Yevropa davlatlari harbiy integratsiya tomon qadam tashladi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqiga a'zo 28 davlatdan 23 tasi mudofaa sistemalarini integratsiyalash to'g'risida tarixiy kelishuv imzoladi. Ular xavfsizlik bobida yaqinroq hamkorlik qilishga, mudofaa uchun ko'proq mablag' ajratishga va'da bermoqda.

Hujjat qonunga aylanishi uchun blok yetakchilari dekabrda uni tasqidlashi zarur. Besh davlat qo'shilmayapti - Britaniya, Irlandiya, Daniya, Malta va Portugaliya.

Kuchga kirsa, Yevropa Ittifoqi bundan buyon Qo'shma Shtatlarga tayanmasdan, xalqaro inqirozlarni bartaraf etishda o'zi faolroq rol o'ynay boshlaydi. Qurol-yarog' xarid qilish uchun o'tgan yili 5 milliard yevroga teng maxsus jamg'arma tuzilgan edi.

Kelishuv doirasida hukumatlar harbiy missiyalar uchun askar ajratish, jihozlash, treningdan o'tkazish, infratuzilmalar barpo etish kabi sohalarga kattaroq hissa qo'shish majburiyatini oladi. Mudofaa uchun byudjet ham muntazam ravishda oshib borishi, izlanish va texnologiyalar uchun alohida mablag' ajratilishi ko'zda tutilgan.

Yevropada harbiy integratsiya g'oyasi ilk bor 1950-yillarda ko'tarilgan, ammo Britaniya qarshiligi sabab shu kungacha amalga oshmagan. Britaniya ittifoqni tark etar ekan, Fransiya va Germaniya taklifni yana olg'a sura boshladi. Rossiya 2014-yilda Qrimni bosib olgani bu harakatlarga turtki bergani qayd etiladi.

Yana bir omil - AQShda Donald Tramp saylangani. Uning ta'kidlashicha, ittifoqchilar AQShga ko'p tayanmasdan, mudofaa xarajatlarini oshirishi kerak.

Kelishuv tarafdorlariga ko'ra, yangi pakt NATO tashkiloti bilan raqobat qilmaydi, balki uni to'ldiradi. Yaqin orada NATO bilan hamkorlikda Yevropa qurolli kuchlaridagi nuqsonlari aniqlash va tuzatish tizimi yo'lga qo'yiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG