Breaking News

Nikson tekshiruvlardan quruq chiqolmagan, Trampchi?


Nikson tekshiruvlardan quruq chiqolmagan, Trampchi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:47 0:00

Donald Trampning 10 yil davomida shaxsiy advokati bo’lgan Maykl Koen yaqinda Kongressda qonunchilar savollariga javob berdi. Tramp jinoiy ishlarga qo’l urganini, qora ishlarini bosti-bosti qilganini bilaman, u firibgar va yolg’onchi, deya ko’rsatma berdi Koen.

Kongressda yangragan ushbu bayonotlar ayrimlarga 1970-yillardagi “Votergeyt” mashmashasini yodga solmoqda. O’shanda Prezident Richard Nikson ishdan ketgan.

Maykl Koen, bir paytlar Donald Trampning qo’lida ishlagan va uning uchun jonimni ham berishga tayyorman degan advokat, Kongress huzurida uni qoraladi.

"Tramp mamlakatni yuksaltirish uchun emas, balki o’z kompaniyasini yanada mashhur qilish uchun Oq uyga harakat qilgan edi. “Asl maqsadi prezident bo’lish emas, o’zini reklama qilib boylik orttirish edi”, - deydi advokat.

Maykl Koen Prezident Trampni jinoiy ishlarga qo’l urganlikda aybladi. Tramp bu iddaolarni rad etib kelmoqda.

Rossiyaning AQShdagi 2016-yilgi prezidentlik sayloviga aralashuvi va Tramp kampaniyasining bu ishga aloqadorligini tekshirish uchun qariyb ikki yil oldin maxsus prokuror Robert Myuller tayinlangan edi. U tergovni yakunlab, Adliya vazirligiga hisobot topshirgan. Undagi asosiy xulosalar yaqin orada Kongressga taqdim etiladi.

Prezident usbu tergovni boshlanganidan beri keskin tanqid qilib keldi.

“Rossiya bilan til biriktirmaganman. Hammasi yolg’on. Tergov bu sharmandalik”, - deydi Tramp.

Ayrimlar Maykl Koenning Kongressda qilgan bayonotlarini 1970-yillardagi “Votergeyt” mashmashasiga qiyoslaydi. O’shanda Oq uy advokati Jon Din Prezident Richard Niksonni qora ishlarda ayblagan.

“Men sizlarga aytayotgan gaplarni boshqalar inkor etadi, haqiqatni aniqlash mushkul ekanini tushunaman. Ammo men o’zim bilgan narsalarni aytayapman, faqat haqiqatni gapiraman”, - degan edi Jon Din qonunchilar oldida.

Demokratik partiyaning bosh idorasiga Niksonning partiyadoshlari zimdan kirgani, prezident bu ishlarni bosti-bosti qilishga harakat qilgani fosh bo’ladi.

Kongress prezidentni ishdan olish jarayonini boshlab yuboradi. Jarayon oxiriga yetmasdan Nikson ishdan ketadi.

“Kurashdan chekinadigan odam emasman. Lavozimni erta tark etish men uchun juda og’ir, lekin prezident sifatida Amerika manfaatlarini oldingi o’ringa qo’yishim kerak”, - degan edi Nikson telekameralar oldida.

Maykl Koen va Jon Din orasida o’xshashliklar bor, deydi tahlilchi Jon Xudak.

“Har ikkisi davlat rahbari qonunni buzdi, deya bayon qilgan. Bu, albatta, Kongress a’zolarini o’ylantiradigan jiddiy ayblov”, - deydi suhbatdosh.

Nikson o’shanda impichmentni kutib o’tirmadi. Trampga qarshi ham impichment jarayoni boshlanadimi, yo’qmi, buni hali bilmaymiz, deydi huquqshunos Syuzan Lou Blok.

“Impichmenga asos bo’ladigan ayblovlar - xiyonat, poraxo’rlik va boshqa jiddiy jinoyatlar. Tergov davom etayotgan bir paytda, adolat yo’lini to’sish ham jiddiy jinoyat”, - deydi mutaxassis.

Niksonning ishdan ketishi, deydi ekspertlar, AQSh demokratik tizimi hatto bosim ostida ham samarali ishlashini ko’rsatgan.

Donald Trampga qarshi hozirda bir qancha tergov ishlari ketmoqda. Tizim yana bir bor sinovdan o’tadi.

“Amerika davlati asoschilari faxrlangan bo’lardi. Chunki bu mamlakatda hokimiyat organlari o’rtasida muvozanat bor, ular reja qilganidek ishlab turibdi”, - deydi Syuzan Blok.

“Votergeyt” AQSh siyosiy tarixida katta burilish yasagan voqea deya eslanadi. Prezident va uning ma’muriyati demokratik tizimni barbod qilishga harakat qilgan, deydi tarixchilar.

Oradan 45 yil o’tib, yana bir prezident tinimsiz tekshiruvlar ostida ekan, o’sha voqealar sadosi quloqqa chalinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG