Breaking News

Xitoy Shinjon orqali Markaziy Osiyoga kirmoqchimi?


Inson huquqlari faollari va xalqaro tashkilotlar Xitoyni Shinjon viloyatida uyg'urlar huquqlarini poymol qilayotganlikda ayblab keladi. Ayni paytda Pekinning iqtisodiy loyihalar orqali Markaziy Osiyoda o'z ta'sir doirasini oshirib borayotgani ham kuzatuvchilar diqqat markazida. Xitoyning Shinjon siyosati va Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqasi o'rtasida qanday bog'liqlik bor? Amerikalik xitoyshunos tadqiqotchining aytishicha, Pekin siyosati geosiyosiy va strategik maqsadlarga xizmat qiladi.

Xitoyning Markaziy Osiyo siyosati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:04 0:00

Markaziy Osiyo mamlakatlarini Osiyoning boshqa mintaqalari bilan bog’lovchi “Yangi Ipak yo’li” loyihasiga AQSh tomonidan asos solingan edi. Ammo uni amalga oshirishdan bugun, asosan, Xitoy manfaatdor ko’rinadi. Pekin bu savdo tarmog’i infratuzilmasi uchun milliardlab dollar mablag’ yotqizishga tayyor. Agar to’liq amalga oshsa, u Osiyoni Yevropa va hatto Afrika bilan bog’lashi ko’zda tutilgan. Xitoyliklar hisob-kitobiga ko’ra, savdo tizimining uzoq muddatli iqtisodiy qiymati 20 trillion dollardan oshadi.

Xitoyning bu ulkan loyihadan ko’zlayotgan maqsadi faqat moddiy manfaatdorlikmi? Amerikalik tadqiqotchi Benjamin Channing aytishicha, Pekinning mintaqada iqtisodiy intergratsiyani kuchaytirish harakatlari ortida aslida boshqa maqsadlar yotibdi.

“Xitoyning mintaqada yuritayotgan siyosati geosiyosiy ustunlikni qo’lga kiritishga qaratilgan. Pekin, kerak bo’lsa, zo’ravon va majburlovchi choralarni qo’llashga ham tayyor”, - deydi u.

Tadqiqotchi nazarida, turkiy xalq bo’lgan uyg’urlar yashovchi Shinjon viloyati va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida Pekin uchun umumiy o'xshashliklar bor.

“Birinchidan, Xitoyning xorijiy davlatlarga munosabati qanday bo’lishini Shinjonda ko’rish mumkin. Chunki Pekin Shinjonni Xitoyning bir qismi bo’lmagan, tarkibiga to’liq integratsiyalashmagan hudud sifatida ko'radi. Ikkinchidan, Xitoy Shinjonda ro’y berayotgan hodisalardan Markaziy Osiyoga yanada chuqurroq kirib borishini oqlash maqsadida foydalanishi mumkin. Uchinchidan, Pekin Markaziy Osiyoga mahsulotlarni eksport-import qilishda Shinjon hududidan foydalanadi”, - deydi Chan.

Uyg’urlar Pekinni mustabid siyosat yuritib, ozchilik xalqning dini va madaniyatini toptayotganlikda ayblaydi. Xitoy esa mintaqada zo’ravon va ayirmachi kuchlarga qarshi kurash olib borayotganini ta’kidlaydi.

Tahlilchi Chan fikricha, Pekin Shunjondagi ekstremizm va ayirmachilik harakatini atayin bo’rttirib ko’rsatmoqda va bu Xitoyning xalqaro maydondagi strategik manfaatlarini himoya qilish uchun kerak.

“Namoyishlar, zo’ravonliklar kabi hodisalar miqdorini olib ko’radigan bo’lsangiz, Shinjonda zo’ravonlik aslida u qadar katta emasligiga guvoh bo’lasiz. Masalan, Xitoyning sanoatlashgan sharqiy viloyatarida bunday hodisalar Shinjonga qaraganda ko’proq sodir bo’ladi. Lekin raqamlarni ommaga havola qilishga kelganda, Pekin e’tiborni, asosan, Shinjonga qaratadi”, - deydi tahlilchi.

Changa ko’ra, Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga oid ma’lumotlarning manbasi ham shubhali.

“AQSh Shinjonda razvedka markazlariga ega emas. Shuning uchun ulardagi ma'lumotlarning ham aksariyati Xitoy hukumatidan olingan. Kongress chiqargan hisobotlardan birida Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga oid internetdagi ko’plab ma’lumotlar soxta ekani aniqlangani tilga olingan. 2002-yil Xitoy bu tashkilotni ilk bor tilga olganda, ko’plab xalqaro ekspertlar uning nomini bungacha hatto eshitishmagan edi. Shuning uchun bu harakatning haqiqatdan mavjudligini shubha ostiga oluvchilar ham bor”, - deydi u.

Shinjonda aholi hayotining barcha jabhalari davlatning kuchli tekshiruvi ostida. Ta’lim, matbuot va kitoblar bosmasi qattiq nazorat qilinadi. Barcha imomlar davlat tomonidan tayinlanadi va maxsus vatanparvarlik kurslaridan o’tadi. Xorijdagi uyg'ur faollarini vataniga ekstraditsiya qilish bo’yicha Markaziy Osiyo davlatlari bilan shartnomalar imzolangan. Uyg’urlar orasidagi birdamlikni, milliy o’zlikni yo’qotish bo’yicha Xitoy muvaffaqiyatli siyosat olib bormoqda, deydi Chan.

“Har 10 yilda bir ta’lim tili o’zgartirib turiladi. Maqsad uyg’urlarning bir-biri bilan aloqasini uzish. Shuningdek, uyg’urlarning 50 foizdan ziyodi hanuz savodsiz. Ular tarixlarini o’rgana olmaydi. Uyushgan bir harakat tuzish imkoniyatiga ega emas”, - deydi tadqiqotchi.

Xitoyning Shinjondagi zo’ravon siyosatini bir necha sabab bilan izohlash mumkin, deydi Benjamin Chan.

Birinchidan, Xitoy uyg’urlar muammosini G’arbga qarshi mafkuraviy kurash vositasi sifatida ko’radi. Xitoy jamoatchiligi fikriga ko’ra, Sovet Ittifoqining qulashiga, asosan, G’arbdan kirib kelgan liberalizm va demokratiya g’oyalari sabab bo’lgan. Bunday erkinlik va oshkoralikni Pekin o’z davlatchiligi uchun jiddiy tahdid sifatida ko’radi. Shuning uchun u Shinjonda ekstremizmga qarshi kurash nomi bilan o’z siyosiy barqarorligini kuch bilan ushlab turishga intiladi.

Ikkinchidan, ayrim tahlilchilar nazarida, Xitoyning Markaziy Osiyoga qiziqishi Shinjondan boshlangan. Markaziy Osiyoga o’z ta’sir doirasini yoyishda Pekin Shinjon muammosidan foydalanishi mumkin. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yig’inlarida Xitoy Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga qarshi kurashish uchun hatto Markaziy Osiyoga o’z askarlarini kiritishni taklif qilgan edi.

Xitoy Shinjon siyosatidan ko’zlayotgan uchinchi foyda esa AQSh tashqi siyosati ta’sirini cheklashga qaratilgan harakat bilan bog’liq, deydi Benjamin Chan. Unga ko’ra, demokratiya va inson huquqlari himoyachisi sifatida ko’riladigan uyg’ur faollarini ayirmachi va zo’ravon deb tamg’alash orqali Pekin Vashingtonning aralashuvini cheklamoqchi.

Xitoyning Markaziy Osiyo siyosati faqat iqtisodiy manfaat asosiga qurilmaganining yana bir isboti shuki, Pekinning bu yerda amalga oshirayotgan ulkan loyihalari foydadan ko’ra ko’proq zarar keltirmoqda, deydi amerikalik kuzatuvchi.

“Masalan, Xitoyning “Petro China” davlat kompaniyasi 2013-yilni 6 milliard dollar zarar bilan yopdi. Markaziy Osiyodan sotib olinayotgan tabiiy gaz narxi foyda keltirmaydi. Quvur xarajatlarini qo’shib hisoblaganda, gazni import qilish va uni Xitoy ichida sotishdan daromad yo’q. 2014-yil Markaziy Osiyo gaz quvurlarining o’z sig’imidan 50 foiz kam gaz tashigani sababi ham shunda”, - deydi tahlilchi.

Moddiy daromad bo’lmasa, mintaqaga buncha ulkan sarmoya kiritishdan Xitoyga nima naf? Shu savolning o’zi bu loyihalar ortida, asosan, strategik maqsadlar yotganini ko’rsatadi, deydi Chan.

“Avvalo, Xitoy energiya mustaqilligini qo’lga kiritmoqchi. O’z gaz quvurlariga ega bo’lish orqali u cheklanmagan miqdordagi muntazam zaxiralarga ega bo’ladi. Ikkinchidan, bu ishga uchinchi bir davlat hududlarining aralashgani ham Xitoy uchun manfaatli. Chunki, masalan, agar AQSh Xitoy yo’lini to’sish harakatiga tushsa, Xitoy quvurlari joylashgan Qozog’istonga kirib bu ishni amalga oshirishi ancha qiyin. Chunki bu ishga endi Qozog’istonning manfaatlari ham aralashgan. Uchinchidan, Xitoy favqulodda holatlar uchun kerak bo’ladigan strategik energiya zaxiralari hajmini oshirishni ko’zlamoqda. U o’z hududida bir necha yilga yetadigan energiya zaxiralarini g’amlab olish harakatida”, - deydi olim.

Xitoyning energiya ehtiyojini neftdan ko’ra ko’proq tabiiy gaz hisobiga qondirish yo’lidan borayotgani ham Rossiya va Markaziy Osiyo bilan aloqalarni kuchaytirishga kirishganining sabablaridan biridir, deydi Chan.

Global bozorda narxi tez-tez o’zgarib turadigan va muntazam oqib turuvchi quruvlar orqali emas, balki tankerlarda tashiladigan neft mamlakatlar uchun strategik jihatdan barqaror energiya manbasi bo’la olmaydi. Gaz esa Xitoy kompaniyalari tomonidan qurilgan va to’liq ular nazorati ostida ishlaydigan quvurlar orqali oqadi va ularning narxi va ta’minoti strategik jihatdan barqaror va muntazamdir. Benjamin Channing ta’kidlashicha, Rossiya va Markaziy Osiyo tabiiy gaz quvurlari 2020-yilga borib Xitoy ehtiyojini 60 foizgacha qondirish salohiyatiga ega bo'ladi.

Sharqiy Osiyodagi hududiy bahslar yuzasidan bosimlar kuchaygan bir paytda, Xitoy AQSh xayrixoh bo’lgan “Yangi Ipak yo’li” loyihasini rivojlantirish orqali Vashington bilan ziddiyatlarini kamaytirmoqchi, degan qarash ham bor.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG