Breaking News

Misrdagi siyosiy o'zgarishlar Amerika bilan aloqalarga qanday ta'sir qiladi?


Inqilob demokratiya deganimi? Post-Revolution Democracies
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:53 0:00
Yuklab oling

Inqilob demokratiya deganimi? Post-Revolution Democracies

Misrda islomiy harakatdan chiqqan yangi prezident Muhammad Mursiy shanba kuni qasamyod keltirdi. Bunday siyosiy o'zgarishning AQSh-Misr munosabatlariga ta'siri qanday bo'lishi mumkin?

Bir yarim yil oldin sobiq prezident Husni Muborakni iste'foga chaqirib, Qohiraning Tahrir maydonida namoyish qilgan odamlar endi shu joyda demokratik ravishda saylangan Muhammad Mursiyning g'alabasini nishonladi.

Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti tahlilchisi Deyvid Shenkerning aytishicha, Misrni erkin va adolatli saylov o'tkazgani uchun olqishlash kerak, biroq bu faqat boshlanishi.

"Siyosat boshida harbiylar turibdi, saylangan rasmiylarga bo'ysunmaydi hali", - deydi tahlilchi.

Shenker nazarida bu AQSh bilan aloqalarga ta'sir qilishi mumkin.

"Mursiyga hukumatni tartibga solish uchun Qo'shma Shtatlar bir oz vaqt berishi kerak. Biz esa siyosatimizni shunga qarab to'g'rilaymiz. Misrga yiliga 1,5 milliard dollar beramiz. Bu yordam to'xtamasligi lozim. Ammo Kongress yangi hukumatga cheksiz yordam beraveradi deb o'ylamayman", - deydi u.

G'arb islomiy partiyalar Misrda kuchaysa, ayollar huquqlari cheklanadi degan xavotirda.

Biroq Misr, Tunis, Suriya, Liviya va Yamanda o'tkazilgan so'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, ayollar ham erkaklar kabi shariatning keng qo'llanilishiga qarshi emas.

"So'rovni o'tkazgan Gallup tashkiloti xodimi Daliya Mujohidning aytishicha, qarshilarning soni juda ham oz. Misr va Yamanda 1-2 foiz, Tunisda 10 foiz. Ya'ni mintaqada mutlaq ko'pchilik jamiyatda shariatning roli kattaroq bo'lishini xohlaydi. Tunis va misrdagilar ham shariat, ham boshqa qonunlarning qo'llanilishini istaydi", - deydi u.

Vashingtondagi Jorjtaun universitetida Zamonaviy arabshunoslik markazi xodimi Odil Iskandarning aytishicha, ko'p jihatdan siyosiy islomiy kuchlar arab davlatchiligi uchun kurashgan millatchi guruhlar zaiflashgani oqibatida vujudga kelgan bo'shliqni to'ldirmoqda.

"Islomiy partiyalar yaxshi uyushgan, ishni puxta bajarishadi", - deydi u.

Tahlilchi nazarida Qo'shma Shtatlar vaziyatni kuzatmoqda.

"Nazarimda AQSh hukumati demokratik jarayon natijasida hokimiyatga kim kelsa kelsin, o'zaro manfaatlar zarar ko'rmasin, deyishga o'tgan. Bu Amerikaning mintaqaga doir tashqi siyosatidagi eng katta o'zgarishdir", - deydi u.

Bu davlatlarda hokimiyatga kelgan rahbarlar mas'uliyatni his etmoqda.

"Xoh Tunisdagi an-Nahda partiyasi bo'lsin, xoh Misrdagi Musulmon Birodarlar, xoh Liviyadagi maydaroq guruhlar bo'lsin, xalqqa bergan va'dalarining ustidan chiqmas ekan, hokimiyatda uzoq turib qolishmaydi", - deydi Odil Iskandar.

Prezident Obama Muhammad Mursiyni g'alabasi bilan tabriklar ekan, Qo'shma Shtatlar Misrni demokratiyaga o'tish jarayonida qo'llab-quvvatlab, xalqi bilan birga inqilob va'dalarining ijrosini kutib qoladi, dedi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG