Tahlilchilar: Yevropa xavfsizlik bobida AQShga tayana olmaydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqini eskirgan tashkilot deya, Yevropadagi ittifoqchilarni norozi qilgan edi. NATO Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan buyon Yevropada xavfsizlik garovi deb ko’riladi.

Ammo qit’aning ayrim rahbarlari fikricha, Yevropa mudofaa bobida ortiq AQShga tayanmasligi kerak.

Germaniya va Belgiya askarlari Litvaga safarbar etilmoqda. NATO Boltiqbo’yi davlatlariga harbiy batalyonlar joylashtirib, chegarani mustahkamlayapti.

Maqsad ular alyans himoyasida ekanini ko’rsatish. Donald Tramp fikricha esa NATOdek tashkilotga bugun hojat yo’q. U Rossiya bilan aloqalarni tiklamoqchi.

Germaniyalik diplomat Vulfgang Ishinger:

“O’tgan yilgi Ukraina, Suriya, Janubiy Xitoy dengizi, Shimoliy Koreya bilan bog’liq mojarolar qatorida endi trans-atlantik hududda ham vahima boshlandi. NATO eskirganmi yoki yo’q? AQSh Yevropa Ittifoqidan uziladimi yoki tomonlar strategik sheriklikni davom ettiradimi?”

Germaniya kansleri Angela Merkel so’zlariga ko’ra, Yevropaning taqdiri endi o’z qo’lida. Ammo AQShdan uzilish qit’a siyosatini tubdan o’zgartirishni taqozo etadi. Tahlilchi Jonatan Eyal:

“Yevropa Ittifoqi doirasida yaqinroq hamkorlik haqida gap ko’p, lekin AQSh harbiy qudrati o’rnini hech narsa bosa olmaydi. NATO xarajatlarining 75 foizini Amerika qoplaydi”.

Germaniya va boshqa mamlakatlar yalpi ichki mahsulotining 2 foizini mudofaa uchun ajratishga va’da bergan. Lekin amalda bunday emas.

“Germaniya hukumati mudofaa xarajatlarini oshiramiz, 2014-yilgi va’dani bajaramiz demoqda. Ammo bu yili saylovlar bor. Harbiy byudjet oshmasligi tayin”, - deydi Eyal.

NATOning yirik a’zolari, jumladan Fransiya, Germaniya, Ispaniya va Italiya 28 a’zolik blok doirasida harbiy va razvedka hamkorligini oshirishni istaydi. Yevropaning tashqi siyosat uchun mas'ul rasmiysi Federika Mogerini:

“Yevropa o’z xavfsizligini o’zi ta’minlashga jiddiy e’tibor bera boshlagan va amaliy qadamlar qo’yilmoqda. Bu haqda Britaniya referendumidan ham, AQSh saylovlaridan oldin ham ta’kidlaganmiz”.

Yevropada yangi bir harbiy alyans tuzilsa, NATOga putur yetadi, deya Britaniya bunday tashabbuslarga qarshi chiqqan. Lekin bu davlat ittifoqdan ketar ekan, NATOdan alohida qo’shin tuzish chaqiriqlari balandroq yangramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG