Breaking News

AQSh Misrda tarafkashlikdan o'zini tiymoqda


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Qohirada Oliy harbiy kengash raisi feldmarshal Husayn Tantaviy bilan uchrashmoqda, 15-iyul, 2012-yil
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Qohirada Oliy harbiy kengash raisi feldmarshal Husayn Tantaviy bilan uchrashmoqda, 15-iyul, 2012-yil
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Misrga ikki kunlik safarini yakunlab, Isroilga yo'l oldi. Kecha mamlakat prezidenti Muhammad Mursiy bilan uchrashuvdan so'ng Klinton bugun Qohirada Oliy harbiy kengash rahbari feldmarshal Muhammad Husayn Tantaviy bilan uchrashdi.

Misr sobiq prezidenti Husni Muborak o’tgan yili xalq namoyishlari ketidan hokimiyatdan ketgach, Tantaviy va kengash mamlakatni vaqtincha boshqargan.

Klinton va Tantaviy Misrdagi siyosiy jarayonlar, fuqaro huquqlarining ta’minlanishi, mintaqaviy barqarorlik xususida gaplashgan. AQSh rasmiysi nasroniy yetakchilar va ayol faollar bilan ham uchrashdi.

Yaqinda saylangan Mursiy harbiy kengash bilan chiqisha olmayapti, ammo Qo'shma Shtatlar Misr ichki siyosatiga aralashishni afzal topmayapti.

Qo’shma Shtatlar Misrni o'tish jarayonida qo'llab-quvvatlaydi, dedi Klinton. Uning aytishicha, hozirda eng ustuvor vazifa iqtisodiyotni ko'tarish. Klinton Misrda kichik va o’rta biznes uchun 60 million dollarlik jamg’arma tuzilganini hamda xususiy sektorda kreditlarni kafolatlash uchun 250 million dollar ajratilganini ma’lum qildi.

Siyosiy beqarorlik Misr iqtisodiyoti va turizm sohasiga zarar yetkazgan. AQSh yordam tariqasida bir milliard dollargacha qarzidan kechishi mumkin.

Klinton Tantaviyni ayollar va ozchilikdagi guruhlar huquqlarini ta'minlashga chaqirdi. Uning aytishicha, harbiylarning asosiy roli xavfsizlikni ta'minlash bo'lishi kerak, biroq boshqaruv tizimini Misr xalqi muloqot va murosa orqali o'zi hal etsin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG