Breaking News

Yangi Buyuk O'yinda Xitoy oldinda, deydi Yevropa olimlari


Yangi Buyuk O'yinda Xitoy oldinda, deydi Yevropa olimlari
Yangi Buyuk O'yinda Xitoy oldinda, deydi Yevropa olimlari

Tashqi aloqalar bo’yicha Yevropa Kengashi, xalqaro ilmiy markaz, nazarida, Markaziy Osiyo ustida Buyuk O’yin davom etmoqda. Nafaqat davom etayapti, balki yangi bosqichga kirgan, deyiladi yaqinda chop etilgan tahlilnomada.

Jerom Doyon (Jérôme Doyon), kengashning yetakchi mutaxassislaridan biri, fransuz olimini suhbatga tortdik.

2010 yilgacha Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning eng yirik savdo hamkori edi.

Lekin o’tgan yili ittifoq mintaqa bilan 21 milliard yevro, AQSh dollarida 29 milliardga teng biznes qilgan bo’lsa, Xitoyniki 23 milliard yevro, ya’ni 32 milliard dollardan oshgan.

Yangi Buyuk O'yinda Xitoy oldinda, deydi Yevropa olimlari
Yangi Buyuk O'yinda Xitoy oldinda, deydi Yevropa olimlari

Yevropa region bilan tijoratga kelganda hamon Rossiya va Amerikadan oldinda. Eng ko’p hissa, ya’ni biznesning 88 foizi Qozog’istonda, neft importida.

Shu bois, deyiladi Yevropa Kengashi maqolasida, blok va Xitoy uchun boshqa davlatlar mayda sheriklar.

Amerika va Markaziy Osiyo aloqalarida ham shunday. Siyosiy hamkorlik bor, lekin iqtisodga kelganda, regiondagi besh respublika orasida asosan Qozog’iston qora oltiniga sarmoya qilingan.

Tashqi aloqalar bo'yicha Yevropa Kengashi - xalqaro tahlil markazi. Yaqinda chop etilgan katta maqola "Markaziy Osiyoda Yangi Buyuk O'yin" deb nomlanadi.
Tashqi aloqalar bo'yicha Yevropa Kengashi - xalqaro tahlil markazi. Yaqinda chop etilgan katta maqola "Markaziy Osiyoda Yangi Buyuk O'yin" deb nomlanadi.

Tahlilchilar Buyuk O’yin haqida qancha ko’p gapirsa, Yevropa Ittifoqi, Amerika va Xitoy diplomatlari buni shuncha ko’p inkor etadi.

Nima uchun?

"Yangi Buyuk O’yinda uch yirik tomon bor: Rossiya, Xitoy va Amerika. Lekin davlatlar buni rad etib, o’zlarini Markaziy Osiyo respublikalarining sherigi, do’sti sifatida ko’rsatishga harakat qiladi",- deya javob beradi Jerom Doyon.

"Ular mintaqani egallash ishtiyoqida emasligini, maqsad siyosiy-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish ekanini aytadi".

Davlatlarni ko’proq ta’sir kuchiga ega bo’lishga harakat qilayotgani uchun ayblash adolatdanmi? Ko’plab siyosatshunoslar nazarida bu tanqid o’rinsiz. Davlat borki, dunyoning qayerida bo’lmasin, nufuz va qudrat izlaydi, imkoniyatini ishga solib, foyda ko’rishni xohlaydi.

Amerika Afg'onistonni tark etsa, deydi Yevropa olimlari, Rossiya va Xitoy ancha yengil tortadi
Amerika Afg'onistonni tark etsa, deydi Yevropa olimlari, Rossiya va Xitoy ancha yengil tortadi

Jerom Doyon nazarida Rossiya mintaqada hamon eng katta siyosiy kuchga ega.

"Markaziy Osiyo tarixiy va madaniy omillar sabab hamon Rossiya uchun ulkan ta’sir maydoni. Iqtisodiy jihatdan ham muhim rol o’ynab kelmoqda. Amerika esa qo’shni Afg’onistonda minglab harbiyga ega. Qirg’izistonda havo bazasi bor. Lekin Xitoy kun sayin kuchga to’lib borayotgan davlat. 2008 yilda Markaziy Osiyo bilan savdo bobida Rossiyadan o’zib ketdi. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti orqali mintaqa rahbarlari bilan yaqindan ishlashga bel bog’lagan",- deydi olim.

Yana boshqa o’yinchilar ham bor: Hindiston, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi. Ular ham strategik hamkorlik yo’lida harakat qilayotganini, ayniqsa Yevropa mintaqaga energetika manbai sifatida qarab, yangi quvurlar ustida ishlayotganini bildiradi. Lekin amalda nima ishlar qilinmoqda? Yevropa Ittifoqi regionda nima bilan band?

Amerika-Markaziy Osiyo hamkorligi ko'proq Afg'onistonga bog'liq, Yevropa esa savdo va tijoratni davom ettirmoqda, ammo bu borada Xitoydan orqada.
Amerika-Markaziy Osiyo hamkorligi ko'proq Afg'onistonga bog'liq, Yevropa esa savdo va tijoratni davom ettirmoqda, ammo bu borada Xitoydan orqada.

"Asosan muzokaralar… 2010 yilda Qozog’istonning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilganida aloqalar yangi bosqichga kirdi deb ko’rsatishga urinishdi. Lekin amaliy jihatdan biror katta ish qilinmadi. Yevropa Ittifoqi a’zolari regionga nisbatan yakdil bir fikrda emas. Shu bois davlatlar alohida o’zlari bu respublikalar bilan ishlashga tushgan",- deydi Jerom Doyon.

Amerika ham so’nggi yillarda shu yo’ldan ketmoqda, ikki tomonlama muloqotni oshirish va kelishish. Hammani bir dasturxon atrofiga to’plab, konkret qadam tashlash qiyin.

Markaziy Osiyo davlatlari, deydi Jerom Doyon, tashqi kuchlarga nisbatan bir yondashuvga ega emas, o’zaro tarqoq.

Shu sabab qo’shnilar bir-biridan xavfsirab, gumonsirab yashaydi. Kim qaysi davlat bilan nima bitim imzoladi-yu, zimdan nima qilmoqda? Bu ham dunyo siyosatida tabiiy bir hol.

Manfaat uchun kurash yoningda, burningning tagida nima bo’layotganini kuzatib turishdan boshlanadi.

Rossiya regionda hamon katta siyosiy kuchga ega
Rossiya regionda hamon katta siyosiy kuchga ega

Markaziy Osiyo bo’ylab xalqaro tashkilotlarga nisbatan ishonch pasayib ketgan. Bunday xafsalasizlikka boshqa mintaqalarda ham guvohmiz, deydi tahlilchilar.

Tashkilotlar yirik davlatlarning qo’lida o’yinchoq degan qarash keng tarqalgan.

Xitoy Shanxay Hamkorlik Tashkilotidan Markaziy Osiyoda o’z qudratini oshirish uchun foydalanayotgani sir emas, deydi Jerom Doyon. Rossiya ham undan qo’llanishga urinadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xavfsizlikni ta’minlovchi blokka aylanmoqchi deya vahima solishgan edi, lekin o’tgan yili Qirg’izistondagi etnik inqirozga aralashmadi. Xitoy boshqa davlatlarning ichki ishiga aralashmaslik kerak deb keladi. Jerom Doyon fikricha o’tgan yili Qirg’iziston misolida bu isbotlandi.

Markaziy Osiyo Rossiyaning siyosiy, Xitoyning iqtisodiy ta'siri ostida qolaveradi, deydi olimlar
Markaziy Osiyo Rossiyaning siyosiy, Xitoyning iqtisodiy ta'siri ostida qolaveradi, deydi olimlar

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining asosiy tizgini Xitoy qo’lida, lekin Rossiya ham u orqali o’z siyosatini olg’a surishga harakat qiladi. 2008 yilda Gruziya bilan urushganida, a’zo davlatlardan uni quvvatlashni so’radi. Yo’q, degan javob oldi. Chunki, deydi tahlilchilar, Xitoy buni yoqlamadi.

Lekin, deydi Jerom Doyon, rasmiy Pekin Markaziy Osiyoda undan xavfsirash ham kuchli ekanini biladi. Siyosiy ta’sir jihatdan Rossiya bilan hali-beri tenglasha olmaydi.

“Shunga qaramay, Buyuk O’yinda hozir Xitoy oldinda ketmoqda, chunki eng ko’p sarmoya uniki”,- deydi janob Doyon.

Olim nazarida yaqin kelajakda bu hol o’zgarmaydi. Amerika Afg’onistondan chiqib ketsa, Rossiya va Xitoy ancha yengil tortadi, ammo o’zaro raqobat kuchayishi mumkin.

Markaziy Osiyo Rossiyaning siyosiy, Xitoyning iqtisodiy ta’siri ostida yashayveradi, deydi Jerom Doyon. Har ikkalasi regionga yordam berishga tayyor ekanini qayd etadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti - Xitoy uchun siyosiy-iqtisodiy vosita
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti - Xitoy uchun siyosiy-iqtisodiy vosita

Oddiy xalq uchun eng muhimi turmushning osonlashishi. Yordam kimdan nimaga kelayotganiga qarab, baho berishaveradi, deydi fransuz tadqiqotchi.

Bozorlar allaqachon Xitoy mahsulotlari bilan to’la. Lekin Xitoy iqtisodiy qudrati bilangina region ahli ko’ngliga yo’l topa olmasligini tushunadi, deydi u.

G’arbda, xususan Amerikada Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat haqida gap ketganida, mintaqa hamisha Rossiya va Xitoy orasidagi raqobat maydoni bo’lib qolishi tilga olinadi.

Amerikaga ular bilan tenglashishga urinish ma’qul siyosat emas, aksincha, ular taklif qilmaydigan imkoniyatlar va ular olg’a surmaydigan qadriyatlar haqida o’ylash, o’zgacha hamkorlik taklif qilish maslahat beriladi.

Xitoy va Rossiyaning bosimidan to’yganida Markaziy Osiyo davlatlarining rahbarlari va jamoatchilik malham izlab baribir G’arbga ko’z tikadi, degan qarashlar ham mavjud.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG