Breaking News

Odam savdosi Amerikada ham og'ir masala


Odam savdosi qurboni Shandra Vovoruntu Kongress binosi oldida o'tkazilgan matbuot konferensiyasida so'zlamoqda, 20-may, 2014-yil.
Odam savdosi qurboni Shandra Vovoruntu Kongress binosi oldida o'tkazilgan matbuot konferensiyasida so'zlamoqda, 20-may, 2014-yil.
Ko’plab amerikaliklar odam savdosi faqat olis mamlakatlardagina ro’y beradigan jinoyat deb hisoblashadi. Ammo har yili AQShga 17 ming odam, asosan, qizlar noqonuniy yo’llar bilan olib kiriladi. Bu raqamga mamlakat ichida o’g’irlanib fohashilik qilishga majburlanganlar kiritilmagan. Bunday jinoyatga qarshi kurash choralarini kuchaytirish maqsadida AQSh Vakillar palatasi bir necha yangi qonun loyihasini tayyorladi.

Odam savdosi qurboni bo’lgan Shandra Vovoruntu o’zi kabi aziyat chekkanlar uchun yordam xizmatlari ko’paytirilishini istaydi. U asli indoneziyalik. Oliy ma’lumotli, o’z vaqtida moliyaviy tahlilchi sifatida ishlagan. Siyosiy beqarorlik oqibatida ishini yo’qotgach, Vovoruntu mehmonxona sohasida ishlashni umid qilib 2001-yil AQShga keladi. Ammo uni Nyu-York aeroportidan o’g’irlab, fohishalik qilishga majburlashadi.

“Kelgan kunim meni kimdir kutib oldi. Orqasi yopiq mashinaga joylab, pasport va biletlarimni olib qo’ydi. O’sha kunning o’zidan men yashirin fohishalik biznesiga majburlandim”, - deydi u.

Vovoruntu qochishga muvaffaq bo’ldi. Uni o’g’irlagan odam hozir qamoqda. Nodavlat tashkiloti yordamini olgan Vovoruntu hozir o’zi ham boshqalarni bunday jinoyatdan ogoh bo’lishga chaqirmoqda.

Demokrat va respublikachi qonunchilar birgalikda shtatlar va mahalliy hukumatlarga odam savdosi qurbonlariga yordam beradigan yangi markazlarni ochishda hamda o’g’irlangan ayollarni qutqarishda ko’maklashuvchi beshta yangi qonun loyihasini tayyorladi. Vakillar palatasidagi ko’pchilik yetakchisi Erik Kantor bu haqda shunday deydi:

“Biz bu masalaga jiddiy qarashimiz kerak. Nafaqat respublikachilar yoki demokratlar sifatida, balki ota, ona, opa va akalar sifatida. Biz farzandlarimizni himoya qilishimiz kerak”, - deydi u.

Kongressmen Karolin Meloni o’n yildan ziyod xalqaro miqyosda odam savdosiga qarshi kurashib keladi.

“Yer yuzida bundan ko’ra og’irroq jinoyat, jamiyatlar va odamlar uchun bundan kattaroq tahdid yo’q”, - deydi u.

Vakillar palatasida tayyorlangan qonunlar Senat tasdig’idan o’tishi kerak. Ularda, shuningdek, sudyalar va politsiyachilarga yosh bolalardan jinsiy maqsadlar yo’lida foydalangan shaxslarni ham odam savdosi bilan shug’ullanganlar sifatida tasniflash tavsiya etilgan. Fohishalikka majburlanuvchi qizlarning o’rtacha yoshi 13 da, bolalarniki esa 12 da ekani aytiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG