Breaking News

AQSh va Yevropa Ittifoqi: Markaziy Osiyoda manfaatlar o'zgarmaydi


AQSh, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo/US, EU and Central Asia
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:48 0:00

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo/US, EU and Central Asia

AQSh va NATO kuchlari Afg’onistonni 2014-yil oxirigacha tark etishi kutilar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari G’arbning regionga qiziqishi susayishidan xavotirda. Biroq AQSh va Yevropa Ittifoqi rasmiylari bunday bo’lmaydi, deya ishontirishga harakat qilmoqda.

Tahlilchilar nazarida G’arbning Markaziy Osiyodagi manfaatlari xavfsizlik masalasi bilan cheklanadi va mintaqa afg’on urushini olib borish uchun juda muhim. Urush poyoniga yetib, xorijiy qo’shinlarni Afg’onistondan chiqarish jadvali belgilangach, Markaziy Osiyo mamlakatlariga ehtiyoj va shu bilan birga qiziqish so’nib boradi, deydi ekspertlar.

AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovinining yordamchisi Linn Treysining (Lynne Tracy) aytishicha, bunday xulosa haqiqatdan yiroq.

Vashingtonda o’tgan bir tadbirda AQSh va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo siyosatiga mas’ul rasmiylari shu mavzuda so’zladi.

"AQShning Afg’onistondagi harbiy kampaniyasi nihoyasiga yetmoqda, ammo diplomatik va strategik jihatdan hali ham faolmiz", - dedi Linn Treysi.

Uning aytishicha, AQShning Markaziy Osiyodagi manfaatlari afg’on urushidan ham oldin bo’lgan, undan keyin ham qoladi. Afg’oniston xavfsizligi nafaqat AQSh, balki mintaqa uchun ham muhim, dedi diplomat.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Patritsiya Florning (Patricia Flor) aytishicha, regionning ittifoq uchun ahamiyati katta.

"Yevropa Markaziy Osiyo davlatlarini “qo’shnilarining qo’shnisi” deb biladi. Regionga Amerikadan ko’ra yaqinroqmiz. Bu doim shundayligicha qoladi, demak mintaqaga qiziqish ham o’zgarmaydi", - dedi Patritsiya Flor.

Yevropa Ittifoqi vakilining aytishicha, bunday yaqinlik Markaziy Osiyo bilan savdoni osonlashtirish bilan birga mintaqadan kelayotgan tahdidlarning qo’shni davlatlar orqali qit’aga kirishiga ham imkon yaratadi.

"AQSh qo’shinlarini Afg’onistondan olib chiqsa ham, bizning maqsadlarimiz o’zgarmaydi", - dedi Flor.

Yevropa Ittifoqi 2007-yilda Markaziy Osiyo strategiyasini qabul qilib, o’shandan beri har bir mamlakat bilan turli yo’nalishlarda hamkorlik qiladi. Region tinch va farovon bo’lsa, Yevropaga ham tahdid solmaydi, dedi ittifoq diplomati.

"Markaziy Osiyoda davomiy barqarorlik hukm surishi uchun qonun ustuvorligi, inson huquqlari, siyosiy faollik, ozchilikdagi guruhlar huquqlari, iqtisodiy taraqqiyot, mintaqaviy hamkorlikni ta’minlash lozim va bizning strategiyamiz mana shularning barchasini qoplaydi", - dedi Patritsiya Flor.

So’nggi bir necha yilda Yevropa Ittifoqi mintaqada elchixonalarini ochdi. Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan yillik umumiy majlis yo’lga qo’yildi. Xavfsizlik bobida ham yuqori darajada muloqot rejalanmoqda.

Yevropa Ittifoqi maxsus vakiliga ko’ra, xavfsizlik masalalari Afg’oniston, qoradori savdosi, chegara xavfsizligi, terrorizmga qarshi kurashni o’z ichiga oladi.

"Markaziy Osiyo bizga Osiyo, Janubiy Osiyoga chiqish uchun ko’prik. Hudud Yevropani tabiiy boyliklari, yonilg’isi bilan o’ziga tortadi", - dedi Flor.

Uning aytishicha, ittifoq region davlatlari bilan yana uch yo’nalish bo’yicha hamkorlik qilmoqchi. Ta’lim, suv va atrof-muhit hamda qonun ustuvorligi.

AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo mavzusi bilan shug’ullanuvchi Linn Treysining aytishicha, Qo’shma Shtatlar ko’p masalalarda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qiladi.

AQSh diplomatiga ko’ra, Afg’onistonga yuk yetkazishda tranzit vazifasini bajarayotgan Shimoliy ta’minot tizimi o’zaro kelishmovchiliklarni chetga surib, umumiy manfaat yo’lida hamkorlikda ishlash mumkinligini namoyish etdi.

Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlarini bir-biriga bog’lash, mintaqaviy integratsiyani kuchaytirishga yordam beradi. Har yili hududdagi har bir mamlakat bilan konsultatsion uchrashuvlar o’tkazamiz, dedi Linn Treysi.

"Bizni inson huquqlarini poymol etayotgan davlatlar bilan hamkorlik qilayotganimiz uchun ko’p tanqid qilishadi, ammo sobiq davlat kotibi Xillari Klinton ta’biri bilan aytganda, aloqalarni ushlab turmasak, siyosatga ta’sir o’tkaza olmaymiz", - dedi AQSh Davlat departamenti rasmiysi.

Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar 2014-yildan keyin ham Markaziy Osiyo bilan ishlashda davom etadi.



  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG