Breaking News

Ayrim amerikaliklar virusdan saqlanish uchun bunkerlarga ko’chib o’tmoqda


Virus vasvasasi - bunkerlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:31 0:00

Pandemiya paytida ko’pchilikni qo’rquv bosishi tabiiy hol. Ayrim amerikaliklar qo’shimcha xotirjamlik istab ko’chmas mulk agentliklariga murojaat qilmoqda.

Odamlar uni odatda hovlisida o’rnatadi, xuddi uydek bezatadi. Ba’zi badavlat amerikaliklar uchun esa u ko’chmas mulk xarid qilishning muhim qismidir – bunkerlar.

“Bu yerda o’zimni xavfsiz his qilaman. Ichkarisi qanchalik tinch-osoyishta ekanini tasavvur ham qilolmaysiz. Ajoyib qurilgan”, - deydi Meri Soulsbey.

Meri va turmush o’rtog’i Tom Soulsbeyning Janubiy Dakotada bunkeri bor. Bir paytlar harbiy baza bo’lgan maydonda hozir xususiy bunkerlar joylashgan. Atigi ikki yil oldin bu yerda 575 ta bunker bo’sh edi. Bugun esa hammasi sotilgan.

Aksariyati yangi egalarining talabiga qarab ta’mirlanmoqda.

Soulsbeylar kutib o’tirishmadi. Jorjiya shtatidagi uylarini sotib, Janubiy Dakotaga ko’chishdi. Yangi uylari tayyor bo’lgunga qadar g’ildirakli uychada yashab turishadi.

“Jorjiyada pandemiya kuchaya boshlaganida tabiat qo’ynida, mashinada yashayotgan edik. Mening yoshim va Merining sog’ligi tufayli virus biz uchun o’ta xatarli. Shuning uchun shahrimizdagi 4 million qo’shnimizni bu yerdagi 30 qo’shniga almashdik”, - deydi Tom Soulsbey.

“Vivos xPoint” kompaniyasi rahbari Robert Visinoga ko’ra, pandemiya AQShni qamrab olganidan so’ng boshqalar ham o’xshash qarorga kelgan.

“Bizga murojaatlar 2000 foizga oshdi, avvalgidan 20 baravar ko’p. Amerikada va dunyo bo’ylab biz qurib beradigan boshpanalarga talab 400 foizga oshdi”, - deydi Visino.

Talab misli ko’rilmagan darajada o’sishi Texasdagi bunker sotuvchilari e’tiborini ham tortdi. Bunday inshootlar odamlarni koronavirusdan himoya qilmasa-da, xaridorlar o’zini xavfsiz his etishi aniq.

“Telefonim har 2-3 daqiqada jiringlaydi, odamlar bunkerlar to’g’risida so’rashyapti. Ko’chilik nazarida, koronavirus faqat boshlanishi, kelajakda bundanda kattaroq bir falokat ro’y berishi mumkin. Odamlar tayyor bo’lishni istaydi”, - deydi “Atlas Survival” kompaniyasi rahbari Ron Xabbard.

Eng yomon ssenariyga tayyor turish – AQShda ana shuni o’ziga shior qilgan toifa bor. Ular oziq-ovqat va anjomlarni g’amlab qo’yadi, o’zi uchun boshpana quradi.

“Onlayn muhokamalarga qarasangiz, bu harakat a’zolari “mana ko’rdingizmi, biz jinni emasmiz, xavotirlarimiz asosli ekan deyishyapti”, - deydi antropolog Chad Xadlston.

Xadlston shu harakat a’zolarini, ularning dunyoqarashini o’rganadi. Uning aytishicha, bunker sotib olish ayrimlar uchun yomon g’oya emas.

“O’zingizni xotirjam his qilasiz. Ammo haqiqiy pandemiya yoki falokat ro’y berganda, bunkerga qochib mutlaqo xavfsiz bo’laman, hayotimni ichida o’tkazaman deb o’ylash – bu fantaziya”, – deydi olim.

Tom va Meri Solsbey jamg’arib qo’ygan pullarining uchdan bir qismini bunkerga sarflashdi. Bir necha oydan so’ng qizimiz va nevaralarimizni biz bilan turishga taklif qilamiz, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG