Breaking News

Respublikachilar Oq uyni vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblamoqda


Senatda ozchilik sardori, respublikachi Mitch Makkonel
Senatda ozchilik sardori, respublikachi Mitch Makkonel
Prezident Barak Obama AQSh soliq xizmatining ayrim rasmiylarini konservativ guruhlarni ataylab nishonga olganlikda ayblab, aybdorlarni jazolashga so’z berdi. Biroq respublikachilar nazarida Oq uy ma’muriyati vakolatini suiiste’mol qilmoqda.

Xususan, Adliya vazirligi jurnalistlar huquqlarini buzganlikda, Obama ma’muriyati o’tgan yili Liviyada AQSh elchisining o’limiga aloqador dalillarni yashirganlikda ayblanmoqda.

Nebraska shtatidan saylangan senator Deb Fisher respublikachilar e’tirozini sanab o’tdi.

"Adliya vazirligi va soliq xizmati ijrochi hokimiyatning vakolatini suiiste’mol qilganiga ikki misol xolos. Prezidentning ba’zi rasmiylarni ma’lum lavozimlarga konstitutsiyaga xilof holda tayinlagani, Atrof-muhit muhofazasi boshqarmasining faollarga ayrim maxfiy ma’lumotlarni oshkor etgani, hukumatning Bing’ozidagi konsullik xizmatiga qarshi uyushtirilgan hujumdan keyingi sust munosabatini ham qoralaymiz", - dedi senator.

Senatda ozchilik sardori Mitch Makkonel Oq uy ma’muriyatini o’tmishda oshkora siyosat yuritmaganlikda ayblab, Kongress a’zolariga ma’lumot olish uchun rasmiylarni so’roqqa tutish huquqining berilishini talab qildi.

"Amerikaliklar bizdan har bir masalaning tagiga yetishni, aybdorlarni javobgarlikka tortishni, tartibni ta’minlashni talab qilmoqda. Soliq xizmati betaraf bo’lishi, ma’muriyatning siyosiy manfaatlariga xizmat qilmasligi kerak. Kongress nazoratni to’g’ri ijro etishi uchun Oq uy qonunchilar so’roqqa tutishni lozim topgan rasmiylarga biz bilan suhbat uchun ruxsat berishi zarur", - dedi Makkonel.

Adliya vaziri Erik Xolderning aytishicha, soliq xizmati harakatlarining qonuniyligi Federal qidiruv byurosi yordamida tekshirilgan.

Qonunchilar, shuningdek, Adliya vazirligining Assoshieytid Press axborot agentligida ishlovchi ko’pgina muxbirlar va muharrirlarning ikki oy davomidagi telefon qo’ng’iroqlari qaydnomasini musodara etganidan norozi.

Vazirlik bunday chora ko’rishi haqida nega oldindan bizni xabardor qilmaganini tushuntirmayapti. Bu qonunga xilof harakat, degan edi kecha Assoshieytid Press rahbarlaridan biri Ketlin Kerol.

Xabarlarga ko’ra, Adliya vazirligi 2012-yil mayida Markaziy razvedka boshqarmasining Yamanda al-Qoidaga qarshi amaliyoti haqida agentlikka kim xabar berganini bilmoqchi.

Erik Xolderning aytishicha, vazirlik buni tergov qilishga haqli.

"Maxfiy ma’lumotning jurnalistlarga uzatilgani juda ham jiddiy masala. Men 1976-yildan beri adliya bilan shug’ullanayotgan bo’lsam, bunday holga 2-3 marta guvoh bo’lganman, xolos. Bunday harakat amerikaliklar hayotini tahdid ostiga qo’yadi", - deydi adliya vaziri.

Biroq fuqarolik huquqlari va matbuot erkinligini himoya qiluvchi faollar nazarida vazirlikning bu harakati qo’rquv hissini uyg’otib, so’z erkinligini bo’g’ib qo’yishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG