Breaking News

Prezident Obama: Amerika Yevropaga qarab qoldi


Prezident Obama: Amerika Yevropaga qarab qoldi
Prezident Obama: Amerika Yevropaga qarab qoldi

AQSh prezidenti Barak Obama Yevropa rahbarlarini qarz og’irini imkon qadar tez yengillatishga undadi. Amerika iqtisodiyoti sizga qarab qolgan, dedi u.

Prezident Obama kecha Oq uyda Yevropa Kengashi raisi German fon Rompuy, Yevropa Komissiyasi rahbari Joze Manuel Barrozo, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton bilan uchrashuvda aynan moliyaviy krizisni muhokama qildi.

Sammit ketidan Obama “muhim savdo hamkorimiz Yevropa qiyin ahvolda qolsa, AQShda ish yaratishimiz gumon” dedi.

“Qo’shma Shtatlar bir dunyo mahsulot, xizmatlarni Yevropaga uzatadi. Sizning muvaffaqiyatingiz biz uchun ham zarur”, - deydi prezident.

Uning aytishicha, yevrozonaga siyosiy iroda yetishmayapti. AQShda 2012-yilgi prezident saylovlarida ekonomika bosh rol o'ynashi, Obamaning xalqni tanglikdan himoya qilib, to'qqiz foiz atrofidagi ishsizlikni tugatish-tugata olmasligi ham muhim ekanini unutmaslik lozim.

Ittifoq ma’murlari yevro bilan muomala qiluvchi davlatlarda hukumat xarajatini kamaytirishga va’da bermoqda.

Bundan tashqari, yevrozona vakillari mas’uliyatsiz, qarzga botiradigan qarorlari uchun jazolanadi. Shu paytgacha davlatlar suverenitetni qo’ldan boy beramiz, deb qo’rqib bunga yo’l bermagan edi.

Aniq rejani dekabr oyida taqdim etishlari kutilmoqda. Barrozoning aytishicha, Yevropa rahbarlari qiyinchiliklarni yengib o’tish qarorida qat’iy. Barak Obama ham yordam qo’lini cho’zishini aytdi.

Yevrozonaga a’zo, qarzdan qaddi bukilgan Gretsiya, Irlandiya va Portugaliya xalqaro hamjamiyatdan yordam olmoqda. Navbatda Italiya, Ispaniya kabilar.

Sammit bilan bir paytda Yevropa moliyaviy tanazzulga mukkasidan ketayotgani haqidagi yangi hisobot e’lon qilingan. Unga ko’ra, yevro bilan muomala qiluvchi 17 davlat ekonomikasi kelasi yil bahoriga qadar ham zaiflashishda davom etadi. Buning oldini olish uchun Yevropa Markaziy Banki keskin chora ko’rishi kerak. Mintaqa muammolari endi o’ziga kelayotgan AQShga pand berishi mumkin.

Qo'shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi jahon iqtisodiyotini tebratuvchi strategik hamkorlar sanaladi.

Yillik global mahsulotning 49 foizi ularning hissasiga to'g'ri keladi. Sarmoya, ish o'rinlari jihatidan ular chambarchas bo'g'liq.

Davlat kotibasi Xillari Klinton qatnashgan sammitda arab bahori, Suriyadagi ahvol, Eron yadro dasturi, Ukraina va Belarusda inson huquqlari bilan bo’gliq vaziyat ham muhokama qilindi.

Region davlatlari oldida qilinadigan ishlar ko’p, biroq Amerika va Yevropa Ittifoqi demokratik jarayonlarni qo’llab-quvvatlashga tayyor. Sammit a’zolari Suriya rahbari Bashar al-Assadni xalq isyonini kuch bilan bostirishni bas qilishga undadi.

AQSh va Yevropa yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblanayotgan Eron haqida, muammoni kuch bilan hal etish ehtimoli haqida so’zladi.

Diplomatik choralar ustuvor, lekin islomiy respublika xalqaro talablarni pisand qilmaslikda davom etsa, qo’shimcha jazo choralarini ko’rishga majbur bo’lamiz, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG