Trampning takliflari: Devor, grin karta, minglab chegarachilar

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp Kongressga immigratsiya islohotiga doir takliflarini yubordi. Qonunchilardan grin karta lotereyasi qoidalarini o’zgartirish, minglab chegarachilarni yollash va Meksika bilan chegarada devor uchun mablag’ so’ralgan. Bu talablar bajarilsa, Tramp muxolifat bilan hujjatsiz muhojirlar taqdiri haqida gaplashishga rozi. Ularni deportatsiyadan himoya qiluvchi dastur tugatilmoqda.

Amerikaga bolaligida olib kelingan muhojirlar Kongressdan najot kutmoqda. Obama davrida yo'lga qo'yilgan dastur doirasida ular har ikki yilda hujjatlarini yangilab, ishlamoqda, ta'lim olmoqda. Qurolli kuchlar safida xizmat qilayotganlari ham bor.

“Orzularingiz amalga oshadi, ishoning”, - deydi Linzi Grem, yaqinda Kapitoliyda bir guruh yoshlar bilan uchrashgan respublikachi senator.

Ammo Prezident Trampning o’z shartlari bor. Saylov kampaniyasida u tarafdorlariga chegarada devor va’da qilgan. Oq uy immigratsiya islohoti doirasida devor qurilishi uchun pul so’rayapti. Tramp prezidentlikka saylanayotganida devor xarajaratlarini Meksika qoplashini aytgan edi.

“Chegara xavfsizligi haqida yillardan buyon gapiramiz. Gapdan ishga o’tish uchun imkoniyat bor”, - deydi Trampning partiyadoshi Maykl Makkol.

Demokratlar devor haqida eshitishni ham istamaydi.

AQSh-Meksika chegarasining ayrim qismlarida, tog’lar va cho’llarda devor qurilmasligi aniq. Respublikachilar ham buni biladi.

“Dengizning u yog’idan bu yog'iga devor qurish ham samarasiz, ham qimmat”, - deydi kongressmen Vill Herd.

Boshqalar nazarida tezlikda chora ko’rmasa bo’lmaydi.

“Prezidentning fikrlariga qo’shilaman, - deydi kongressmen Jon Retklif. - Chegarada nazorat sustligi noqonuniy immigratsiyani rag’batlantiradi. Jinoyatchilar, gangsterlar, kontrabandachilar Amerikaga kirib, shaharlarimizda jinoyat ko’lami oshadi. Bularning oldini olish kerak”.

Tramp so'rayotgan 10 ming chegarachi va immigratsiya xodimlarini yollash qimmatga tushadi.

“Devor o'zi kimga muhim? Amerika xalqigami yoki prezidentgami?” - deb so'raydi demokrat qonunchi Val Demings.

Demokratlar immigratsiya tizimini tubdan o’zgartirish vaqti kelganini aytmoqda.

“Islohotni real vaziyatdan kelib chiqib amalga oshirish kerak”, - deydi qonunchi Lou Korrea.

Minglab yosh muhojirlarni deportatsiyadan himoya qiluvchi DACA dasturi 2018-yil mart oyigacha davom etadi. Kongress o'shangacha noqonuniy muhojirlar yuzasidan bir to'xtamga kelishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG