Breaking News

So'rov: O'qimagan amerikaliklar hayotda yolg'izroq


Merrimak kollegi bitiruvchilari, Massachusetts shtati

Oliy ta'lim shaxsga nafaqat iqtisodiy imkoniyatlar beradi, balki uning ijtimoiy doirasini ham kengaytiradi. Shu bois o'qimishli insonlar baxtliroq yashaydi, chunki do'stlari ko'proq. Amerikada olib borilgan so'nggi tadqiqotlar shunday xulosaga yetaklaydi.

Izlanishlarga boshchilik qilgan olim, AQSh Biznes instituti eksperti Daniel Koks deydiki, amerikaliklar bugun, umuman olganda, 30 yil oldingiga qaraganda kamroq tanishga va yaqin insonlarga ega.

"Insonlar yolg'izlashib bormoqda. Biz izlanishlarimizda ikki guruh bu borada ayniqsa qiynalayotganiga ahamiyat qaratdik: erkaklar va oliy ta'lim olmagan odamlar".

Nyu-York barlarida, 17-may, 2021
Nyu-York barlarida, 17-may, 2021

Koks yetakchiligida bir guruh olimlar Amerika bo'ylab 5054 kishi bilan muloqot qilgan. O'qimishli odamlar, qay jins vakili bo'lmasin, diplomsiz insonlarga qaraganda to'qroq va ruhan tetikroq ekani aniqlangan. Diplomlilar orasida ham yolg'izlar, o'zini baxtsiz va himoyasiz hisoblaydiganlar ko'p, ammo diplomsizlar bilan taqqoslaganda kamroq.

Bakalavr, magistr va doktorlik darajasiga ega amerikaliklar jamoat ishlarida faolroq, siyosat va atrof-muhitga nisbatan e'tiborliroq. Olimlar muntazam kuzatishicha, oliy ta'lim olmaganlar jamiyatda o'zini topishda ko'proq qiynaladi.

"Oldinlari amerikaliklar ibodatxonalar, oila va turli uyushmalarga ko'proq tayanar edi. Hozirga kelib, ularning roli tushib ketgan. Bu tizimlar odamlarga oldingidek ruhiy quvvat bera olmayapti. Bu ayniqsa universitet ko'rmagan insonlar hayotini qiyinlashtirgan".

Oldingi tadqiqotlar oliy ma'lumotli odamlar oila qurishda ham ko'proq imkoniyatlarga ega ekanini ko'rsatgan edi.

2012-yildagi so'rov, xususan, universitetda o'qigan ayollarning turmushga chiqish ehtimoli yuqoriroq ekanini ko'rsatgan.

San-Fransiskoda to'y, 22-oktabr, 2021
San-Fransiskoda to'y, 22-oktabr, 2021

So'nggi so'rovda qatnashgan oliy ma'lumotli amerikaliklarning 65 foizi oilali, bunday ma'lumotga ega bo'lmaganlarning esa 50 foizi. 30 yil oldin tekshirilganida bu ikki guruh orasidagi farq ozroq edi.

Pyu tadqiqot markaziga ko'ra, bugun amerikaliklarning katta qismi dindan ancha uzoqlashgan. 2009-yilda o'zini biror e'tiqodga yaqin ko'rmaganlar 17 foiz bo'lgan bo'lsa, 2018 va 2019-yilda 26 foiz shunday degan.

Hozirda amerikaliklarning 11 foizga yaqini kasaba uyushmalariga kiradi. Bundaylar ham tobora ozayib bormoqda.

Nyu-Yorkda Santexniklar uyushmasi a'zolari namoyish qilmoqda, 15-dekabr, 2021
Nyu-Yorkda Santexniklar uyushmasi a'zolari namoyish qilmoqda, 15-dekabr, 2021

So'nggi so'rovlarda o'qimishli 10 amerikalikdan biri yaqin do'stlari va suyanadigan odamlari yo'qligini aytgan bo'lsa, har to'rt o'qimagan odamdan biri shunday degan.

"Ko'rib turibmizki, diplomsiz amerikaliklarning 25 foizi yo'lg'iz", - deya xulosa qiladi Koks. "30 yil oldin farq bunchalik ko'p emas edi".

Olimlar tavsiyasi shuki, jamoat tashkilotlari bunday odamlarga yordam berish uchun yangi loyihalar boshlashi kerak. Amerikaliklar bir-biri bilan tanishib, atrofida ularga malham bo'ladigan doiraga ega bo'lmas ekan, ijtimoiy illatlar ham kuchayaveradi, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG