Odam savdosiga qarshi kurashish uchun yarim milliard dollar

  • Amerika Ovozi

AQSh Vakillar Palatasi, demokrat va respublikachilar, inson savdosiga qarshi kurashga qaratilgan uch qonun loyihasini yangiladi. Eng tez o’sayotgan bu jinoyat turi yer yuzining har bir davlatida bor muammo. Kongress zamonaviy qulchillika chek qo’yishga doir dasturlarga 520 million dollar ajratmoqchi.

Senator Ben Kardin inson savdosi oqibatlarini shunday tasvirlaydi:

“Bu odamlarni majburiy mehnatga jalb etish, ularni erkinlikdan ayirish, qonunlarni oyoq osti qilish, korrupsion jinoyatlar sodir etish demakdir”.

Odam savdosi - 150 milliard dollarlik sanoat. Uning tuzog’iga tushganlar 20 millionni tashkil etadi. Yarmidan ko’pi xotin-qizlar.

Bu boradagi ahvol eng ayanchli bo’lgan davlatlar ro’yxatiga AQSh yaqinda Rossiya, Eron va Suriya qatoriga Xitoyni ham qo’shdi. Vakillar Palatasida ovozdan o’tgan qonun loyihalarida odam savdosiga qarshi kurashga millionlab dollar ajratish va’da qilingan.

“Resurslar eng og’riqli masala. Jabrdiydalarga yordam ko’rsatish, himoya qilish, ularni vaqtincha boshpana bilan ta’minlash va huquqiy xizmat ko’rsatish uchun resurslar kerak. Qulchilikka mahkum bo’lganlar, bilasiz, bor-butidan ayriladi”, - deydi Andrea Pauel.

U boshqaradigan tashkilot aynan reabilitatsiya masalalari bilan shug’ullanadi.

“Muammo ko’z oldimizda bo’lsa ham ko’rmaymiz”, - deydi Pauel.

AQShning o’zi ham odam kontrabandasi ildiz otgan jamiyatlardan biri.

“Ko’pchilik bu muammo bizdan olisda, xorijiy mamlakatlarda deb o’ylaydi. Afsuski, bu ayanchli holatga har bir jamiyatda guvoh bo’layapmiz”, - deydi Kongress a'zosi Kristi Noem.

Zamonaviy qulchilik haqida bir necha yildan buyon bong urib kelayotgan kongressmen Kris Smit fikricha, yondashuvni o’zgartirish kerak.

“Jinoiy to’dalardan tortib olingan milliardlab dollarni jabrdiydalarga yordam jamg’armasi tuzish uchun ishlatish zarur”, - deydi u.

Qonunchilardan yana bir ogohlantirish: qat’iy chora ko’rmayotgan hukumatlar Amerikadan harbiy yordam ololmaydi.

Shila Jekson - texaslik qonunchi. Bu shtatning Xyuston shahri azaldan odam savdosi o’chog’i.

"Xyuston yirik metropolis. Oddiy biznes niqobi ostida faoliyat yuritayotgan joylar aslida qora ishlar bilan band bo’lishi mumkin. Odam savdosi qurbonlari haq-huquqsiz, qo’rquvda hayot kechiradi, boshqa tilda so’zlaydi. Bu balodan qutulish uchun birgalikda harakat qilishimiz lozim”, - deydi Kongress a'zosi.

Kurash global miqyosda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG