Breaking News

Tramp sobiq advokati Kongressda unga qarshi ko’rsatma berdi


Donald Trampning uzoq yillik sobiq advokati Maykl Koen Kongressdagi tinglovda prezidentni irqchi, yolg’onchi va firibgar deb atadi. Tramp saylov shtabining Rossiya bilan aloqalarini aniqlash maqsadida ta’sis etilgan maxsus prokuror tergovi natijasida Koen qator moliyaviy jinoyatlarda hamda Kongressga yolg’on ko’rsatma berganlikda aybiga iqror bo’lib, uch yillik qamoq jazosiga mahkum etildi.

Vakillar palatasining Nazorat va islohot qo’mitasida o’tgan tinglovda Maykl Koen Tramp, prezident saylovlari, Tramp saylov shtabining Rossiya bilan aloqalari xususida qonunchilar savollariga javob berdi.

Koenning aytishicha, Tramp 2016-yil saylov kampaniyasi paytida uning shirkati Moskvada osmono’par bino qurilishi xususida muzokara qilayotganini bilgan va Koenga bu haqda Kongressga yolg’on ko’rsatma berishni buyurgan. Saylov paytida nomzod Tramp Rossiyada hech qanday biznesi yo’qligini aytgan edi.

Koenga ko’ra, Tramp saylovda g’alaba qilishini kutmagan edi.

“Donald Tramp mamlakatimizni emas, o’z kompaniyasi brendini buyuk qilish uchun saylovda qatnashgan. Davlatni boshqarish xayolida ham bo’lmagan. U o’zini ko’z-ko’z qilishni, boyligi va qudratini oshirishni ko’zlagan, xolos. Saylov kampaniyasi u uchun hamisha marketing uchun bir imkoniyat bo’lgan”, - dedi Koen.

50 ming dollarlik jarima va uch yillik qamoqqa mahkum etilgan sobiq advokat may boshida jazo muddatini o’tashni boshlaydi.

Shimoliy Koreya rahbari bilan uchrashuv uchun Vyetnamga borgan Tramp Koenning Kongressdagi chiqishidan oldin “Twitter”da sobiq advokatining so’zlariga ishonmaslikka chaqirdi. Trampning aytishicha, Koen jazo muddatini qisqartirish umidida yolg’on gapirishga majbur, chunki uning firiblari va yolg’onlari tufayli Nyu-York shtati Oliy sudi uni advokatlik litsenziyasidan mahrum qilgan.

Qo’mitaning respublikachi a’zolari Koenni o’ta zaif guvoh deb atadi.

Koenning aytishicha, u Tramp bilan 2000-yillar boshida shahvoniy aloqada bo’lganini da’vo qilgan porno aktrisa Stormi Denielsning og’zini yopish uchun ayolga 130 ming dollar pul bergan, Tramp esa keyinchalik bankdagi xususiy hisob raqamidan bu pulni Koenga 11 ta imzolangan chek orqali qaytargan. Koen tinglovni uyushtirgan qo’mitaga 35 ming dollar miqdordagi cheklardan birining nusxasini ko’rsatdi.

Sobiq advokat Trampning saylov shtabi Rossiya bilan til biriktirganiga doir dalili yo’qligini aytadi. Maxsus prokuror Robert Myuller salkam ikki yildan beri aynan shuni tergov qilib kelmoqda. Tramp tanqidchilariga ko’ra, Rossiya unga saylovda g’alaba qilishga yordam bergan.

Trampni firibgar deb tasvirlagan Koenga ko'ra, badavlat insonlar ro’yxatiga tushish uchun Tramp kompaniyasi boyligini bo’rttirib ko’rsatgan, ko’chmas mulkidan kamroq soliq to’lash uchun esa aktivlarini kamroq ko’rsatishga harakat qilgan.

Sobiq advokat davlat rahbarini irqchi deb ham atadi.

“Amerikaliklar Trampning oq tanli irqchilar haqidagi iliq so’zlarini, qashshoq davlatlarga nisbatan “axlatga botgan mamlakatlar” degan gaplarini yaxshi xotirlaydi. O’zaro suhbatlarda esa u bundan ham battar. Bir kun u mendan “qora tanli rahbar boshliq birorta tuzukroq mamlakat bormi” deb so’radi. Bu Barak Obama Amerika prezidenti bo’lgan paytda aytilgan. Chikagoning qashshoq mahallalaridan o’tganimiz esimda. Shunda Tramp menga “bunday sharoitda faqat qoralar yashashi mumkin” deb aytgan. “Qora tanlilar menga hech qachon ovoz berishmaydi, chunki ularning miyasi aynigan” deganini ham eslayman”, - dedi Koen.

Tramp sobiq advokatining unga qarshi ko’rsatmalari davlat rahbarining impichmentiga sabab bo’ladimi, yo’qmi, hozircha noma’lum, biroq yaqin kunlarda Amerika matbuoti Koenning tinglovdagi gaplarini tinmay tahlil qilishi aniq.

Maykl Koen uch yildan ko’proq muddatga qamalishi mumkin edi, biroq tergovchilar bilan hamkorlikka rozi bo’lgani uchun jazo muddati qisqartirildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG