Breaking News

Qochqinlar inqirozi haqida ikki film, ikki talqin


Turkiyadagi Suruj shahrida panoh topgan suriyalik qochoqlar.
Turkiyadagi Suruj shahrida panoh topgan suriyalik qochoqlar.

Yaqinda ekranga chiqqan ikki hujjatli film suriyalik qochqinlar va ularga jahondagi munosabat mavzusini ko'taradi. Apo Bazidiyning "Kobani, hayot uchun isyon" ("Kobane, Resistance is Life") nomli filmi Suriya shimolidagi kurdlar shahri Kobani qamali haqida hikoya qiladi.

Shaharni 2014-yilda "Islomiy davlat" radikal guruhi bosib olib, aholini uyini tashlab chiqishga majbur qilgan edi. Tonislav Xristovning "Odil pochtachi" ("The Good Postman") nomli filmida Bolgariyadagi aholisi, asosan, keksalardan iborat qishloqda qo'shni Turkiyadan kelayotgan qochqinlarga munosabat haqida so'z boradi.

2014-yilning yozi, "Islomiy davlat" to'dasi Suriyadagi Kobani shahrini shafqatsizlarcha bosib oldi. Aholi, ayol va erkaklar birday yarim yil qarshilik ko'rsatishdi.

Qamal chog'ida minglab odamlar qo'shni Turkiyaga qochdi. Filmimiz qahramoni Turkiyaning Suruj shahridagi qochoqlar lagerida jon saqlayotgan oilalardan.

"Bolalarim omon qolishiga ko'zim yetmagan kunlar bo'ldi", - deydi ona.

Sakkiz yashar Evlin oilaning eng katta farzandi.

"O'qish va yozishni o'rganayapman. O'qimishli bo'lishim kerak. Busiz odam bo'lish qiyin", - deydi u.

Aqlli, gapga chechan Evlin hujjatli filmning bosh qahramoni. Kobani aholisi taqdiriga shu qizaloq ko'zi bilan qaraymiz.

Apo Bazidiyning "Kobani, hayot uchun isyon" hujjatli filmi kurd jangchilari, jumladan, ayol va erkaklarning kurashi haqida. Kobani vayrona, kultepaga aylangan manzil bugun.

Shunga qaramay, ko'plar vatan deb uylariga oshiqadi. Evlin va uning oilasi kabi o'n minglab boshqa odamlar qochoqlar lagerida qolishni afzal ko'rdi. Chunki mintaqada jangarilar xavfi hanuz kuchli. Film bu insonlar hamon yordamga muhtoj ekanini eslatadi.

"Vatanimdan umidim bor hali ham", - deydi Evlin.

Tonislav Xristovning "Odil pochtachi" nomli hujjatli filmi Yevropada qochoqlarga muomalani ko'rsatadi.

Bolgariyadagi keksa bir qishloqda merlik uchun saylovlar. Da'vogar uch nomzod o'zaro bellashar ekan, chegaradan har kuni o'tayotgan suriyalik qochqinlar asosiy mavzu.

Nomzodlardan biri kommunist tuzumni tiklashini aytib, boshqa din yoki elatlarni chiqishtirmaslik va hatto ulardan qo'rqish hissini targ'ib qiladi.

Ivan ismli liberal nomzod boshqacha yondashuv tarafdori. Sarson oilalarga eshiklarni ochib bermoqchi va ularning yordamida qishloqni jonlantirmoqchi.

Ivanni "odil pochtachi" deb ham bilishadi.

Film prodyuseri Kaarle Ahoning aytishicha, Bolgariyadagi qishloq butun boshli G'arbdagi kayfiyatni aks ettiradi.

"Bu qahramonlarni qidirib faqat Bolgariyaga borib o'tirish shart emas. Finlyandiya, Shvetsiya, Yevropaning istagan burchagida bor ular", - deydi Aho.

Bugunning dolzarb mavzusi haqidagi "Odil pochtachi" satira janrida ishlangan.

Xalqaro hayot - 29-may, 2017-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:44 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG