Breaking News

Xitoy AQSh bilan aloqalarning yangi modelini qurmoqchi


Prezident Obama va Xitoy prezidenti Si Zinpin, Si vitse-prezident bo'lgan payt, 14-fevral, 2012-yil
Prezident Obama va Xitoy prezidenti Si Zinpin, Si vitse-prezident bo'lgan payt, 14-fevral, 2012-yil
Kelasi hafta Xitoy va AQSh prezidentlari Kaliforniyada uchrashadi. Pekin AQSh bilan yangicha aloqa qilmoqchimiz, tortishuvlardan hamkorlikka o’tmoqchimiz, demoqda.

Xitoyning yangi rahbarlari mart oyida hokimiyatga kelgandan beri diplomatik harakatlarni kuchaytirib, Janubiy Osiyo, Yevropa, Rossiya va Afrika rahbarlari bilan uchrashishga muvaffaq bo’ldi.

Masalan, Xitoy bosh vaziri Li Ketsyan yaqinda Hindiston, Pokiston, Shveysariya va Germaniyadan qaytdi. Prezident Si Zinpin esa ikkinchi xorijiy safariga chiqmoqda. U Lotin Amerikasi va Karib dengizi davlatlarida bo’lib, so’ng ikki kun Kaliforniyada prezident Barak Obamaning mehmoni bo’ladi.

Ikki rahbar munosabatlarning yangi modeli xususida gaplashadi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri yordamchisi Jen Jeguanning aytishicha, Xitoy yirik davlatlar bilan munosabatlarning qarama-qarshiliklar va to’qnashuvlarga boy an’anaviy uslubidan voz kechmoqchi.

"Biz barcha yirik davlatlarning tinchlikda yashashi tarafdorimiz", - dedi rasmiy.

Biroq Xitoy nazarda tutgan yangicha aloqalar mintaqaviy va global muammolarni hal etishda qanday qo’l kelishi hozircha mavhum. Xitoy qo’shni davlatlar bilan dengizlardagi orollarni talashib keladi. Qo’shma Shtatlar bilan esa mavjud munozaralar haligacha hal etilmagan. Masalan, AQSh Pekinni kiber-josuslikda ayblab keladi. Suriya, Eron va Shimoliy Koreyaga doir siyosatda ham bu davlatlar o’rtasida keskin farqlar mavjud.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiysiga ko’ra, Xitoy AQSh bilan ikki tomonlama, mintaqaviy va global miqyosda barcha masalalar bo’yicha hamkorlikni istaydi. 7-8- iyun kunlari bo’ladigan uchrashuv chog’ida prezidentlar Si va Obama kiber-xavfsizlik, Shimoliy Koreya, Eron va Suriya masalalarini muhokama qiladi, dedi Jen Jeguan.

AQShga safaridan oldin esa Xitoy rahbari rafiqasi bilan Meksika, Kosta-Rika hamda Trinidad va Tobagoda bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG