Breaking News

Ziyolilar: Sharqiy Turkistondagi o'zbeklar taqdiriga befarq bo'lmaylik


O’zbek ziyolilari Prezident Shavkat Mirziyoyevdan Xitoydagi o’zbeklar taqdiriga diqqat qaratish so’ralgan murojaatga imzo chekishmoqda. Unda ta’kidlanishicha, qo’shni Qozog’iston Xitoydagi qozoqlar huquqlari yuzasidan o’z pozitsiyasini bildirgan bir paytda O’zbekiston hukumati sukutda turmasligi kerak.

Xitoydagi o'zbeklar to'g'risida Mirziyoyevga murojaat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:23 0:00

Ziyolilar uzoq yillar turg’unlik ostida bo’lgan o’zbek jamiyati Sharqiy Turkistondagi o’zbeklar, uyg’urlar taqdiridan xabarsiz qoldirilgani, uyg’onayotgan o’zbek jamoatchiligi bu borada O’zbekiston hukumatidan munosabat kutayotganini ta’kidlashadi.

O’zbekiston prezidenti, Qurolli kuchlar Oliy Qo’mondoni Shavkat Mirziyoyevga deb boshlangan murojaat ijtimoiy tarmoqda Xorijdagi o’zbeklar guruhi nomidan tayyorlangan.

Murojaat markazida Xitoydagi o’zbeklar turadi, xususan musulmon o’zbeklar ham rasmiy Pekin tomonidan Sharqiy Turkistonda qurilgan qayta tarbiyalash lagerlariga joylashtirilayotgani yuzasidan jiddiy xavotir bildirilgan.

Sharqiy Turkistondagi vaziyat, uyg’urlar muammosi, Xitoydagi musulmonlarga nisbatan mavjud tazyiqlar uzoq vaqt O’zbekiston jamoatchiligi xabarsiz qoldirilgan voqeliklardan biri hisoblanadi.

Prezident Mirziyoyevga atalgan murojaatga imzo chekkan ziyolilardan biri, sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, Islom Karimov davrida tazyiq ostida bo’lgan Sharqiy Turkiston mavzusi O’zbekistonda bugun ham cheklovda. Xitoyda qancha o’zbek yashayotgani, ularning haq-huquqlariga oid vaziyat jamoatchilik uchun mavhum qolmoqda.

“Albatta, hozirgi vaziyatda Mirziyoyev hokimiyati Xitoydagi o’zbeklar taqdiriga oid muzokara o’tkazishini kutish qiyin, ammo shunday muammo borligini jamoatchilik bilishi kerak. Biz nafaqat Sharqiy Turkistondagi uyg’urlar masalasini ko’taryapmiz, balki u yerda yashayotgan o’zbeklar masalasiga ham diqqat qaratyapmiz. Sharqiy Turkistonda juda ko’p o’zbeklar yashaydi, ammo jamoatchilik ular hayotiga doir biror ma’lumotlarga ega emas, matbuotda ham bu haqda hech narsa yozilmaydi. Hozir ayniqsa, Turkmanistondagi va Xitoydagi o’zbeklar jiddiy bosim ostida yashashmoqda. Ammo hozirgacha ular taqdiriga na hukumat, na jamoatchilik biror qiziqish bildirmayotgan edi. Hatto ko’pchilik Xitoyda o’zbeklar yashashini bilmasa ham kerak”, - deydi Anvar Nazir.

“Amerika Ovozi” Sharqiy Turkistondagi millionlab musulmonlar Xitoy hukumati tashkil etgan qayta tarbiyalash lagerlariga jo’natilayotgani haqida xabar bergan edi.

So’nggi paytda bu lagerlarga uyg’urlar qatorida Sharqiy Turkistonda yashayotgan o’zbeklar, qozoqlar, qirg’izlar ham joylashtirilmoqda.

Ayni paytda Istanbulda yashayotgan sharqiy turkistonlik muhojir Abdulatif Roziq lagerlarga, asosan, Qur’on bo’yicha savodi bo’lgan musulmonlar jo‘natilayotgani, uyg’ur, o’zbeklar va Xitoydagi boshqa musulmonlar doxil uch millionga yaqin kishi qamoqda, lagerlarda saqlanayotganini aytadi.

“Taxminiy hisoblarga ko’ra, uch millionga yaqin sharqiy turkistonlik musulmon bo’lgani uchun qamoqda yoki lagerlarda. Avvallari asosan diqqatni uyg’urlarga qaratishayotgan edi, hozir esa barcha musulmonlarni - uyg’urlar, qozoqlar, qirg’izlar, o’zbeklar va hatto Xitoydagi ayrim boshqa musulmon xalqlar ham qamoqqa, lagerlarga tiqilmoqda. Ular soni qanchaligi haqida aniq rasmiy ma’lumot yo’q, ammo taxminlarga ko’ra 3,5 millionga yaqin musulmonlar haqida gap bormoqda. Odam bu raqamlardan cho’chib ketadi. Sharqiy Turkistonda 30 millionga yaqin musulmon aholi bor, bu degani ularning 10 foizdan oshig’i qamoqlarda yoki lagerlarda”, - deydi Abdulatif Roziq.

Sharqiy Turkistondagi uyg’urlar huquqlariga oid vaziyat yaqinda AQSh Kongressida ham muhokamaga chiqdi, Xitoyning uyg’urlarga nisbatan qo’llayotgan bugungi siyosati genotsidga qiyoslandi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG