Breaking News

Mattis Osiyodagi hamkor davlatlarga: Amerika sizni yolg'iz qoldirmaydi


AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattis Yaponiya va Janubiy Koreya mudofaa vazirlari bilan Singapurda uchrashmoqda, 3-iyun, 2017-yil
AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattis Yaponiya va Janubiy Koreya mudofaa vazirlari bilan Singapurda uchrashmoqda, 3-iyun, 2017-yil

AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattis Singapurda o’tgan mintaqaviy xavfsizlik forumida qatnashib, Amerikaning Osiyodagi ittifoqchilarini Qo’shma Shtatlar sizdan yuz o’girmaydi, deya ishontirdi. Shangri-La muloqoti har yili o’tkaziladi.

Mattis forum tanaffuslarida ittifoqchi va hamkor mamlakatlar rasmiylari bilan uchrashdi, Yaponiya, Janubiy Koreya mudofaa vazirlari bilan uch tomonlama muloqot qildi. Yakshanba kuni ertalab esa Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi ASEANga a’zo 10 mamlakat vazirlari bilan ko’rishdi.

Forumdagi nutqida Mattis qonunlarga asoslangan xalqaro tartib haqida so’zlab, har bir mamlakat xalqaro tizimni shakllashda fikrini bildirishi kerak, dedi.

Donald Tramp Oq uyga kelganidan beri Mudofaa vaziri Mattis va Davlat kotibi Reks Tillerson Tinch okeani mintaqasiga bir necha marotaba safar qildi.

“Ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan ishlash strategik manfaatlarga, erkin xalqlar, erkin bozorlar hamda kuchli va jonli iqtisodiy hamkorlikdan iborat umumiy qadriyatlarga asoslanadi”, - dedi Mattis.

Uning aytishicha, Osiyoda tinchlik, farovonlik va erkinlikni saqlash uchun Qo’shma Shtatlar barcha mamlakatlar bilan ishlashga tayyor.

AQSh davlat kotibining Sharqiy Osiyo va Tinch okeani masalalari bo’yicha sobiq yordamchisi Kurt Kempbellning aytishicha, Mattis o’z ma’ruzasi bilan mintaqadagi hamkor davlatlarga ishonch bag’ishladi.

Biroq shu bilan birga, Prezident Trampning ayrim tashabbuslari ittifoqchi mamlakatlarni o’ylantirib qo’ydi.

Masalan, Bryusselga tashrifi chog’ida Tramp NATOga a’zo mamlakatlarni mudofaa uchun yetarlicha mablag’ ajratishga chaqirib, aks holda Qo’shma Shtatlar tahdid yuzaga kelganda ularga yordam qo’lini cho’zmasligini bildirib, masalan, Germaniyani xavotirga soldi. Kansler Angela Merkel “endi o’z kuchimizga ishonishga to’g’ri keladi” degan ma’noda fikr bildirdi.

Shuningdek, Tramp AQSh iqlim o’zgarishiga qarshi choralarni o’z ichiga oluvchi Parij bitimidan chiqishini e’lon qilib, ko’plab davlatlarni sarosimaga soldi. Bungacha esa Amerika rahbari Trans Tinch okeani hamkorlik bitimini ham yo’qqa chiqardi.

Ayrimlar nazarida, Trampning “Avval Amerika” siyosati Vashingtonni global yetakchi rolidan voz kechishga majbur qilayotgan ko’rinadi. Bundan esa, deydi ular, Xitoy unumli foydalanib, iqtisodiy va diplomatik ta’sirini oshirmoqda.

Singapurdagi forumda AQSh Kongressidan ham vakillar qatnashdi, xususan, Senat va Vakillar palatasidan demokrat va respublikachi qonunchilar.

Vakillar palatasida ko’rilayotgan yangi qonun loyihasiga ko’ra Qo’shma Shtatlar Osiyo va Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik, qurol-yarog’, harbiy tayyorgarlik uchun 2,1 milliard dollar ajratmoqchi. Senatda esa senator Jon Makkeyn o’xshash tashabbus bilan chiqqan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG