AQSh Prezidenti Donald Tramp va ikki respublikachi senator qonuniy immigratsiya darajasini kamaytirishga qaratilgan qonun loyihasini taklif qildi.

Davlat rahbariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar yillar davomida quyi malakali muhojirlar xizmatidan foydalangan va taklif etilayotgan yangi tizim ball asosida joriy etiladi, ya’ni Amerikada yashamoqchi bo’lgan muhojirning ingliz tili darajasi hamda professional malakasi grin karta olishda inobatga olinadi.

“Bu hujjat iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan amerikalik oilalarga g’amxo’rligimizdan dalolat. Ularning ehtiyojlari, Amerika ehtiyoji birinchi navbatdadir”, - dedi Tramp.

Davlat rahbariga ko’ra, AQShga kelayotgan malakasiz muhojirlar sonini qisqartirish orqali ish topolmay qiynalayotgan amerikalik oilalar maoshini oshirsa bo’ladi.

Yil boshida senatorlar Tom Kotton va Deyvid Perdyu ishlab chiqqan qonun loyihasida qonuniy immigrantlar sonini yiliga bir milliondan 500 mingga tushirish, Amerikaga ko’chib kelgan muhojirlar oilasi a’zolariga grint karta sonini cheklash, har yili o’ynaladigan grin karta lotereyasini to’xtatish va umuman grin kartani olish jarayonini qiyinlashtirish ko’zda tutiladi.

Hujjat Senatdan nariga o’tgani yo’q hozircha.

Senator Kottonning aytishicha, Amerikaga kelayotgan har 15 odamdan atigi bittasi malakalidir. Malakasiz muhojirlar soni qisqarsa, deydi u, mehnat bozorida ular bilan raqobatni boy berayotgan mahalliy ishchilarning turmush tarzi ancha yaxshilanib, iqtisodiy rivojlanish ta'minlanadi.

"Hozirgi tizim amerikalik ishchilarni o'ylamaydi", - deydi qonunchi.

Qonun loyihasini muhokama qilish uchun Tramp bu ikki senator bilan ikki bor uchrashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG