadi, deb ogohlantirmoqda. Yaqinda faol Xitoy rahbari Si Tzinpinga video orqali murojaat qildi:

“Butun xalq Sizga qarab turibdi. O’z burchingizni bajarib, islohotlar boshlaysizmi yoki hokimiyatni suiiste’mol qilib, amaldorlarni himoya qilasizmi, bu Sizga bog’liq. Qaroringiz Vatanimizning tinchlik yo’lidan rivojlanishi yoki zo’ravonliklar girdobiga sho’ng’ishini belgilab beradi”.

Xalq islohotlarni talab qilsa ham, qarorni rahbarlar qabul qiladi. Aftidan ular hozircha tub o’zgarishlarga tayyor emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG